«Gazeta.uz» o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 33 yilligi munosabati bilan oktabrni — «O‘zbek tili oyligi» deb e’lon qildi. Mazkur oylik davomida tahririyat jamoasi har kuni o‘tgan vaqt ichida turli nashrlarda chop etilgan, dolzarbligini hanuz yo‘qotmagan maqola, nutq, fiqralarni qayta berib boradi. Navbatdagi maqolada Ravshan Bobomuhamedov va Dilshod Isroilovlar Tohir Malik bilan o‘zbek tilidagi muammolar haqida suhbatlashishgan.

O‘zbekistonda jamiyatlar ko‘p, hatto itni sevuvchilar jamiyati bor. Lekin negadir o‘zbek tili ko‘ngilli jamiyati yo‘q

Ertaga Davlat tili haqidagi qonun qabul qilinganiga bir yil bo‘ladi. Shu davr ichida qonunning ko‘pgina moddalari amalga oshirildi, ko‘chalar, dahalar nomi o‘zbek tilida yozildi, mavzelarning tarixiy nomlari tiklandi. Lekin asosiy ishlar hali oldinda.

O‘zbek tiliga davlat maqomi berilganiga bir yil to‘lishi munosabati bilan O‘zbekiston SSRning Davlat tili to‘g‘risidagi qonunini amalga oshirish komissiyasining a’zosi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi boshqaruvining kotibi Tohir Malik bilan suhbatlashdik.

— Tohir aka, mana, til haqidagi qonun qabul qilinganiga ham bir yil to‘ldi. Fikringizcha, bir yil mobaynida qanday o‘zgarishlar bo‘ldi?

— Bizda qiziq odat bor. Bu — qonun chiqdimi, uni amalga oshiradiganlar bor, deb o‘zimizni chetga olish odati. O‘zbek tili Davlat tili martabasiga (menimcha, maqom emas, martaba deyish to‘g‘riroq bo‘ladi) erishishi yo‘lida talaba, ziyoli va olimlarimiz g‘ayrat va shijoat bilan mehnat qilishdi. Qonun qabul qilingach esa bu shijoat susayib qoldi. Ya’ni tilimizga Davlat tili martabasi berilganidan so‘ng biz xursand bo‘lib xotirjamlikka berildik, tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalarga nomlarni istagancha yozdirish, ko‘cha nomlarini o‘zbekchalashtirish bilan ko‘p narsaga erishib bo‘lmaydi. Bu zarralar, xolos. Ona tilimizni asl holiga keltirish uchun hali juda ko‘p mehnat qilish kerak. To‘g‘ri, komissiyalar, komitetlar tuzilib, mablag‘ ajratildi. Biroq hamma joyda ham ish bir xilda olib borilmayapti. Ba’zi joylarda jonkuyar kishilar harakati bilan faollik va serg‘ayratlilik bo‘lsa, ba’zilarida esa til to‘g‘risidagi Qonunning amalga oshishiga e’tiborsizlik bilan qaralyapti. Matbuot organlarimiz so‘zlarni o‘zgartirishda biroz shoshqaloqlikka yo‘l qo‘yishyapti, ba’zan esa noto‘g‘ri yo‘ldan ketish ham kuzatilyapti. Masalan, institut o‘rniga oliygoh so‘zi ishlatilyapti. Bu so‘z mutlaqo noto‘g‘ri. Oliygoh oliy joy degani. Bilimgoh to‘g‘ri keladi. Bu yerda goh so‘zi forsiydan o‘tgan. Shuningdek, yevropacha so‘zlarning barchasidan voz kechish noto‘g‘ri deb o‘ylayman. Dunyoviy iboralarni saqlash kerak. Ko‘p ishlatiladigan so‘zlarni o‘zgartirishdan oldin xalq oldidan o‘tib, uni qabul qiladimi yoki yo‘qmi aniqlash darkor. Chunonchi, turklar ham tilni isloh qilish uchun juda ko‘p yillardan beri harakat qilishyapti. Masalan, biz madaniyat deymiz, bu arabcha so‘z, turklar esa kultur deyishadi. Jurnalni — oynoma, gazetani esa ro‘znoma deyapmiz. Aslida esa ro‘znoma emas, kunnoma. Chunki ro‘z fors tilida kun degani. Bundan 80−90 yillar muqaddam, olimlar, jumladan, jadidlar turkiy tilni puxta bilishgan. Lekin ular gazeta so‘zini saqlab qolishgan. Masalan, «Turkiston viloyatining gazeti». Ya’ni gazeta emas, gazet. Umuman, men turkiy talaffuz etiladigan holda biz o‘rganib qolgan lotin va Yevropa so‘zlarini saqlab qolish tarafdoriman. So‘zlar bir tildan boshqa tilga ko‘chib yuradi. Iqlim deymiz, bu yunoncha klimatos so‘zining arab tili orqali iqlim ko‘rinishda kirib kelganidir. So‘zlarni tartibga keltirish uchun vaqt kerak. Ammo, ta’kidlayman, qonunni amalga oshirishdagi ishlarimiz sust.


