Yaponiyaga o‘qish uchun qanday ketish mumkin?

Yapon universiteti bitiruvchisi Nargiza To‘raxonovaning hikoyasi

Xorijiy taʼlim — bu inson hayotidagi noyob tajriba va muvaffaqiyatli karyera qurish imkoniyati. «Gazeta.uz»ning yangi «Xorijiy diplom» loyihasi doirasida biz talabalardan universitet tanlash va grantlarni qo‘lga kiritish hamda xalqaro taʼlim tizimi haqida so‘raymiz. Birinchi mehmon — Yaponiya universiteti bitiruvchisi Nargiza To‘raxonova.
Xorijiy taʼlim — bu inson hayotidagi noyob tajriba va muvaffaqiyatli karyera qurish imkoniyati. «Gazeta.uz»ning yangi «Xorijiy diplom» loyihasi doirasida biz talabalardan universitet tanlash va grantlarni qo‘lga kiritish hamda xalqaro taʼlim tizimi haqida so‘raymiz. Birinchi mehmon — Yaponiya universiteti bitiruvchisi Nargiza To‘raxonova.
Xorijiy diplom
«Xorijiy diplom» — bu dunyoning turli mamlakatlariga o‘qishga ketgan o‘zbekistonlik talabalarning hikoyalaridan iborat loyihadir. Ular universitet va grantlar topish, imtihonlarga tayyorgarlik ko‘rish, hujjatlar topshirish, xorijda o‘qish va yashashning o‘ziga xos xususiyatlari, shuningdek, xorijdagi taʼlimning ularning hayotiga taʼsiri haqida so‘zlab berishadi.

Loyihaning ilk mehmoni — Yaponiyaning Kyusyu orolidagi Beppu shahridagi Osiyo-Tinch okeani Ritsumeykan universiteti (APU) bitiruvchisi Nargiza To‘raxonova.

Universitet tanlash va o‘qishga kirish haqida


Xorij universitetiga kirishga Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti (TDSHU) qoshidagi akademik litseyda o‘qib, IELTS imtihoniga tayyorgarlik ko‘rib yurgan vaqtlarimda birdan qaror qildim. Men o‘zimizdagi xalqaro universitetlarga, masalan, Vestminsterga kirishimga ishonchim komil edi. Ammo uchinchi kursda APU vakillari o‘z universiteti haqida taqdimot qilish uchun uchib kelishdi.

Yaponiyaga o‘qishga borish taklifi bizda darhol qiziqish uyg‘otdi, ammo bu iloji yo‘q narsadek tuyulardi, chunki kontrakt narxi juda katta edi — chipta va turar joy narxini hisobga olmaganda 14 ming dollar.

APU‘da narxning bunday ekanligiga sabab — bu xususiy universitet bo‘lib, besh mingdan ko‘proq talaba o‘qir edi, ularning yarmi 90 ta mamlakat va mintaqalardan kelgan xorijliklardir. Universitetda 50-50 tizimi mavjud. Bu tizim teng miqdordagi mahalliy va chet ellik talabalarni qabul qilishni nazarda tutadi. Pedagoglar tarkibida chet el fuqarolari ham bor, o‘qitish yapon va ingliz tillarida parallel ravishda olib boriladi.
APU taqdimotchilari bizga universitetda iqtidorli talabalar uchun taʼlim chegirmalari mavjudligini aytishdi. Do‘stim bilan o‘z kuchimizni sinab ko‘rishga qaror qildik va 2018 yil fevral oyida «Xalqaro munosabatlar va dunyoni o‘rganish yo‘nalishi»ga (davlat universitetlarida asosiy qabul oktyabr-noyabr yoki mart-aprel oylarida) hujjat topshirdik. Hujjatlar to‘plamini yig‘ish uchun bir oy vaqt ketdi.
Qabul uchun hujjatlar to‘plami
1
Chet tilini bilish bo‘yicha sertifikat
O‘sha paytda IELTS bo‘yicha 5,5 ball talab qilinar edi.
2
Shahodatnoma yoki taʼlim muassasini tugatganlik to‘g‘risida attestat
11-sinfni tugatganlik to‘g‘risida attestat yoki kollej diplomi.
3
Tavsiyanoma
Tavsiyani o‘qituvchi yozgani ko‘proq maʼqul, lekin siz taʼlim muassasasi rahbariyatiga ham murojaat qilishingiz mumkin.
4
Motivatsion xat
Kelajakdagi maqsadlaringiz va ushbu universitetni tanlash sabablari haqida yozish kerak bo‘ladi.
5
Akademik esse
Buning ichiga to‘rtta insho kiradi. Universitet mavzularni oldindan taqdim etadi.
Shuningdek, biz litsey hayotida ham faol qatnasha boshladik, turli tadbirlar tashkillashtirardik. Agar siz grant yutib olmoqchi yoki stipendiya dasturiga kirmoqchi bo‘lsangiz, unda faqatgina baholarning o‘zi yetarli emas, siz darsdan tashqari mashg‘ulotlarda ham o‘z muvaffaqiyatingizni namoyish etishingiz kerak.

