Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanidagi Paxta qabul qilish punktida yong‘in sodir bo‘ldi, deya xabar bermoqda viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi matbuot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, soat 18:13 da FVB navbatchilik qismiga tumanning «Uch-tepa» MFY hududidagi Jizzax Instural To’qima MCHJga qarashli Paxta qabul qilish punktida yong‘in sodir bo‘layotgani to‘g‘risida xabar kelib tushdi.

Shunga ko‘ra, 4 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji voqea joyiga soat 18:20 da yetib borib, yong‘in 18:24 da o‘rab olindi va 18:50 da o‘chirildi. Natijada 1 ta 14-sonli g‘aramning ustki qismi to‘liq, 15-sonli g‘aramning ustidagi «sulton» navli paxta tolalari yongan. 35−40 kg paxta tolalari yonib, zararlangan.

Hozirda yong‘inning kelib chiqish sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.