«Gazeta.uz» o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 33 yilligi munosabati bilan oktabrni — «O‘zbek tili oyligi» deb e’lon qildi. Mazkur oylik davomida tahririyat jamoasi har kuni o‘tgan vaqt ichida turli nashrlarda chop etilgan, dolzarbligini hanuz yo‘qotmagan maqola, nutq, fiqralarni qayta berib boradi. 1989−1991 yillarda O‘zbekiston vazirlar kengashi huzuridagi Respublika Atamashunoslik qo‘mitasining raisi sifatida ishlagan G‘anijon Abdurahmonovning 1990 yillarda yozilgan yana bir o‘ta dolzarb maqolasini havola etamiz.

Eslatib o‘tamiz, maqola to‘liqligicha, tahrirlanmasdan qayta e’lon qilinmoqda, unda keltirilgan ba’zi faktlar bugungi kunga to‘g‘ri kelmasligi mumkin.

Qonun nega sust bajarilyapti?

Yaqin yillargacha rus tilini mukammal bilish madaniyat belgisi hisoblanar, o‘zbek tilini o‘rganish esa unchalik shart emasdek tuyulardi. Ammo biroz kechikib bo‘lsada, ona tilini bilmaslik uyat ekanligini anglab yetdik. O‘zbek tiliga davlat tili maqomini berdik. Shunga ko‘ra, o‘zbek tilshunoslari jamiyatining Nizomi va til o‘rganishning ilmiy dasturi loyihalari e’lon qilindi. Biroq biror natijaga erisha olganimiz yo‘q. Davlat tili to‘g‘risidagi sonini juda sekinlik bilan, hadiksirab, qo‘rqa-pisa amalga oshiryapmiz. Buning sabablaridan biri qonunning asosiy bandlariga salbiy munosabatning mavjudligidir. Davlat tilini o‘rganish uchun qonunda ma’lum muddatlar belgilab qo‘yilgan bo‘lsada, ayrim o‘rtoqlar tub aholi tilini bilishni o‘zlari uchun ixtiyoriy ish deb tushunishyapti. Ikkinchidan, jumhuriyatimizning deyarli hamma idoralarida davlat tilini o‘rganish yuzasidan ochilgan to‘garaklar, oliy o‘quv yurtlarida tashkil etilgan o‘zbek tili kafedralarining o‘qitish metodikalarida ham, ish mazmunlarida ham izchillik va aniqlik yo‘q. Bundan tashqari bizda davlat tilini o‘rganib olganlarni rag‘batlantirish yo‘lga qo‘yilmagan.

Ana shu sabablarga ko‘ra, rus tilida so‘zlashuvchi ba’zi kishilarda o‘zbek tilini o‘rganishga ehtiyoj sezilmayotir. Ba’zilar esa hamon rus tilini davlat tili bo‘lishi kerak degan fikrda qolmoqdalar. Agar masalaga shu nuqtai nazardan yondashadigan bo‘lsak, jumhuriyatimizda 1 millionga yaqin aholi mansub bo‘lgan tojik tiliga ham, 1 milliondan ortiq aholini tashkil qilgan qozoq va shunga o‘xshash tillarga ham davlat tili maqomini berishga to‘g‘ri keladi. Davlat tili haqidagi qonunimizda esa hamma tillarga erkinlik berib qo‘yilgan. Davlat tilini bilmaslik O‘zbekiston fuqarosining ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy mavqeyiga, huquqiga aslo putur yetkazmaydi. Keyingi yillarda tojik, qozoq, turkman, qirg‘iz tillarida 400−500 ta maktab, shu tillar bo‘yicha pedagog kadrlar tayyorlaydigan fakultetlar tashkil etilgani fikrimizning dalilidir.

SSR FA Tilshunoslik institutining sotsiologik tadqiqotlar laboratoriyasi boshlig‘i professor V. Yu. Mnxalchenko: «O‘z mijozlarining va o‘quvchilarining tilini bilmaydigan vrach yoki muallimni davlat ishiga olish mumkin emas» («Literaturnaya gazeta». 1989 yil 19 aprel) deb hisoblaydi. SSR xalq ta’limi qo‘mitasining raisi professor G. A. Yagodin tibbiyot, militsiya, savdo, maishiy xizmat xodimlari ikki va undan ortiq tillarni bilishlari shartliligini aytib har bir jumhuriyatda mahalliy tillarni o‘zlashtirish bo‘yicha imtihon o‘tkazishni taklif qiladi («Pravda Vostoka». 1989 yil 23 iyun).

