«Gazeta.uz» o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 33 yilligi munosabati bilan oktabrni — «O‘zbek tili oyligi» deb e’lon qildi. O‘tgan davr mobaynida mazkur yo‘nalishda katta-kichik qadamlar tashlandi, biroq o‘zbek tili maqomini to‘la-to‘kis mustahkamlay olmadi. Til borasida yechimini kutayotgan muammolar hamon kamaymagan. Mazkur oylik davomida tahririyat jamoasi har kuni o‘tgan vaqt ichida turli nashrlarda chop etilgan, dolzarbligini hanuz yo‘qotmagan maqola, nutqlarni qayta berib boradi. Navbatdagi maqola Umarali Normatov, Nasimxon Rahmonlar tomonidan 2007 yilda yozilgan.

«Eng boy va eng baxtsiz» tilimiz

Hamma davrlarda ham elning ilg‘or farzandlari, xususan, ijodkor ziyolilari ona tili, uning joriy holati, kelajagi haqida astoydil qayg‘urgan. Ayniqsa, millat tarixi va ma’naviyatining burilish pallalarida, o‘zlikni anglash zaruratga aylangan kezlari bu hol yanada yaqqolroq namoyon bo‘ladi. Italiyada Aligeri Dante, Fransiyada Dyu Belli, Fransua Rable va M.Bellin, Rossiyada M.Karamzin, F.A.Goncharov, Xurosonu Movarounnahrda esa Alisher Navoiy, Husayn Boyqaro hamda Bobur Mirzo ona tili himoyasi va taraqqiyoti uchun izchil, mardona kurash olib borgani buning dalilidir. Ular til himoyasini el, vatan himoyasi deb bilgan, bu mavzuda maxsus asarlar ham yaratgan. Alisher Navoiyning «Muhokamat ul-lug‘atayn» asari nafaqat Sharqda, balki G‘arbda ham bu jihatdan namuna bo‘la oladi. Ushbu asar bilan tanishgan fransuz olimi M. Bellin 1861 yili bunday deb yozgan edi: «Alisher Navoiyning o‘z milliy tili afzaliyatini inkor etib bo‘lmaydigan dalillar orqali isbot etgani — o‘z xalqi orasida vatanparvarlikni boshlab berganidan dalolatdir».

Til — millat qiyofasini ko‘rsatadigan eng muhim vosita. Millat yoki elatning mavjudligi, barhayot ekani, yashayotgani tiliga ko‘ra ayon bo‘ladi. Tarixda bunga misollar ko‘p. Manbalarda zikr etilishicha, miloddan oldingi V asrda Bobil davlati hukmdori Novuxodnosir hozirgi Isroil xalqini o‘z mamlakatiga asir qilib olib ketadi. Isroil xalqi yetmish yil ona yurtidan ayri yashashga mahkum etiladi. Ammo isroilliklar yer yuzidan yo‘qolib ketmadi, xalq sifatida saqlanib qoldi. Ularni halokatdan asragan bosh omil asirlikda ham ona tilini yo‘qotmaganidir. Shunday ekan, o‘zligini anglagan xalq birinchi navbatda til ravnaqi uchun qayg‘uradi, uning istiqbolini o‘ylab jon kuydiradi.

Ma’rifatparvar jadidlarning ona tili rivojiga bo‘lgan e’tibori ham bunga misoldir. Abdurauf Fitrat tilimizning dunyodagi «eng boy va eng baxtsiz» ekanini aytib, uning sofligini saqlash nechog‘lik muhimligini ta’kidlagan bo‘lsa, Abdulla Avloniy fikricha, «millatning dunyoda borligini ko‘rsatadurg‘on oinai hayoti» bo‘lgan tili va adabiyotini asrashdan ham zarurroq ish yo‘q. Uning e’tiroficha, «milliy tilni yo‘qotmak — millatning ruhini yo‘qotmakdir».


«Tafakkur» jurnali. 2007 yil 1 son.

