17 oktabr kuni xalq deputatlari Farg‘ona tuman kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Hamidullo Inomov tuman hokimi etib tasdiqlandi, deya xabar bermoqda O‘zA.

Hamidullo Inomov 1982 yilda Farg‘ona viloyati Buvayda tumanida tug‘ilgan. U tayinlovga qadar prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Kadrlar ma’muriyatchiligi departamenti davlat organlari va tashkilotlarida kadrlar ishini muvofiqlashtirish boshqarmasi bosh inspektori vazifasida ishlab kelayotgan edi

Shuningdek, Sirdaryo viloyati Sardoba tumaniga Akmal Mirzayev hokimi etib tayinlandi. Tayinlovga qadar u suv xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.

Foto: Sirdaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati

Qashqadaryo viloyat hokimligi matbuot kotibi Ahror Sodiqovning ma’lum qilishicha, viloyat hokimi o‘rinbosarlari tarkibida ham qator o‘zgarishlar amalga oshirildi, mutasddilarga «hayfsan» jazolari berildi.

Xususan, viloyat hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari o‘rinbosari Rustam Yuldoshev boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan vazifasidan ozod etildi. Uning o‘rniga Anvar Qobilov tayinlandi.

Anvar Qobilov 1979 yil tug‘ilgan. 2001 yil Toshkent avtomobil yo‘llar instituti, 2003 yil esa mazkur oliygohning magistratura bosqichini hamda 2010 yil Xitoyning Jongnan iqtisodiyot va huquq universitetini, shuningdek, 2014 yil prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasini tamomlagan.

Foto: Qashqadaryo viloyat hokimligi matbuot xizmati

U tayinlovga qadar prezident Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi viloyat filiali mudiri lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi.

Viloyat hokimining qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Akbar Eshonqulov ham boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan vazifasidan ozod etildi. Uning o‘rniga Murodullo Azimov tayinlandi.

Foto: Qashqadaryo viloyat hokimligi matbuot xizmati

Murodullo Azizov 1971 yil tug‘ilgan. 1993 yil Toshkent moliya institutini tamomlagan. U tayinlovga qadar «O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyati tijorat departamenti boshlig‘i o‘rinbosari — marketing bo‘limi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi.

Bundan tashqari, fuqarolar murojaatlari bilan ishlashdagi kamchiliklari uchun Chiroqchi tumani hokimiга «hayfsan» e’lon qilindi. Shu bilan birga, turizm sohasidagi kamchiliklari uchun viloyat hokimining turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosariga ham «hayfsan» berildi.