«Toshkent oqshomi» gazetasi 1990 yil 20 oktabr.

— Qonunni amalga oshirishning ikkinchi yiliga qadam qo‘yyapmiz. Bunda asosiy e’tiborni nimalarga qaratish kerak, deb hisoblaysiz?

— Birinchidan, o‘zbek tili yolg‘iz rivojlana olmaydi. Tatar, qozoq, qirg‘iz, turkman, ozarbayjon kabi turkiy tillar guruhi bilan baravar rivojlanishi mumkin. Xuddi shu kabi qozoq, qirg‘iz, uyg‘ur, qoraqalpoq tillari ham o‘zbek tilisiz to‘la shakllana olmaydi. Chunki tillar ham bir oila farzandlaridek bir-biri bilan bog‘lanib, jipslashib ketgan. Bundan tashqari boshqa jumhuriyatlarda ham Davlat tili martabasi deyarli bir vaqtda berilishi juda yaxshi bo‘ldi. Birinchi galda turkiy jumhuriyatlarning til masalasidagi ishlarini markazlashtirish lozim. So‘ng esa turkiy xalqlarning yozuvlaridagi farqlarini yo‘qotish kerak. Masalan, bizdagi ba’zi harflar qozoqlarda yo‘q va aksincha. Ularning harflari bizlarnikidan ko‘proq: ana shu farqlarni tugatish payti keldi. Harflar bir xil bo‘lsa bir-birlarining adabiyoti bilan tanishish ham oson bo‘ladi. O‘zbekistonda jamiyatlar ko‘p: geograflar, hatto itni sevuvchilar jamiyati ham bor. Lekin negadir o‘zbek tili ko‘ngilli jamiyati yo‘q. Qozog‘istonda yaqinda qozoq tili jumhuriyat ko‘ngilli jamiyati tuzildi. Yaqinda uning Chimkentdagi ta’sis majlisida qatnashdim. Majlis davomida qozoq tili ravnaqi uchun jamiyat jamg‘armasiga bir necha yuz ming so‘m kelib tushdi. Ular hatto jamiyat gazetasini ham nashr etyaptilar. Bizda esa atamalar komissiyasi varaqa chiqarmoqchi. Bu bilan ishni olg‘a siljitib bo‘lmaydi. Kundalik yoki juda bo‘lmaganida «Nedelya» shaklidagi haftalik gazeta kerak. Yuqoridagi masalalar hal bo‘lsa, til to‘g‘risidagi Qonun amalga oshishi mumkin. Bu juda ulug‘ ish ekanligini qayd etgan holda, uning xavotirli tomonlari ham borligini aytib o‘tmoqchiman. Qonun qabul qilingandan so‘ng ko‘pgina yoshlarda boshqa tillarni o‘rganish shart emas degan fikr paydo bo‘ldi. Arab alifbosi va tiliga bo‘lgan qiziqish kuchaydi. Bu yaxshi albatta, lekin gap O‘zbekistonning iqtisodiy-siyosiy mustaqilligi haqida ketar ekan, Yevropa tillarini chuqur o‘rganish zarurligini unutmasligimiz shart. Masalan, arablar ham dunyo bilan ingliz tili orqali aloqa qilishadi. Yevropa tillarini o‘rganishga bizda azaldan e’tiborsiz qarab kelingan.

