«Gazeta.uz» o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 33 yilligi munosabati bilan oktabrni — «O‘zbek tili oyligi» deb e’lon qildi. Mazkur oylik davomida tahririyat jamoasi har kuni o‘tgan vaqt ichida turli nashrlarda chop etilgan, dolzarbligini hanuz yo‘qotmagan maqola, nutq, fiqralarni qayta berib boradi. 2006 yilda Filologiya fanlari nomzodi Suyun Qorayev o‘zbek tili boyligi, biroq lug‘at qashshoqligini tanqid qilgandi, afsuski uning ushbu fikrlari bugun ham o‘zining dolzarbligini aslo yo‘qotmagan.

Tilimiz boy, ammo lug‘atimiz qashshoq

Istiqlol davrida o‘zbek tili davlat tili vazifasini ado eta olishini amalda isbotladi, shu yillar ichida tilimiz yanada rivojlandi, yangi iboralar, terminlar bilan boyidi. Til doimo taraqqiy etib, boyib bormog‘i uchun til siyosati zamonaviy ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni, integratsiya jarayonlarini hisobga olgan holda yuritilmog‘i, milliylik bilan birga baynalmilallik va ilmiylik prinsiplariga ham amal qilinmog‘i kerak.

Endilikda tilimiz qaysi yo‘ldan ketayapti, so‘zlar, iboralar hamma vaqt ham o‘z o‘rnida ishlatilayaptimi, ona tilimizni, uning lug‘at boyligini qashshoqlashtirib, ibtidoiylashtirib qo‘ymayapmizmi, degan savollar har birimizni tashvishlantirib turishi lozim.

Ilmiy adabiyotlarni, matbuotni, umuman, yozma va og‘zaki nutq madaniyatini kuzatganda tilimizning taraqqiyoti bilan bog‘liq ayrim jihatlar haqida quyidagi mulohazalarga keldik.

Avvalo, so‘zlarni to‘g‘ri ishlatish borasida fikrlashsak. Masalan, ustuvor so‘zi «biror jihatdan yuqori darajada», «yuqori» ma’nosida ishlatilmoqda. Bu so‘z asli forscha bo‘lib, «mustahkam, kuchli, qo‘zg‘almas» ma’nosidadir. Demak, bu so‘z o‘rniga turkiy (o‘zbekcha) ustun (ustun turmoq, ustun kelmoq) so‘zini ishlatish mumkin. Shuningdek, boqimanda so‘zi «birovning qaramog‘ida, boqimida (bo‘lmoq)» ma’nosida ishlatilmoqda. Asli arabcha (boqiy) va forscha (monda) unsurlaridan iborat bu so‘z «eski qarz, undirilmagan soliq» ma’nosida bo‘lib, o‘zbekcha boq (moq) so‘ziga aloqasi yo‘q. Agronomni hosilot deyish so‘zni eskicha izohlash oqibatidir. Agronom agronomiya fanidan, ya’ni dehqonchilik qonunlaridan, qishloq xo‘jaligining barcha tarmoqlari haqidagi bilimlardan xabardor mutaxassis; kolxoz tuzumining dastlabki yillarida hosildorlik uchun mas’ul kishi, dehqonni hosilot deyishgan. Nomer so‘zining esa olti-yetti xil ma’nosi bor: mashina nomeri, mehmonxonadagi alohida xona, konsert nomeri, kiyim-kechak va poyabzalning katta-kichikligi va hokazo. Eng ko‘p tarqalgan ma’nosi — bir xil predmetlar orasida muayyan narsaning tartib raqami. Keyingi paytda nomer so‘zi matbuotda deyarli ishlatilmay qo‘ydi. Holbuki, jonli tilda bemalol ishlatiladi. Hatto «nomering o‘tmaydi», degan ibora ham bor. Raqam esa sonni ifodalovchi belgi. Aslida ikkalasi bir ma’noda bo‘lgan: raqam — arabcha, son — turkiy (o‘zbekcha). Hozir ham bu ikkala so‘z bir ma’noda ishlatilmoqda: 1-sonli qaror, 1-raqamli sportchi.

