Atmosfera havosining ifloslanish muammosi dolzarb muammoga aylanib bormoqda. Uzoq vaqt davomida yog‘ingarchilikning yo‘qligi, kuchsiz shamollar, haroratning inversiyasi atmosfera havosining turg‘unligiga imkon beradi, bu esa ifloslantiruvchi moddalarning to‘planishi uchun sharoit yaratadi, deya xabar bermoqda O‘zgidromet.

Xususan, 15 oktabr soat 23:00 da +17 daraja havo haroratida RM2,5 mayda dispersli zarrachalar konsentratsiyasi 62 mkg/m3 ni tashkil etdi. Harorat ko‘tarilishi bilan havoning ifloslanishi kamayadi. Harorat inversiyasi tufayli kechqurun havo haroratining keskin pasayishi atmosfera havosining turg‘unligiga imkon beradi, havoda ifloslantiruvchi moddalarning to‘planishi uchun sharoit yaratadi.

17 oktabr kuni Toshkent shahrida soat 18:00 dan 23:00 ga qadar havoning mayda chang zarralari bilan ifloslanishi ortishi kutilayotgani haqida xabar berildi. Shu kuni kechqurun O‘zgidromet Toshkent shahri aholisi va mehmonlariga imkon qadar uylaridan chiqmaslik, derazalarni yopish, ko‘chada niqob taqib yurishni tavsiya qildi.

15 oktabr kuni kunduzi PM2.5 zarrachalar konsentratsiyasi va havo harorati (yashil chiziq). Foto: O‘zgidromet.

Respublikada havoning chang bilan ifloslanishi nafaqat tabiiy xususiyatlar (quruq iqlim, qumli va qumloq tuproqlar), balki antropogen ifloslanish (avtomobil chiqindilari, sanoat, qurilish, issiqlik elektr stansiyalari) bilan ham bog‘liq.

Shahardagi atmosfera bo‘shlig‘ining past shamollatilishi, shahar transportining ko‘pligi, yo‘llarning tirbandligi, keng ko‘lamli qurilishlar, shuningdek, daraxtlarni kesish, maysazorlar va magistral yo‘llarning keng ko‘lamda sug‘orilishining mavjud emasligi — bularning barchasi meteorologik sharoitlar va antropogen yuklanishga, havoning yuqori ifloslanishiga olib keladi.

Buni bartaraf etish uchun O‘zgidromet shaharda uzoq vaqt davomida yog‘ingarchilik kamligi va katta antropogen yuk tufayli avtomobil yo‘llariga suv sepish va tozalash, qurilish obyektlarida changni kamaytirish choralariga, chiqindilarni o‘z vaqtida yig‘ish masalalariga ko‘proq e’tibor qaratish lozimligini keltirdi. Shuningdek, Toshkent shahrida havo sifatini yaxshilash maqsadida shaharni ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish bo‘yicha ko‘proq tadbirlar amalga oshirilishi kerak ekanini ma’lum qildi.

Toshkentda havoning RM2.5/RM10 mayda dispersli zarrachalar bilan ifloslanish darajasi to‘g‘risidagi ma’lumot O‘zgidrometning monitoring.meteo.uz va xalqaro IQAir saytida e’lon qilinadi.