Qonunda davlat tiliga o‘tish va uni o‘rganish uchun ma’lum muddatlar (3, 8 yil) belgilangan. Unga berilgan sharhlarda («O‘zbekiston» nashriyoti", 1990 yil) bu bandlar bosqichma-bosqich amalga oshiriladi", deyilgan. Chunki aksariyat idoralar kotiblari, bo‘limi boshliqlari, devonbegilar (kanselyariya boshliqlari) o‘zbek tilini yaxshi bilmaydilar. Barcha hujjatlarni rus tilida yozishga odatlanib qolishgan. Biz ularga yordam berishimiz, tushuntirish ishlarini olib borishimiz lozim. Binobarin, Ittifoq qonunida ham aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish joylarida ishlovchilar davlat tilini bilishi shartligi haqida modda qabul qilingan va unga amal qilish lozimligi ko‘rsatib o‘tilgan (13-modda). Ammo hamma balo shundaki, bunday qonun bizning jumhuriyatda hali qabul qilinmagan. Estonlar esa bir yil muqaddam 100 kasb bo‘yicha eston tilini egallash darajasini belgilab chiqdilar.

1928 yili Sovetlarning Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi va Xalq Komissarlari Soveti «Davlat idoralarini o‘zbeklashtirish» va «O‘zbekiston SSR idora, korxona va tashkilotlari ishchi-xodimlarini o‘zbek tiliga majburiy o‘rgatish to‘g‘risida» qaror qabul qilgan edi. Qarorda davlat idoralarini o‘zbeklashtirish Markaziy Komissiyasiga idoralarda ish yuritish hujjatlarini mahalliy va rus tiliga o‘tkazish, idoralarni asta-sekin ikki tilni biluvchi xodimlar bilan to‘ldirish, idora xodimlari o‘zbek tilini o‘rganishi uchun 1, 2, 3 yillik to‘garaklar tashkil qilish vazifasi yuklatilgan edi. Idora va muassasalarga 1929 yil 1 oktabrdan boshlab o‘zbek tilini bilmaydiganlarni ishga olmaslik, tub aholi tilini mensimagan yoki unga nisbatan g‘ayri munosabatda bo‘luvchilarni o‘zbek tilini biluvchi xodimlar bilan almashtirish huquqi berilgandi. Bu muhim masalada SSR Markaziy Ijroiya qo‘mitasi 1931 yil 23 noyabrda «1933 yilda O‘zSSRdagi davlat idoralarini o‘zbeklashtirish to‘g‘risida» qaror chiqardi.

Shu yili O‘zSSR Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi va Xalq Komissarlar Soveti ham idoralarni o‘zbeklashtirish to‘g‘risida yana qaror qabul qildi (№ 25-SU 1932, № 10. 42-modda) So‘nggi qarorda 1933 yil 1 aprelgacha bu muhim ishni tugallash va belgilangan muddatda o‘zbek tilini o‘rganib olgan xodimlarni rag‘batlantirish va mukofotlash zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Bunday qarorlar qabul qilinishining o‘ziga xos sabablari bor edi. 1917 yil noyabrda ta’sis etilgan Turkiston o‘lkasining Xalq Komissarlari Soveti tarkibida birorta mahalliy xalqdan vakil bo‘lmagan holda o‘sha yili 26 noyabrda Qo‘qon shahrida tashkil etilgan «Turkiston muxtoriyati» (keyinroq nima uchundir «Qo‘qon muxtoriyati» bo‘lib ketdi) tarkibidagi 54 a’zodan 32 tasigina mahalliy millat vakillari (ular aholining 95 foizini tashkil etar edi) bo‘lib qolganlari Ovro‘po partiyalarining turli birlashmalarining a’zolari hamda boshqa millat vakillaridan iborat edi. Hatto Solomon Gersfeld hukumatning moliya vaziri qilib saylandi. Ammo «Qo‘qon muxtoriyati» mustaqilligi qanday yakun topgani hammaga ma’lum. Vaholanki, qurultoy qarorida «Rusiya jumhuriyati ila birlikda qolgan holda Turkistonni yerlik muxtoriyati (ya’ni territorial-avtonomiyalik) e’lon qiladur» («Hurriyat». 1917 yil 5 dekabr) deb ta’kidlagan edi.

TurkASSR (1918−1924 yillar) MIK raisi P. A. Kobozev va XLK raisi F. I. Kolesovlarning mahalliy millat vakillariga ishonchsizligi tufayli idoralarda mahalliy millat vakillari juda ozchilikni tashkil etdi. Masalan, xalq ta’limi va maorifi ministrligida 68 rus, 1 turkman, 1 o‘zbek ishlagan, xolos. Chor Rossiyasi davrida esa Rus — Osiyo banki qo‘llanmasiga ko‘ra, Qo‘qon bankida ishlashning asosiy shartlardan biri mahalliy tilni bilish bo‘lgan. Buning uchun bank bu yerda ishlashni xohlovchilarni o‘z hisobiga bir yil (ba’zilarni bir yarim yil) davomida o‘zbek tilini o‘rganishga o‘qitgan, ma’lum imtihondan keyingina ishga qo‘ygan.