Bu olimpiadalarda g‘olib bo‘lganlik haqidagi sertifikatlar, sport musobaqalaridagi sovrinlar, to‘garaklar va seksiyalarda qatnashish, Yoshlar ittifoqiga aʼzolik yoki o‘z loyihangizni yuritish bo‘lishi mumkin. Biz o‘quv markaziga ko‘ngilli sifatida yozilib, bir oy davomida bolalarni o‘qitishga yordam berdik.
реклама
реклама
Mart oyida nomzodlarni ko‘rib chiqishganidan so‘ng, biz bilan bog‘lanishdi va suhbat vaqti belgilandi. Yaponiyada aksariyat savollar yozma insho asosida beriladi. Baʼzi javoblar sizning shaxsingizni to‘liq ochib bermagan bo‘lishi mumkin va ular siz haqingizda ko‘proq bilishni xohlashadi. Shuning uchun, matnda yozilganlardan yiroqlashgan holda, komissiya sizni kelajakdagi talaba sifatida tasavvur qila olishiga imkon beradigan batafsil hikoyani oldindan o‘ylab ko‘ygan maʼqul.

Men talaba bo‘lishimga ishonchim komil edi. Baholarim yaxshi ekanligi, IELTS bo‘yicha yuqori ball olganim va yapon tili asoslarini bilishim katta afzallik edi. Natijalar may oyida eʼlon qilindi. Mening pochtamga tabrik maktubi keldi. Grant dasturiga qabul qilinganim men uchun yoqimli «shok» bo‘ldi. Universitet o‘qish uchun 15% dan 100% gacha chegirma taklif qiladi. Va agar men 65% dan yuqori chegirmaga ega bo‘lsam, kontraktni ko‘tara olaman va u yerga o‘qishga uchsam bo‘ladi deb o‘yladim. Oxir-oqibat, mening kontraktim atigi 5000 dollarni tashkil etdi.
Beppu chekkasidagi manzara. Foto Nargiza To‘raxonovaning shaxsiy arxividan.

Yapon taʼlim tizimi haqida


Birinchi yil har doim eng harajatlisi hisoblanadi. O‘qish, turar joy va sug‘urta uchun to‘lashga taxminan 11 000 dollar ketdi. Ota-onam to o‘qishga kirgunimcha qo‘llab-quvvatlashdi, ular saʼy-harakatlarimni ko‘rib, pulning bir qismini to‘lashga rozi bo‘lishdi. Yoz bo‘yi repetitor bo‘lib ishladim va biroz pul yig‘dim, 12-sentabr kuni esa Yaponiyaga uchib ketdim.

Mening universitetimda o‘qish oktyabr oyida boshlanadi, lekin birinchi kurs talabalari ertaroq kelishlari kerak. Aeroportda bizni avtobus kutib oldi va kampuslarga olib bordi, u yerda esa masʼullar turar joy borasida yordam berishdi.
Ko‘pgina Yaponiya universitetlarida birinchi yilda barcha talabalarni mahalliylar bilan bir yotoqxonaga joylashtirishadi. Bu yapon turmush tarziga yaxshiroq moslashish va o‘rganish uchun zarurdir. Bundan tashqari, universitetda ko‘plab xalqaro talabalar bor, bu esa «culture shock» holatiga tushib qolmaslikka yordam beradi.

Men dugonam bilan birga uchdim, shuning uchun men bunga juda oson ko‘nikdim. Men bitta yotoqli xonada yashadim, universitet chet ellik talabalarga shunday imkoniyat berdi. Bir yarim yil o‘tgach, biz ko‘chib o‘tdik va shaharga yaqinroq kvartirani ijaraga oldik. Ijara haqini birgalikda to‘lash yotoqxona uchun to‘lovga qaraganda ancha arzon. Yotoqxonadagi joy narxi barcha talabalar uchun bir xil. Bu hatto xonadagi joylar soniga ham bog‘liq emas.
Beppu shahri. Surat Nargiza To‘raxonovaning shaxsiy arxividan olindi.
Yagona qiyinchilik kerakli mahsulotlarni topish va mustaqil ovqat pishirish edi, chunki men tayyor uy ovqatlariga o‘rganib qolgan edim. Biz u yerda tahsil olgan yurtdoshlarimizga murojaat qildik. Ular oziq-ovqat do‘konlarini ko‘rsatishdi. Keyinchalik har hafta oziq-ovqat uchun shaharga bora boshladik. Talabalar uchun juda qimmatlik qilgani uchun tayyor ovqat sotib olmasdik. Qolaversa, mahsulotlarning halolligiga ishonchimiz komil emas edi.
реклама
реклама
Joylashib olganimizdan so‘ng bizga taʼlim tizimi tushuntirildi. Yaponiyada bir akademik semestr har biri yetti haftadan iborat ikki chorakka bo‘linadi. Ko‘pchilik darslar choraklik tizimda o‘tkaziladi.

