2020 yil dekabr oyida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) O‘zbekistonda maslahat xizmatlarini ko‘rsatish orqali biznesni qo‘llab-quvvatlash tashabbusi doirasida «Ayollar biznesda» dasturini ishga tushirgandi. U gender tengsizligi muammosiga yechim topish, qolaversa, tadbirkor ayollarni moliyalashtirish, nou-xaulardan foydalanish imkoniyatini kengaytirishga qaratilgan.

Iyul oyi oxirida ushbu tashabbus doirasida O‘zbekiston tadbirkor ayollari uchun mentoring dasturi ishga tushirildi. Dastur operatori — SmartGov konsalting byurosi hisoblanadi. U biznesga ega yoki uni boshqaradigan ayollarni qo‘llab-quvvatlashga mo‘ljallangan.

Dastur haqida

Dasturda mentor (ustoz) yoki menti (shogird) sifatida ishtirok etish mumkin. Bunday tizim «ustoz-shogird» an’anaviy uslubga o‘xshaydi.

Unda 27 nafar mentor va 50 nafar menti qatnashmoqda. Ular juftliklarda maxsus ishlab chiqilgan dasturga muvofiq ishlamoqda. Ishtirokchilar uchun trening, netvorking uchrashuvlar, seminarlar, mahorat darslari va shu kabilar tashkil etilgan. Birinchi kurs uchun arizalar faqat Toshkentdan qabul qilingan edi. Dastur 2023 yilning fevral oyigacha davom etadi.

Mentorlar orasida — O‘zbekiston nodavlat ta’lim muassasalari assotsiatsiyasi raisi, Leader School asoschisi Firuza Vaxabova, Begim kompaniyasi asoschisi (Parfum Gallery) Gulchexrabegim Maxmudova, Caravan Group ta’sischisi va art-direktori Natalya Musina, «ChayKof» qahvaxona tarmog‘i asoschisi va CEO Alina Simerman, Testo tarmog‘i asoschisi Zamira Raxmanova, Maslov PR Tashkent agentligi loyihalarining hamkori va direktori Sevil Sakayeva, GoodComm PR Agency rahbari Nigora Akilova va boshqalar bor.

Dastur yakunida menti innovatsiyalarni joriy etish, yangi bozorlar ochish, yangi ish o‘rinlari yaratish, savdo va daromadni ko‘paytirish bo‘yicha bilim va tajriba orttiradi.

«Maqsad — ayollar oldidagi to‘siqlarni bartaraf etish»

«Gazeta.uz» bilan suhbatda SmartGov ijrochi direktori Aziza Umarova mazkur loyihaning ahamiyati va nima uchun davlatning o‘zi shu kabi tashabbuslarga qo‘l urmasligiga to‘xtalib o‘tdi.

«Biz velosipedni qayta ixtiro qilmaymiz. YeTTB topshirig‘iga binoan, biznes bilan shug‘ullanuvchi ayollar uchun murabbiylik dasturi orqali biz ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha global talabga javob beramiz. Ko‘pgina tadqiqotlar jahon iqtisodiyotini ikki barobar oshirishning 100 foizlik yo‘li borligi va bu ayollar tadbirkorligini rivojlantirish ekanligini qayta-qayta isbotladi», — dedi u.

Uning misol sifatida keltirishicha, Boston Consulting Group (BCG)ning hisob-kitoblariga muvofiq, agar tadbirkor ayollar soni erkaklar orasidagidek ko‘p bo‘lsa, jahon yalpi ichki mahsuloti 3 foizdan 6 foizga oshadi, jahon iqtisodiyoti esa 2,5 trln dollardan 5 trln dollargacha o‘sadi.

«Mentorlik dasturi O‘zbekiston sharoitida o‘z mazmun-mohiyatiga ko‘ra noyob bo‘lsada, dunyoning boshqa ko‘plab mamlakatlarida allaqachon joriy etilmoqda. Buning mohiyati oddiy — dastur doirasida biz mentor va mentilarni saralab olish uchun ochiq tanlov e’lon qilamiz, so‘ngra saralangan mentor va mentilar juftligini shakllantiramiz. Shuni ta’kidlash kerakki, mentorlar bozorda kamida besh yillik tajribaga ega, allaqachon o‘zini ta’minlayotgan tadbirkorlardir. Mentilar esa bozorda ikki yillik tajribaga ega intiluvchan tadbirkorlardir», — dedi Aziza Umarova.