Pensiya «nafaqa» emas. Nafaqa «yordam puli» (posobiye). Nafaqa qadimdan kelayapti, hatto nikohda ham «Nafaqasiz, ya’ni yegulik-ichkiliksiz, tashlab ketmaysizmi?», deb pisanda qilishgan. Aliment, stipendiya kabi nafaqaning ham yuridik ta’rifi bor. Pensiya esa aksari kishilarning o‘z jamg‘armasi. Nafaqaxo‘r deyish aroqxo‘r kabi qo‘pol eshitiladi, xalq tilidagidek pensioner degan ma’qul.

Fond so‘zining ham bir necha ma’nosi bor: davlatning, korxonaning biror maqsad uchun mo‘ljallangan pul mablag‘lari yoki moddiy qadriyatlari; ijodiy arboblarga moddiy yordam ko‘rsatadigan tashkilot, muassasa; biror narsaning resurslari (zahiralari). Demak, fond so‘zini hamma vaqt ham jamg‘arma, deb bo‘lmaydi. Jamg‘arma xarajatlardan, chiqimdan orttirib, tejab-tergab to‘plangan pul (jamg‘armoq fe’lidan). Yer fondi, kutubxona fondi, jamg‘arma fondi (ruscha fond nakopleniya) degan tushunchalar bor.

Keyingi paytlarda rahbar so‘zi o‘ta faollashib ketdi, har qanday boshliq — direktor bo‘ladimi, kapitan bo‘ladimi, rais yoki boshqaruvchi bo‘ladimi rahbar deyilayapti. To‘g‘ri, bularning hammasi boshliq, shu bilan birga, laboratoriya mudiri ham, sex boshlig‘i ham, brigadir ham o‘z o‘rnida rahbar. Har bir lavozimning o‘z statusi, rahbarlik doirasi, demak nomi bor. Rahbar aslida forscha roh-bar («yo‘lboshlovchi»), degan so‘z. Demak, korxonalar, ilmiy va boshqa muassasalar, o‘quv yurtlari, idoralar va o‘zga ishxonalar rahbarlarini o‘ziga xos va mos nomlari bilan atash kerak.

Noo‘rin ishlatilayotgan so‘zlardan yana biri — sistema so‘zining izohli lug‘atda olti xil ma’nosi, ruscha chet so‘zlar lug‘atida o‘n xil ma’nosi keltirilgan. Bularning ko‘pi tizim so‘ziga to‘g‘ri kelmaydi. Masalan, Quyosh sistemasi deganda Quyosh hamda uning atrofida aylanadigan katta-kichik sayyoralar, dumli yulduzlar, hatto kosmik changlar ham nazarda tutiladi. Abdulhamid Cho‘lpon 30-yillardayoq o‘zbekcha tizim so‘zi forscha-tojikcha shoda so‘zi bilan ma’nodosh, degan edi. Demak, sistemani ham tilimizda bemalol ishlataverish kerak. Tamoyil so‘zi yesa «prinsip» emas, moyil — «tendensiya» ma’nosidadir.

Nomli, nomidagi so‘zlarni farqlash kerak. Mashhur shaxslar sharafiga qo‘yilgan muassasalar, korxonalar nomi yoniga, albatta, nomidagi deb, ya’ni o‘sha kishi nomiga qo‘yilgan, deb yozilsa to‘g‘ri bo‘ladi. Nomli o‘rniga degan so‘zini ishlatish joiz. Bu so‘zni hatto tushirib qoldirish ham mumkin: Yerbahosi nomli o‘t — yerbahosi degan o‘t — yerbahosi o‘ti; bolut nomli daraxt — bolut degan daraxt — bolut daraxti.

Grammatika bobida ham ba’zi bir o‘zgarishlar ko‘zga chalinadi: rejani 115 foizga bajardik; chorva mollari 70 boshga ko‘paydi (yoki kamaydi); mashinani orqaga ber (tisar); menga necha (qancha) yosh berasan (meni necha yoshda deb o‘ylaysan) kabi «yangi» iboralar rus tili ta’sirida paydo bo‘lgan. Suvni (jo‘mrakni) och o‘rniga suvni yoq, egatlarga suv qo‘y (quloqni yoki kranni och) o‘rniga suv quy kabi noo‘rin jumlalar qat’iylashib qolmasligi kerak.