Stalin istibdodi avjga chiqqan davrda Markaziy Ijroiya Komitetining yuqoridagi qarorlari bekor qilindi. Bu bilan millatlarni mensimaslik, tili, madaniyati, tarixini esdan chiqarishga tomon yo‘l tutildi. O‘tgan 50−60 yil ichida jumhuriyatimizda yashab turgan ayrim rus tilida so‘zlashuvchilarga bu hol ta’sir etdi va o‘rtaga anglashilmovchilik tushdi. Ana shu kabi illatlarning natijasi o‘laroq «Izvestiya» gazetasida Yu. Feofanovning o‘zbek xalqiga tuhmat va haqoratdan iborat maqolasi («Izvestiya». 1990 yil, 1 yanvar) e’lon qilindi.

«Argumentы i faktы»ning (1990 yil, 21−27 iyul, № 29) yozishicha, O‘shda o‘zbeklar butun rahbariy vazifalarni egallab, qirg‘izlarga yo‘l bermayotgan emish. Gazeta farg‘onaliklarga mesxeti turklariga nisbatan «qirg‘inchi» («pogremshik») deb tamg‘a qo‘ydi. Armani, ozarbayjon, qirg‘iz, o‘zbek turklarning o‘zaro hamda «ruslarga da’volari ko‘payib boryapti», deb yozadi. «Izvestiya» ning 1990 yil 26 iyul sonida ta’kidlanishicha, O‘sh oblastida 26 foiz aholi o‘zbek bo‘lishiga qaramay (O‘sh shahrida O‘zgan, Jalolobod, Qorasuvda 75 foiz aholi o‘zbek) faqat 4 foiz o‘zbeklar rahbariy lavozimlarda ishlar ekan. O‘zbeklar bilan qirg‘izlar orasidagi nizoning kelib chiqishiga «…shoshilib va muhokamasiz til to‘g‘risidagi qonunning qabul qilinishi» va xalqning «asosan qishloq yoshlarining haddan tashqari iqtisodiy va ma’naviy qashshoqlangan patriarxal munosabatlarning singdirilishi» sababchi bo‘libdi…

O‘zbekiston prezidenti I. A. Karimov 1990 yil 21 iyul kuni «Pravda» gazetasi muxbirlariga bergan javobida ommaviy axborot vositalari haqida gapirib «O‘zbekiston xalqi markaziy matbuotda noxolislik, noto‘g‘ri munosabatlar mavjudligi yaqqol his etmoqda», deb aytdi.

V. I. Lenin Turkiston o‘lkasiga 1920 yil iyun oyida o‘zining muxtor vakili, taniqli partiya arbobi Adolf Abramovich Ioffeni yuborar ekan, unga Turkistonning etnolingvistika kartasini tuzishni va shu asosdagina Turkiston respublikalarga bo‘lishni o‘ylab ko‘rishni topshirdi («Pravda Vostoka». 1989 yil, 19 iyul). Ming afsuski, bunday karta tuzilmadi. (hozirgacha ham tuzilgani yo‘q!).

V. I. Lenin vafot etgach, 1924 yili O‘zbekiston, keyinroq boshqa milliy jumhuriyatlar tashkil bo‘ldi. Bunda aholi yashayotgan joylarning milliy tarkibi hisobga olinmadi (umuman, Turkistonni milliy jumhuriyatlarga bo‘lish kerakmidi? TurkVO — Turkiston harbiy okrugi — saqlangan-ku).

Albatta, davlat tili haqidagi qonunni amalga oshirishda juda ehtiyotkorlik darkor. Ayniqsa, Toshkent, Farg‘ona, Angren, Chirchiq, Guliston, Yangiyer, Navoiy, Bekobod kabi shaharlarda ko‘pchilik rus tilida so‘zlovchi aholi bo‘lgani sababli ularning o‘zbek tilini o‘rganishlari uchun alohida tadbir-choralar belgilash, qonunni shoshmasdan amalga oshirish kerak. Shu bilan birga mahalliy millat vakillaridan mutaxassislar tayyorlash, ishchi-xizmatchilarning malakasini oshirish va yangi mutaxassislik berish ishini keng rivojlantirish kerak.

Jumhuriyatimizda o‘zbek tilini juda yaxshi biladigan boshqa millat vakillari ko‘p, ayniqsa, rahbariy idoralarda bunday kishilar anchagina. Ular matbuotda, radio va teleko‘rsatuvlarda o‘z tajribalarini o‘rtoqlashsalar, jumhuriyatga katta yordam ko‘rsatgan bo‘ladilar. Bu kabi tadbir-choralar millatlararo nizolarning oldini oladi, do‘stlikka, o‘zaro hamkorlikka xizmat qiladi.

