18 oktabr kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev «ToshkentboshplanLITI»ga borib, Toshkent shahrining 2045 yilgacha bo‘lgan bosh rejasi loyihasi bilan tanishdi. Bu xaqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.

Tashrif chog‘ida Prezidentga mazkur strategiya haqida axborot berildi. Jumladan:

  • Toshkent shahri kadastri raqamlashtirilib, hududlarning toifasi ochiq-oshkora qayd etib qo‘yiladi. Aholi o‘z mahallasi yoki tadbirkorlar biznes ochmoqchi bo‘lgan yerining qanday hududda joylashganini internet orqali bemalol ko‘rishi mumkin bo‘ladi;
  • tirbandlik muammosini hal etish uchun jamoat transporti qulaylashtiriladi. Buning uchun aholi uyidan 15 daqiqa piyoda yuradigan masofada bekat bo‘lishi talab etiladi. Shuningdek, Park and ride tamoyili asosida, shahar chekkalarida avtoturargohlar tashkil etilib, jamoat transporti bekatlari bilan bog‘lanadi;
  • binolarga ijtimoiy talablar belgilanadi. Masalan, shahar ichida ko‘p qavatli inshoot qurilgudek bo‘lsa, uning turiga qarab, maktab, bog‘cha, maishiy xizmat, avtoturargoh o‘rni, ko‘kalamzorlashtirish maydoni kabi me’yorlar qo‘yiladi.

Toshkent shahrining 2045 yilgacha bo‘lgan Bosh rejasi loyihasi «Yangi Toshkent» konsepsiyasi bilan mutanosib tayyorlangan. Bu yangi shahar poytaxtning sharqiy qismida, Chirchiq va Qorasuv daryolari oralig‘ida barpo etiladi. 500 ming aholiga mo‘ljallangan bo‘ladi.

Manba: Prezident matbuot xizmati.

Shundan kelib chiqib, istiqbolli rivojlanish va qurilish hududlari, yangi shahar bilan poytaxtni birlashtiruvchi asosiy yo‘llar sxemalari ishlab chiqilgan. Birinchi bosqichda 6 ming gektarda bunyodkorlik qilish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari «Yashil makon» umummilliy loyihasidan kelib chiqib, Bosh reja loyihasida katta halqa yo‘li atrofida «yashil kamar» yaratish, shahardan o‘tgan kanallar bo‘yida tematik bog‘lar tashkil etish ko‘zda tutilgan. Umuman olganda, poytaxtda yashil hududlarni 25 ming gektarga yetkazish maqsad qilingan.

«Shaharni rivojlantirish bo‘yicha bu stratageyamizni dunyodagi yetuk mutaxassislar ham ma’qulladi. Endi har bir joy bo‘yicha xalq fikrini olib, aql bilan, sifatli qurish kerak. Bu yangi shahar xalqimizga munosib, iqlimimizga mos, zamonaviy bo‘lishi zarur», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ushbu ulkan loyihaga yosh mutaxassislarni jalb etib, tajribasini shakllantirish, tuman va shaharlar arxitekturasini mutanosib rivojlantirish zarurligi ta’kidlandi. Shu bois Samarqand, Buxoro, Qo‘qon, Namangan kabi boshqa shaharlarda ham loyihalashtirish markazlari ochish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.