Birinchi kursning birinchi semestrida talabalarning ish jadvali rahbariyat tomonidan tuziladi. Ammo, agar talaba yapon tilini yaxshi bilsa, talaba o‘z jadvalini o‘zi tuzishi mumkin. Ikkinchi semestrdan boshlab bunday o‘qitish usuli barcha talabalar uchun amal qiladi.

Har kimga nafaqat fanlarni, balki o‘qituvchilarni ham tanlash huquqi beriladi. O‘quv rejasi va har bir professor haqida maʼlumotni universitet veb-saytidan topish mumkin. Men xorijlik o‘qituvchilar darslariga borishga harakat qildim, chunki ularning dars berish usullari va baholash tizimi bilan tanishishga qiziqdim. Darslar ko‘pincha interfaol shaklda o‘tkazildi, bu esa o‘quvchilarning jarayonda ishtirok etishi va bir-biri bilan muloqot qilishiga imkon berdi.

Har bir fan bo‘yicha o‘rinlar maʼlum miqdorda bo‘ladi va ro‘yxatga olish o‘qish boshlanishidan bir hafta oldin ochiladi. Undan oldin hamma baholarga qarab toifalarga bo‘linadi. Eng yuqori toifadagi talabalar birinchi navbatda fanlarni tanlash huquqiga ega. Toifa qanchalik past darajali bo‘lsa, kerakli kursni tanlash shunchalik qiyin bo‘ladi.
Barcha fanlar 100 dan 300 gacha ko‘rsatkichlardagi qiyinlik darajalariga bo‘lingan. Siz ularni faqat kerakli miqdordagi kreditlarni to‘plash orqali tanlashingiz mumkin. Har bir fan bo‘yicha kreditlar (kredit ballari talabaga o‘qish tartibi bo‘yicha ijobiy baholar uchun beriladi – tahr.). O‘rtacha umumiy fanlar ikki balldan, til fanlari esa to‘rt balldan beradi.
O‘qishning butun davri uchun talaba maʼruzalar, seminarlarda qatnashish va imtihonlarni topshirish uchun belgilangan 124 dan 150 gacha kredit ball to‘plashi kerak. Shuning uchun, rejalashtirayotganda har bir yo‘nalishni tanlashdan oldin to‘planishi kerak bo‘lgan kreditlarni hisoblab chiqish lozim. Siz bir xil fanni ikki marta tanlay olmaysiz.
Bakalavriatda o‘qish to‘rt yil davom etadi, ammo siz maxsus dasturga ariza topshirishingiz va uch yil ichida barcha kreditlarni yopishingiz mumkin. Dastlabki ikki yil davomida talabalar umumiy ilmiy fanlarni o‘rganadilar va maxsus fanlar bo‘yicha maʼruzalarda qatnashadilar. Keyingi ikki yil butunlay kasbiy tayyorgarlikka bag‘ishlangan. Universitetda asosiy ikki tildan tashqari yana oltita tilni o‘rganish taklif qilindi. Men o‘zim uchun ispan tilini tanladim.
Beppu shahri. Surat Nargiza To‘raxonovaning shaxsiy arxividan olindi.

Kelajakni erkin tanlash haqida

Tanlov erkinligi — bu eʼtimol, O‘zbekiston universitetlarida yetishmayotgan jihatlardan biri. Universitetga voyaga yetgan, puxta o‘ylangan qarorlar qabul qila olishi lozim bo‘lgan insonlar o‘qishga kiradi. Biroq bizning tizimimiz bunday imkoniyatni taqdim etmaydi. Talabalar qatʼiy qoidalar bo‘yicha o‘qishlari va belgilangan meʼyorlarga rioya qilishlari kerak. Menimcha, cheklovlar olib tashlansa, o‘zlariga tanlash imkoniyati berilsa, taʼlim oluvchilar o‘z kelajagiga jiddiyroq yondashadi va ularga berilgan vaqtning qadriga yetishadi.
Universitet «O‘z dunyoyingni yarat» shiori ostida bizga o‘zimizni va fikrimizni ifodalash erkinligini berdi. Ayniqsa, birinchi kursda mashg‘ulotlar guruhlarga bo‘linib, jamoada ishlash, har kimning fikrini tinglash qobiliyatini talab qilar edi. Yaponlar ancha konservativ va tizimli, shuning uchun bu yerda guruh ishi va jamoaviy fikrlash juda qadrlanadi.
Universitetda ijtimoiy hayot juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan, rahbariyat talabalarning har qanday tashabbusini qo‘llab-quvvatlaydi. APU‘da sport, akademik tadqiqotlar, sanʼat va ijtimoiy sohalarni qamrab olgan 100 dan ortiq talabalar tashkilotlari mavjud. Shuningdek, muntazam ravishda mamlakat madaniyati haftaliklari o‘tkazib kelinmoqda, bu esa talabalarga dunyoning turli burchaklaridagi xalqlar turmush tarzi haqida ko‘proq maʼlumot olishga yordam beradi.