Mutaxassislarimizning ko‘plari Yevropa tillarini yaxshi bilmaganligi uchun jahon miqyosiga chiqa olmayotgani ham sir emas. O‘zbek yozuvchilaridan ingliz, fransuz, italyan, nemis, ispan tillaridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tarjima qiladiganlari barmoq bilan sanarli, o‘zbek tilidan chet tiliga o‘giradigani esa umuman yo‘q. Hozirgi o‘zbek, ayniqsa, mutaqabbil adabiyotimiz dunyodagi eng ilg‘or adabiyotlardan biri. Afsuski, bizning shoh asarlarimiz boshqa xalqlarga yetib bormayapti. Asarlarimiz avval rus tiliga o‘giriladi va tarjima yaxshi chiqsa, so‘ng xorijliklar e’tiboriga tushishi mumkin. O‘zbek tili martabasi haqida gapirganda shu muammolarni ham unutmasligimiz kerak. Men ayniqsa, maktab o‘quvchilari xorijiy tillarni mukammal o‘rganishlarini istardim. Hatto bog‘chadan boshlab ingliz, fransuz, nemis, yapon tillari o‘rgatilsa, ba’zi olimlarimiz esa avval o‘z ona tilini o‘rgansin deyishadi. To‘g‘ri, ona tilini o‘rganish farz, majburiy, ammo boshqa tillarni mukammal bilish hech qachon ona tilini o‘rganishga zarar keltirmagan. Aksincha, ko‘p tillarni bilish xalqning madaniy saviyasini belgilaydi. Meni yana bir fikr ko‘p o‘ylantiradi. Toshkentdagi bir necha maktabda 2 sinfdan boshlab hind tili o‘qitiladi. Hind tilini o‘rganish, menimcha, bolalarga hech narsa bermaydi. (Dunyoga chiqishda tilning roli haqida mushohada qilganimizda) hindlar ham boshqa mamlakatlar bilan asosan ingliz tili orqali aloqa qilishadi. Arab tili yoki hind tili o‘qitiladigan maktablarda ingliz yoki boshqa tillarni o‘rgatish yo‘lga qo‘yilsa, nur ustiga nur bo‘lardi.

— Qonun qabul qilinganiga shuncha vaqt o‘tganiga qaramay hamon ba’zi idoralarda yig‘ilishlar rus tilida o‘tyapti…

— To‘g‘ri, ko‘p joylarda ish yuritish, majlislar rus tilida olib borilmoqda. Buning birinchi sababi, ayrim majlislarga, anjumanlarga Moskva, Leningraddan mehmonlar kelishadi. Majlisxonalarni texnik jihozlash juda nochor ahvolda. Ularni sinxron tarjima qurilmasi bilan ta’minlash kerak. Ma’ruzaning tezlik bilan so‘zma-so‘z tarjimasi bo‘lgandagina bu holga barham berish mumkin. Ikkinchidan, o‘zbek tilini o‘rganishga hafsalasizlik bilan qarayotgan, 8 yilda o‘rganarman deguvchi kishilar ham topiladi. Bundan tashqari, o‘z tilini bilmaydigan o‘zbeklarimiz ham borki, (ko‘pi rahbar ishlarda) ular tilni tushunishadiyu, gapirisholmaydi. Bularning asosiy sababi, tilimizning shu vaqtgacha ikkinchi darajaga tushib qolganidir. O‘zbeklarda bir maqol bor: «Kasalning kelishi oson, ketishi qiyin». Biz muolajani endi boshladik. Bu ishga juda ehtiyotkorona yondashishimiz kerak. Ko‘p bilan kengashib davoni xalqining o‘zidan izlash kerak. Yangi so‘zlar juda ko‘p. Chunki xalq og‘zaki ijodi nihoyatda boy. Har bir dostondan yangi so‘z, buzilmagan ibora va atamalarni olasiz. Ko‘p narsalarni to‘qish shart emas, samolyotni tayyora deyapmiz, tayyor aslida arabchada qush degani. Shuningdek, kabutar ham ko‘k qush ma’nosini bildiradi. Holbuki, turklar samolyotni uchoq deyishadi, ya’ni uchish so‘zidan yasalgan. Ba’zilar samosvalni «o‘ziag‘darar» deyishyapti. Bunday so‘zlar tilga qanday singarkan, noma’lum. Ba’zi so‘zlar umuman singmas. Buni vaqt ko‘rsatadi.

— Til haqidagi Qonunning baynalmilal do‘stlik rivojiga ta’siri qanday deb hisoblaysiz?

— Dunyoda bitta mantiqiy qonun bor. Siz o‘z onangizni hurmat qilmay turib qo‘shni mahalladagi ayolni hurmat qila olmaysiz. Xuddi shuningdek, o‘z ona tilini qadrlamagan boshqa tilni ham qadrlamaydi. Ona tilimiz ravnaqi uchun boshlayotgan ishimiz biror-bir tilni kamsitish hisobiga bo‘lmaydi. Qaysi xalq qayerda yashashidan qat’i nazar o‘z ona tiliga sodiq qolsin. Biz boshqa yerlarda o‘zbeklar yashashini ham unutmaylik. Masalan, yaqinda Toshkent viloyat G‘alaba rayoni (aslida men depara deb atash tarafdoriman) K. Marks nomli jamoa xo‘jaligida bo‘ldik. Aholining 95 foizi qozoqlar, ruslar esa atigi 1 foizni ham tashkil qilmaydi. Barcha lavha va e’lonlar o‘zbek va rus tillarida ekan. Turkistondagi Mirtemir tug‘ilib o‘sgan qishloqda esa asosan o‘zbeklar yashaydi. Bu yerdagi lavhalar o‘zbek, qozoq va rus tillarida yozilgan. Agar qozoqlar bu yer bizniki, faqat shu tildan foydalanamiz deyishganida boshqa xalqlar ranjiydi. Bizdagi qozoq, tojik, qirg‘iz, uyg‘ur, turkmanlar necha asrlardan beri shu yerda yashaydilar. O‘zbeklar haqiqatan ham bag‘ri keng baynalmilal, hamma bilan do‘stlikda yashashni istaydigan xalq. Lekin baynalmilalchilik o‘z ona tilining ravnaqiga putur yetkazadigan darajada bo‘lmasligi kerak.

— Baribir qayerda yashamaylik mahalliy xalq tiliga chuqur hurmat bilan qarash zarur.

— Juda to‘g‘ri. Hayotiy bir misol: O‘zbekistondagi qozoqlar va Qozog‘istondagi o‘zbeklar yoki tojiklar bir-birlarining tillarini yaxshi bilishadi. Hozir jumhuriyatimizga xorijda yashayotgan o‘zbeklar ko‘plab kelayapti. Arabistondagi o‘zbeklar ko‘chada arabcha, ishda fransuzcha muloqot qilishlari mumkin. Uyda esa albatta o‘zbekcha gaplashishadi, hatto xalq qo‘shiqlarini ham unutishmagan ekan. Bu o‘z tiliga bo‘lgan cheksiz hurmat, millatning o‘zligini saqlashdir.

Til martabasi haqida gap ketganda O‘zbekistonda ahvol yaxshiroq edi. Qozog‘iston va Qirg‘iziston esa jar yoqasiga kelib qolgandi. Hatto ushbu jumhuriyatlar poytaxtlarida o‘z tillarida bog‘cha va maktablar yo‘q edi hisobi.

Barcha jumhuriyat tillarining davlat martabasini olgani kechroq bo‘lsa ham amalga oshganiga xursand bo‘lish kerak. Chunki rus tilining ham ahvoli nochorlashib qolgan edi. O‘z navbatida bu tilda ham boshqa tillardan kirib qolgan atamalar ko‘payib ketgan edi. Hatto rus yozuvchilari ham tilni tozalash ustida o‘ylamoqdalar. Shu sababli til haqidagi Qonunni qo‘llab-quvvatlamoq darkor.

— Qonunni amalga oshirishdagi muammolar asosan nimalardan iborat?

— Mablag‘ borligi yaxshi, lekin kelajakda yana juda ko‘p mablag‘ kerak bo‘ladi. Bu muammo o‘zbek tili jamiyati tashkil etilsa, ancha hal bo‘lardi. Chunki a’zolik badallari, xayriyalar ishning rivojiga katta hissa qo‘shgan bo‘lardi. Ishimizni orqaga tortayotgan eng katta muammolardan biri — bu ziyolilarimizdagi loqaydlik. Shuni yengib o‘tishimiz kerak. Keyingi yillarimizni unumliroq o‘tkazish uchun o‘tgan bir yil bizga saboq bo‘lsin. Nashr ishlari ham sust boryapti. Umuman, yetuk tilshunos olimlarimiz kamligi ham ishni orqaga suryapti.

— Tilning rivojlanishida so‘zlarning xalq orasida ommalashishida adabiyotning xizmati katta. Adabiy ishimiz haqidagi fikrlaringiz? O‘tmish adabiyoti tilni hozirgi adabiyot tiliga qiyoslaganda qanday farqni ko‘rasiz?

— Til qotib qolmagan. U hamisha harakatda bo‘lgani uchun rivojlanadi, o‘zgarib turadi. Bu tabiiy jarayon. Hamisha shunday bo‘lib kelgan. Alisher Navoiy tilida forsiy so‘zlar ko‘p. Undan oldinroq o‘tgan Lutfiyni tushunishimiz osonroq. Endi A. Qodiriy, Cho‘lpon, Fitrat prozasi va hozirgi tilimiz orasidagi farq ular xalqqa yaqinroq bo‘lishgan, til ustida ham ko‘proq ishlashgan. Ta’kidlab o‘tish joiz, hozir badiiy asar tili biroz quruqroq bo‘lib qoldi, axborot tarziga o‘xshash. Chunki so‘z boyligimiz kam. Oldingilar esa xalq og‘zaki ijodi va klassikani juda yaxshi o‘rganib adabiyotga kirib kelishgan. Biz shunga ahamiyat bermadik. Hozir ham juda ko‘p so‘zlarni noto‘g‘ri ishlatamiz. Masalan, qo‘nalg‘ani aeroportga nisbatan qo‘llayapmiz. Holbuki, u to‘xtash joyiga to‘g‘ri keladi. Bekat esa vokzal, stansiya ma’nosini beradi. Bu kabi so‘zlar ko‘p. Muhimi, gap va jumla tuzganda so‘zlarni chuqur his qilish mahoratiga ega bo‘lishimiz kerak.

— Forslar va turklar tajribasidan o‘rnak olib bu ham boshqa tildan kirgan so‘zlar o‘rniga maqbul so‘z birikmalarini tuzsak qanday bo‘larkan?

— Shubhasiz, bu to‘g‘ri yo‘l. Lekin iste’moldagi chet so‘zlarning yuz foizini almashtirish shart emas. Ayrimlarini olib qolish kerak. Ba’zi so‘zlar borki, tilimizga singib ketgan. Masalan, Gulchehra, o‘rtamiyona, qirchillama — barchasi turkiy-forsiydan tuzilgan. Biz iloji boricha turkiy so‘zlardan so‘z birikmalari yasashimiz lozim. Masalan, akademiyani baytulhikmat deb atashimizni ham o‘ylab ko‘rishimiz kerak. Beruniy zamonida baytulhikmat olimlar yig‘iladigan joy ma’nosini bildirgan. Forslar arabiy, turklar forsiy so‘zlarni to‘la o‘zgartirishga muvaffaq bo‘lolmadilar. Misol uchun, metroni qanday atash mumkin, eskalatorni o‘zi yurar zina desak ibora cho‘zilib ketadi. Lekin biroz mushohada qilinsa, ko‘p maqbul so‘zlarning varianti topiladi. Masalan, jyuri — hakamlar hay’ati, (turklarda shunday ishlatiladi), lobovoy steklo — peshoyna, mashina oynasini tozalaydigan cho‘tka «oynatozalagich» sifatida iste’molga kiryapti. Olimlarimiz faollashsalar, oynai jahon, radio orqali xalqqa murojaat qilsak, atamalar burchagini matbuotda davom ettirsak, sezilarli yutuqlarga erishishimiz mumkin. Yana ta’kidlayman, bizga boshqaradigan markaz kerak. Masalan, yozuvchilar uyushmasi ham jamoat tashkiloti. Yozuvchilar boshini qovushtirib adabiy hayotimizni izga solib turadi. Jamiyat tuzilsa, boringki, u ona tili jamiyati bo‘lsin, unda qozoq, qirg‘iz tili bo‘limlarini ochish ham mumkin. Shunday qilsak, yuqori natijalarga erishamiz.

Xulosa qilib shuni aytmoqchimanki, biz tilimizni shu ahvolga tushgani haqida gapirganimizda ustozlardan til ravnaqiga beparvo qaradinglar deb gina qilamiz. Holbuki, har birimiz o‘zimizga savol berishimiz kerak. Ilgarigi paytda til haqidagi Qonun bo‘lmagan edi. Hozir esa bor: xo‘sh, o‘zimiz nima qildik? Bizdan 20−25 yil keyingi avlod shunday savol bersa, nima deb javob qaytaramiz? Ana shu savol kasb-koridan qat’i nazar har bir o‘zbekning xayolidan hech qachon ko‘tarilmasligi kerak.

Suhbatni Ravshan Bobomuhamedov va Dilshod Isroilov olib bordi.

Ushbu suhbat «Toshkent oqshomi» gazetasining 1990 yil 20 oktabr sonida «Asosiy ishlar hali oldinda» sarlavhasi bilan chop etilgan.