Bir so‘zning bir necha ma’noda ishlatilishiga ham misollar keltirish mumkin. Masalan, programma ham, ustav ham, nizom ham, platforma ham dastur deyiladi. Tilshunoslarning ma’lumotlariga qaraganda bu so‘z 20 ga yaqin tushuncha o‘rnida ishlatilar ekan. Shuningdek, otpuska ham, kanikul ham bir so‘z bilan ta’til deyilmoqda. Zapas, resurs, potensial bitta zahira so‘zi bilan yozilayotir. Holbuki, bu so‘zlardan har birining ma’no tovlanishi bor. Ayni paytda, prezidiumni ham, kollegiyani ham, jyurini, hatto komissiyani ham hay’at deyish zamon ruhiga mos emas, chunki yuqoridagi so‘zlarning o‘z o‘rni bor. Bir necha hodisa, tushunchalar bir so‘z bilan ifodalanaversa, muallif, tarjimon, muharrir lug‘atlarni titkilamasdan, o‘zi bilmagan so‘zlarni o‘chirib tashlayversa yoki ishlatmasa, kishilarning bilim doirasi torayadi, tilning lug‘at boyligi qashshoqlashadi. Ya’ni termin-tushunchalarni eski so‘zlar bilan ifodalab odamlarning og‘ziga chaynab solsak, kitobxon, gazetxonlar lug‘atlarga, ensiklopediyalarga, ma’lumotnomalarga murojaat qilmay qo‘yadi. Ularning fikr doirasi kengaymaydi, so‘z boyligi oshmaydi. Boshqacha aytganda, qalamkash lug‘at pillapoyasidan omma darajasiga tushmasligi, balki ommani o‘zi turgan zina sari ko‘tarilishiga yordam berishi kerak.

Yaponiyalik faylasuf Daysaku Ikeda Chingiz Aytmatov bilan suhbatida «Odam cheksiz «so‘z okean»da suza bilgandan keyingina chin Inson bo‘la oladi», deydi. Fan, texnika, ishlab chiqarish, ijtimoiy hayot shu qadar rivojlanib ketdiki, kun sayin yangi-yangi so‘zlar, terminlar, tushunchalar paydo bo‘lmoqda. Odamlarning ust-boshlari, uy-jihozlari bundan 10−15 yil oldingiga umuman o‘xshamaydi. Do‘ppidan boshqa milliy kiyim qolmadi hisob. Ayrimlar shu qadar bashang kiyinishadiki, ko‘zingiz qamashadi. Ularning bilim darajasi ham, so‘z boyligi ham shunchalik rang-barangmikan?..

Bozor iqtisodiyoti sharoitida tilimizga kirib kelgan ko‘plab iqtisodiy terminlar tarjimasiz qabul qilinmoqda. Chunki talay yangi so‘zlarning o‘zbekcha variantlari yo‘q. Aslida sof tilning o‘zi yo‘q. Dunyoda eng boy til hisoblangan ingliz tilida ham leksikaning yarmidan ko‘pi boshqa tillardan kirgan. Darhaqiqat, kiyim-kechak ishlab chiqarganniki emas, kiyganniki, deyishadi. Tilimizga kirgan va aloqa vositasi vazifasini bajarib turgan arabcha, forscha, ruscha, baynalmilal so‘zlar ham endi o‘zbekcha so‘zlardir. Bunda, albatta, birinchi galda turkiy-o‘zbekcha so‘zlarga, xalqona iboralarga keng yo‘l berilishi lozim.

Biroq o‘zbek tilida hozirgi ilmiy terminlarni to‘la ifodalaydigan so‘zlar ko‘p emas. Masalan, dunyoda 30 mingdan ortiq mineral borki, bularning talay qismi tosh holida. Oq yoki oqish ranglardagi minerallar yoki tog‘ jinslari oqtosh deyilgani bilan, aslida kvars, ohaktosh, dala shpati kabi bir qancha turlarga bo‘linishi mumkin. Butunlay boshqa-boshqa turlarga mansub sariq gullaydigan bir necha o‘n xil o‘simlik sari (q)bosh deyiladi. Holbuki, ulardan har bittasining o‘z ilmiy nomi bor. Entomologiyada (hasharotshunoslikda) ham shunday. Masalan, xalq mita deb ataydigan hasharot bir necha turlarga bo‘linadi va ulardan har birining nomi va ta’rifi mavjud.