Yozgi taʼtilda xalqaro maktablar bilan hamkorlikda talabalar uchun sayohatlar tashkil etiladi. Yaponiya uzoq vaqtdan beri yopiq mamlakat bo‘lib kelgan, shuning uchun hozirda sayohat elementlari bo‘lgan ko‘plab taʼlim dasturlari mavjud. Ularning sharofati bilan Yaponiyaning bir qancha shaharlariga, jumladan Tokioga ham borishga muvaffaq bo‘ldim. Bundan tashqari, universitetlar rahbariyati Yaponiyaning yirik kompaniyalari bilan hamkorlik qiladi va o‘z talabalarini u yerga amaliyot o‘tash uchun yuboradi.
Jamoaviy ish. Surat Nargiza To‘raxonovaning shaxsiy arxividan olindi.
Birinchi kursligimizda oyiga 480 dollar stipendiya olardik. Birinchi kursdan so‘ng biz universitet rahbariyati tomonidan har oy eʼlon qilinadigan turli stipendiya dasturlariga ariza topshirdik. Ushbu stipendiyalar ko‘pincha xorijiy mutaxassislarni jalb qilishdan manfaatdor bo‘lgan yapon kompaniyalari tomonidan taqdim etiladi. Ular (ko‘pincha uchinchi dunyo davlatlaridan kelgan va keyinchalik Yaponiyada qolish istagida bo‘lgan) talabalarni moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlaydi va shu bilan o‘zlari uchun malakali ishchi kuchini yaratadilar.
реклама
реклама
Yaponiyada talabalarga haftasiga 28 soat ishlashga ruxsat berilgan. Birinchi yili biz restoranda yarim kunlik tartibda ishladik, chunki biz hali yapon tilini yaxshi bilmasdik. O‘qishning ikkinchi yilidan boshlab yirik yapon kompaniyalari xodimlariga ingliz tilini yaxshilashga yordam beradigan dasturda qatnashdik. Dars berish — pul ishlash uchun ajoyib imkoniyatdir, chunki yaponlar ko‘p hollarda ingliz tilini bilishmaydi.

Universitetimizga yuborilgan ishchilarni tayyorladik, ularning tajribasini o‘zimiz ham o‘zlashtirdik. Yangi odamlar bilan muloqot mening dunyoqarashimni tubdan o‘zgartirdi va ko‘p jihatdan menga o‘z kasbimni topishimga yordam berdi. O‘qishni tugatgandan so‘ng, bitiruvchilar bir yillik ish bilan taʼminlanadi. Hozir men rekruting bilan shug‘ullanadigan kompaniyada ishlayman. Dekabr oyida men AQSHga ko‘chib o‘tishni hamda marketing va inson resurslarini boshqarish (HR) bo‘yicha magistr darajasini olishni rejalashtirmoqdaman.
Surat Nargiza To‘raxonovaning shaxsiy arxividan olindi.
Chet elda o‘qishni rejalashtirayotgan har bir kishiga shuni aytmoqchimanki, u albatta bunga arziydi. Ha, bu yerda o‘quv tizimi boshqacha, unga ko‘nikish qiyin, lekin oxirida siz bebaho tajriba, shaxsiy o‘sish va ko‘plab tanishlarga ega bo‘lasiz.

Harakat qilish, urinib ko‘rish, barcha eshiklarga o‘zingizni urib ko‘rishingiz kerak, shunda siz muvaffaqiyat kalitini albatta topasiz. Endi buning uchun hamma imkoniyat bor. Chet elda o‘qish qimmat ekanligi katta afsona. Agar xohish bo‘lsa bas, imkoniyatlar har doim topiladi.
Matnni Farzona Hamidova tayyorladi.
Illyustratsiya: Eldos Fozilbekov / «Gazeta.uz».
Fotosuratlar Nargiza To‘raxonovaning shaxsiy arxividan olindi.

Matn va barcha grafik materiallarga bo‘lgan huquqlar «Gazeta.uz» nashriga tegishli. «Gazeta.uz» internet-nashrida eʼlon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan quyidagi havolada tanishishingiz mumkin.

Siz biror qiziqarli voqeani bilasiz va uni butun dunyo bilan baham ko‘rmoqchimiz? Unday bo‘lsa, hikoyalaringizni photo@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting