19-oktabr kuni Bokuda O‘zbekiston mudofaa vaziri Bahodir Qurbonov va Ozarbayjon mudofaa vaziri Zokir Xasanov uchrashuvida 2023-yilga mo‘ljallangan ikki tomonlama hamkorlik rejasi imzolandi.


O‘zbekiston Mudofaa vazirligi matbuot xizmatining “Gazeta.uz"ga bergan xabariga ko‘ra, uchrashuvda harbiy, harbiy-texnikaviy, harbiy-ta'lim va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari, shuningdek, mintaqaviy xavfsizlik va boshqa qator masalalar muhokama qilindi.


Bahodir Qurbonov Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi mudofaa sohasidagi hamkorlik har ikki davlat armiyasini yanada mustahkamlashga xizmat qilayotganini alohida ta’kidladi. Shuningdek, u Ozarbayjonga tashrifidan mamnunligini qayd etib, samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi va yaqinlashib kelayotgan G‘alaba bayrami (Ikkinchi Qorabog‘ urushidagi g‘alaba munosabati bilan 8-noyabrda nishonlanadigan kun) bilan tabrikladi.

O‘zbekiston delegatsiyasi Ozarbayjon Markaziy qo‘mondonlik punktida boshqaruvining texnik imkoniyatlari bilan ham tanishdi.