Mentorlar va mentilar haqida ma’lumot dastur saytida mavjud. Juftliklar mentorlarning kuchli layoqatlari va mentilarning ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda shakllantiriladi.

«Mentorlar va mentilar maqsadlar bo‘yicha kelishib olishadi, — dedi u. — Oldindan rejalashtirilgan yig‘ilish rejasiga muvofiq, har bir mentidan butun davr uchun kamida 8 ta uchrashuv, mentilar biznes bilan bog‘liq masalalar va muammolar bo‘yicha maslahat va tavsiyalar olishadi. Mentorlar va mentilar jamoalari dastur davomida erishilgan yutuqlar va duch kelgan qiyinchiliklarni maxsus ish daftariga yozib borishadi».

Dasturni boshlash chog‘ida tashabbuskorlar oldiga qanday maqsadni qo‘ygan?

«Dasturning asosiy maqsadi ayollarning bilim olishi yo‘lidagi asosiy to‘siqlarni bartaraf etish, shuningdek, yetakchi hamda tadbirkor ayollarni biznesni rivojlantirish, malaka oshirish va shaxsiy o‘sish, tajriba almashish borasida qo‘llab-quvvatlashdan iborat. Ish mentor va mentilarning har oylik uchrashuvlariga asoslanadi, mentilar uchun bir qator seminarlar va treninglar o‘tkaziladi, shuningdek, asosiy e’tibor dastur ishtirokchilari bilan muloqotga qaratilgan», — dedi SmartGov ijrochi direktori.

Birinchi guruh Xoreka (HoReCa), chakana savdo, konsalting kompaniyalari, ishlab chiqarish kompaniyalari va boshqalar kabi turli biznes sohalarini ifodalovchi yorqin va istiqbolli ishtirokchilarni birlashtirgan.

«Ayollarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlat dasturlari biroz boshqacha yo‘nalishda ishlaydi. Mamlakatimizda hali ham mustaqil xo‘jalik birlashmalarining keskin tanqisligi mavjud. Erkaklar va ayollar o‘z manfaatlarini himoya qiladigan platformalar kam. Lekin so‘nggi 2−3 yil ichida ayollarning o‘zi ham birlashishga qiziqa boshladi. Umid qilamizki, bir kun kelib bu kuchli va g‘ayratli biznes uyushmalariga aylanadi. O‘zbekiston ishbilarmon ayollar uyushmasining 90 yillardagi shonli tajribasi barchamizning yodimizda», — dedi Aziza Umarova.

Avvalo, dastur ayollarga ishonchsizlikni yengib o‘tishga va kerakli qimmatli murabbiylik tajribasiga ega bo‘lish uchun yordam berishga mo‘ljallangan. Mentordan tashqari, dastur doirasida bir qator seminar va treninglar, ko‘nikmalarni sayqallash va ishtirokchilarga bilim ulashish ko‘zda tutilgan. Masalan, biznesni rivojlantirish strategiyasi, savdo, franchayzing, dizayn fikrlash va boshqalar shular jumlasidan.

«Natijada, mentilar o‘z bizneslarini qanday rivojlantirishi yoki kengaytirishi, aylanmasini oshirishi va yangi ish o‘rinlari yaratishi mumkinligini o‘rganishiga umid qilamiz. Dastur shuningdek, ishtirokchilarga birgalikda o‘sishi va rivojlanishiga yordam beradi va O‘zbekistonda tadbirkor ayollarning katta hamjamiyatini shakllantiradi», — dedi u.

O‘rtacha bitta «oqim» 8 oy davom etadi. 2023 yilning fevraliga qadar birinchi oqimdan eng kuchli juftliklar tanlab olinadi va taqdirlanadi. Birinchi oqim hozircha faqat Toshkent shahrida amalga oshirilmoqda. Keyingilari viloyatlarni ham qamrab oladi.