Tozalash hamma sohada, jumladan, til sohasida ham ijobiy natija beravermaydi. Bu jabhada usmonli turklarning og‘zi kuygan ekan. Arabizmlarga qarshi «jang» e’lon qilinishi oqibatida turk tili ancha qashshoqlashib qolgan, deyishadi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, favqulodda va muxtor yelchi tushunchasini turklar (ikkala so‘z ham arabcha) beyuk (buyuk) elchi, deyishadi.

Turkiy tillar orasida o‘zbek tili eng shevaga boy til hisoblanadi. Har bir shevaning leksikasi o‘zi bir xazina. Lekin sovet davrida sheva so‘zlari ikkinchi darajali hisoblangan, yaxshi o‘rganilmagan va normativ lug‘atlarga kiritilmagan. Vaholanki, nemislarda uch kishi bilgan so‘z izohli lug‘atlarga kiritilar ekan. 1981 yili chop etilgan ikki tildagi «O‘zbek tilining izohli lug‘ati»da 60 ming so‘z va so‘z birikmasi bor. So‘z birikmalari istisno qilinganda 40 ming mustaqil so‘z qoladi. Nega shunday? Bu qo‘liga qizil qalam olib, tilimizni «tozalash» shiori ostida o‘zi bilmaydigan so‘zlar, xususan, xalqaro terminlar ustiga chiziq tortishning oqibati emasmikan? Ehtimol, hozirgi badiiy asarlarda — roman, qissa, drama va poyemalarda so‘z boyligining chegaralangani samarasidir? Lug‘atshunoslarimizning ilmiy, ayniqsa, tarixiy asarlarga, jumladan, o‘zbek tiliga tarjima qilingan jangnomalar, badiiy asarlar leksikasiga kam murojaat qilishi, gazeta, jurnallar tilini muntazam o‘rganish, yangi so‘z-iboralarni yig‘ib borishni yaxshi yo‘lga qo‘yishmagani natijasi ham bunga bir sababdir. Sheva materiallariga hamon past nazar bilan qarash davom etayotgani ham shunday natijaning omili bo‘layotgani tayin.

Nima bo‘lganda ham lug‘atni boyitish ustida jiddiy o‘ylash, bu sohada amaliy ishlar qilish, bir tilli, ikki tilli va ko‘p tilli lug‘atlar yaratish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilishi lozim. Bu borada xorijiy mamlakatlar tajribalaridan ham o‘rgansak ziyon qilmaydi.

Mashhur ma’rifatparvar Mahmudxo‘ja Behbudiyning o‘tgan asrning 20-yillarida aytgan so‘zlarni unutmaylik: «Turkistonliklar besh tilni — turkiyni, forsiyni, arabiyni, farangiyni (yevropa tillaridan birini), dunyoviy ishlar uchun esa rusiyni bilmog‘i kerak». Darhaqiqat, ko‘p tilli bu kurrai zaminda o‘z tilini a’lo darajada bilgan va ko‘p tilni puxta o‘zlashtirgan xalq yutadi. Agar tilga hozrgidek munosabat davom etaversa, bir necha yildan keyin so‘z boyligimiz yonga solib yuradigan lug‘atga jo bo‘ladi-qoladi.

Yangi so‘zlar yaratilyapti-ku, deyishlari mumkin. Lekin oliygoh, sihatgoh, o‘yingoh kabi shaklsiz, qiyofasiz «ijodlarning» boridan yo‘g‘i yaxshi. Xo‘sh, deylik, sihatgoh — klinikami, poliklinikami, sanatoriymi, ambulatoriyami?! O‘yingoh — kazino, sirk, bilyardxona, o‘yin o‘ynaladigan kampyuterlar xonasi bo‘lsa bordir, biroq stadion o‘yingoh emas…

Har holda, tili boy xalqning lug‘ati boy, aksincha, lug‘ati boy millatning tili boy bo‘ladi. Lug‘atimizni, tilimizni yanada boyitish to‘g‘risida qayg‘uraylik.

Filologiya fanlari nomzodi Suyun Qorayev.

Ushbu maqola «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2006 yil 3-sonidan olindi.