2022 yilning 9 oyida «103» xizmatiga jami 4 ming 452 ta yolg‘on chaqiriq kelib tushdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning ayni shu davriga nisbatan ikki barobar kam, deya xabar qilmoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi.

«Sohadagi ijobiy o‘zgarishlar natijasida so‘nggi yillarda „Tez yordam“ xizmati faoliyatida yolg‘on va asossiz chaqiriqlar soni anchagina kamaydi. Bu esa yurtdoshlarimizning tibbiy savodxonligi, shaxsiy mas’uliyati ortib borayotganidan dalolat», — deydi Respublika tez tibbiy yordam markazining Tez tibbiy yordam xizmatini muvofiqlashtiruvchi dispetcherlik markazi rahbari Davlatbek Yuldashev.

Qayd etilishicha, 2022 yilning 9 oyida «103» xizmatiga jami 4 ming 452 ta yolg‘on chaqiriq kelib tushdi. Mazkur ko‘rsatkich o‘tgan yilning ayni shu davriga nisbatan 2 barobarga kamaydi. Ya’ni, 2021 yilning yanvar-sentabr oylarida bunday chaqiriqlar soni 8 ming 27 tani tashkil qilgan edi.

SSV shunga qaramay ayrim hududlarda yolg‘on murojaatlar soni yuqoriligicha qolayotganini ta’kidladi.

Tahlillarga ko‘ra, 2022 yilning o‘tgan to‘qqiz oyi davomida eng ko‘p bunday chaqiriq Toshkent viloyatida qayd etilib, mazkur raqam 1 ming 208 tani tashkil etdi. Keyingi o‘rinda 590 ta chaqiriq bilan Qashqadaryo viloyati joylashgan. Shuningdek, Farg‘ona viloyatidan 587 ta ana shunday murojaat kelib tushgan.