Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti dunyoda jismoniy faollik susayishining jiddiy oqibatlari haqida ogohlantirish bilan chiqdi.

Unda qayd etilishicha, kamharakatlik tufayli 2030-yilgacha Yer yuzida 500 milliondan ortiq kishi yuqumli bo‘lmagan kasalliklarga chalinishi mumkin. Ularni davolashga yo‘naltiriladigan sarf-xarajatlar dunyo iqtisodiyotiga 300 milliard dollar ziyon yetkazadi.

JSST ekspertlarining ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda o‘smirlarning 81 foizi va kattalarning 27,5 foizi kamharakat turmush tarzini olib boradi. Hisobotda, shuningdek, jismoniy faollikning muhimligini COVID-19 pandemiyasi ham tasdiqlangani qayd etilgan.

“Ushbu yangi yuqumli bo‘lmagan kasallik holatlarining deyarli yarmi (47%) gipertenziya va 43% depressiya bilan bog‘liq”, — deyiladi hisobotda.

Barcha holatlarning to‘rtdan uch qismi kam daromadli va rivojlanayotgan davlatlarda kuzatilishi ehtimoli katta.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti fuqarolarning jismoniy faolligi pastligining sabablaridan biri sifatida mamlakatlar rasmiylari tomonidan sport va sog‘lom turmush tarzini faol targ‘ib etmasligini qayd etgan.