13 oktabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Namangan viloyatining Davlatobod tumanidagi 58-maktabda o‘qituvchi o‘quvchini kaltaklagani aks etgan video tarqaldi. Namangan IIB holatga rasmiy munosabat bildirib, voqea o‘sha kuni nazoratga olinganini ma’lum qildi.

Tergovga qadar tekshiruv xujjatlariga ko‘ra, payshanba kuni soat 16:10 larda «Geografiya» fani o‘qituvchisi o‘zi rahbarlik qilayotgan 5-«v» sinfdagi 2011 yilda tug‘ilgan X.M. xatti-harakatlaridan norozi bo‘lgan.

Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsuddinovning ma’lum qilishicha, sinf rahbari o‘quvchisining boshqa o‘qituvchilarning dars vaqtida o‘zini noo‘rin xatti-harakatlari bilan qolgan o‘quvchilarga xalaqit berib kelayotganini eshitgan.

Tanaffus paytida uni tartibga chaqirmoqchi bo‘lganida, o‘quvchi sinf rahbarini mensimasdan gap qaytargan.

Shundan so‘ng, o‘qituvchi jahl ustida o‘quvchining badanini turli joylariga bir necha marotaba urib, unga tan jarohati yetkazgan.

Hozirda holat bo‘yicha sud tibbiy ekspertizasi tayinlandi. Namangan shaxar IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovga qadar tekshiruv harakatlarini boshladi. Qo‘shimcha ma’lumot taqdim etiladi, deyiladi xabarda.

Xalq ta’limi vazirligi matbuot kotibi Laylo Rustamova muhokamalarga sabab bo‘layotgan mazkur voqea bo‘yicha bolalar o‘rtasida yuzaga kelayotgan turli tarbiyasizlikka aynan befarqlik va loqaydlik sabab bo‘layotgani, shu bois o‘qituvchini qoralashdan oldin mulohaza qilib ko‘rishga chaqirdi.

Ustozlardan esa bolani tarbiyalashda bunday usullarga bormasdan har qanday holatda og‘ir va vazminlik saqlashni so‘radi.