Davlat tili haqidagi Qonun sustkashlik bilan amalga oshirilayotganining ikkinchi sababi qabul qilinayotgan qaror va farmoyishlar ustidan muttasil nazoratning yo‘qligidir.

Shu yil 19 fevralda «O‘zbekiston SSRning davlat tili to‘g‘risida»gi Qonunini amalga oshirish Davlat programmasi qabul qilindi. Unda Qonunni bajarish borasida har bir nozirlik, qo‘mita, idora va muassasaning vazifalari aniq belgilab chiqildi. Lekin bu qarorning bajarilishi ustidan doimiy nazorat o‘rnatilmagan. Jumhuriyat Atamashunoslik qo‘mitasi (kotib bilan 6 kishidan iborat) ancha ishlarni amalga oshirgan bo‘lsa-da, uni tuzish to‘g‘risidagi farmoyishning ko‘p bandlari nazoratsizlik orqasida bajarilmay qolmoqda.

Hukumat topshrig‘iga qaramay, jumhuriyatdan 200 ga yaqin nozirlik, qo‘mita, idora, ijtimoiy tashkilotlardan faqat 15 tasi o‘zining ichki atamalari va nomlanishlarini o‘zbek tiliga tarjima qilib berishni so‘rab, Jumhuriyat atamaqo‘miga murojaat qildi, xolos. Rasmiy hujjatlar batamom rus tilida yoki chala o‘zbek tilida tuzilyapti, sud va notarial idoralar markazdan qandaydir ko‘rgazmalar kutyapti.

Davlat tili to‘g‘risidagi Qonunni to‘la va izchil bajarish uchun quyidagi eng dolzarb tadbir-choralarni amalga oshirish kerak:

1. O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasi jumhuriyat Oliy Kengashi va Nozirlar Kengashi huzurida milliy tillar va milliy munosabatlar bo‘yicha tuzilgan komissiyalar ishini jonlantirish. Atamashunoslik Qo‘mitasini «Milliy tillar va atamalar» qo‘mitasiga aylantirish zarur. Bu obro‘li tashkilotlarni zarur miqdorda xodimlar bilan ta’minlab, har birining vazifasini aniqlab, chegaralab berish lozim. Ana shunda nozirliklar, qo‘mitalar va boshqarmalarning viloyatlar ijroqo‘mlari va turli komissiyalarning hisobot hamda takliflarini eshitish va zarur qarorlar qabul qilish mumkin bo‘ladi.

2. O‘zbekiston tilshunoslari jamiyatini tuzish kerak.

3. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutidan tilshunoslik sohasini ajratib, alohida tilshunoslik instituti ochishni tezlatish zarur. Tilshunoslik institutining asosiy faoliyati Davlat tili haqidagi qonunni va u bo‘yicha tuzilgan Davlat Programmasini bajarishni nazorat qilish va yordam berishga qaratilishi shart. Buning uchun institut butun ilmiy-tadqiqot ishlarini Qonun asosida qayta ko‘rib chiqishi darkor. Birinchi galda o‘zbek adabiy tili uslubiyati ustida va o‘zbek tilining nazariy masalalari ustida ishlashga (bu borada o‘zbek tilshunosligi rus va g‘arbiy Ovro‘pa tilshunosligidan 30−40 yil orqada qolgan) institut va oliy o‘quv yurtlari til kafedralari olimlarining diqqatini jalb etish zarur.

Davlat tili haqidagi Qonunning 27-moddasi «Davlat tiliga va boshqa tillarga mensimay yoki xusumat bilan qarash taqiqlanadi». Agar shunday xatti-harakatlar sodir bo‘lsa. «…amaldagi qonunlar asosida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi», deyilgan. Qonunning 28-moddasida «…rahbarlar o‘zlariga tobe soha doirasida ushbu Qonun talablariga rioya qilinishiga shaxsan javobgardirlar», deb ko‘rsatilgan. Ammo hozirgacha biror prokuratura yoki sud, nozirlik yoki boshqarma qonunni buzayotgan biror rahbarni ogohlantirgani yo‘q. Kelgusida bu xususda jiddiy chora-tadbirlar ko‘rish lozim.

Xullas davlat tili haqidagi qonunni amalga oshirish avvalo rahbariy tashkilotlarga, so‘ngra shu qonunning qabul qilinishida jonbozlik ko‘rsatgan fuqarolarning faol harakatiga bog‘liqdir.

O‘zbekiston SSR Fanlar akademiyasi muxbir a’zosi, jumhuriyat Atamashunoslik qo‘mitasi raisi G‘anijon Abdurahmonov.