Mustabid tuzum zamonida milliy tillarga nopisand munosabat, ular mavqeini har jihatdan kamsitish avj olgan kezlari ham millatning asl farzandlari ona tili himoyasi yo‘lidagi kurashni davom ettirgan. O‘tgan asrning 60-yillari oxirlarida mashhur qozoq shoiri O‘ljas Sulaymonning «Az i Ya» kitobi bu sohada dadil qadam bo‘lgani ko‘pchilikka ayon. Kitob muallifi turkiy tilning teran ildizlari, taraqqiyot yo‘llari, beqiyos imkoniyatlari, miqyosi xususida dadil qarashlarini ilgari surgan, bu boradagi tasavvurlarni tamomila yangilagan edi. Mamlakatimizda esa buyuk so‘z ustasi Abdulla Qahhorning 50−60-yillarda ona tili qayg‘usi bilan yo‘g‘rilgan mardona chiqishlari millatning bukilgan qaddini tiklagan edi.

Qarangki, 80-yillar oxiridagi istiqlol yo‘lidagi harakatlar ayni ona tiliga davlat maqomi berilishi uchun jo‘shqin kurashlar bilan birga kechdi. «Xalq tili va realistik proza», «Til va dil» risolalari bilan Abdulla Qahhor an’anasini davom ettirgan ustoz adibimiz Pirimqul Qodirov istiqlol yillarida til borasidagi tadqiqotlariga qaytib, milliy tilimizning XX asrdagi taraqqiyoti xususida avval aytish mumkin bo‘lmagan ko‘p haqiqatlarni oydinlashtirdi. Ayni paytda, ona tilimizning tarixiy ildizlari, xususan, millat o‘tmishidagi eng yuksak bosqich — temuriylar davri mumtoz adabiy tilimiz taraqqiyoti muammolarini maxsus o‘rganishga jazm etdi. Shu tariqa yozuvchining «Til va el» kitobi yuzaga keldi.

Ushbu kitob shunisi bilan qimmatliki, muallif unda bir necha jiddiy masalalarni tadqiq etgan. Birinchidan, bugungi turkiy tillar orasida eng keng tarqalgan o‘zbek tilining qadimiyligi va uzluksiz rivojlanib kelayotganini dalillar asosida isbotlab bergan. Buning isboti sifatida ilk bora Alp Er To‘nga (Afrosiyob) zamonidan (miloddan oldingi VII asr) davom etib kelayotgan turkiy tilning tadrijiyligi masalasini ilgari surgan. Ikkinchidan, kitobda muallif o‘zbek adabiy tilining o‘rta asrlardagi taraqqiyoti manzarasini bor bo‘yicha, butun go‘zalligi bilan ko‘rsatish, Navoiy va Boburning bu sohadagi beqiyos xizmatlari mohiyatini ochib berish vazifasini a’lo darajada uddalagan.

Ta’kidlash joizki, dalillarni saralab taqdim qilish, til hodisalarini tarixiy, etnik, madaniy jarayon tadqiqi bilan mohirona qo‘shib olib borish tadqiqot muvaffaqiyatini ta’minlagan.

Turkiy tilning Alp Er To‘nga zamonidan to bugungi taraqqiyoti tarixida Mahmud Koshg‘ariyning «Devonu lug‘otit-turk» asari asosiy manba hisoblanadi. Biroq adabiy tilimiz tarixini Alp Er To‘nga zamonidan boshlasak, ko‘p masalalarga, xususan, tilimizni davrlashtirishda bugungacha davom etib kelayotgan ayrim muammolarga aniqlik kiritish, qator chalkashliklarni bartaraf etish imkoniyati paydo bo‘lar edi. Binobarin, o‘tgan asrning 30 yillaridan hozirgacha adabiyotshunoslar va tarixchilar o‘rtasida davom etib kelayotgan bahs — Alp Er To‘nga tarixiy siymomi yoki afsonaviy shaxsmi, degan jumboq o‘z yechimini topdi. Bunga Yusuf Xos Hojib va Mahmud Koshg‘ariy ma’lumotlari ishonchli dalil bo‘la oladi. Jumladan, Yusuf Xos Hojib «Qutadg‘u bilig»da bunday yozadi:

Tojiklar ayur ani Afrosiyob

Bu turk beklaridin, oti belguluk

To‘ng‘a Alp Er edi kugi belguluk.

«Devonu lug‘otit-turk»da Mahmud Koshg‘ariy bu haqiqatni quyidagicha bayon etgan edi: «Turklarning mashhur qahramoni Afrosiyobni Alp To‘nga deb atashlariga sabab uning sherni yiqitadigan botir pahlavon bo‘lgani edi».

Bu mutafakkirlarning deyarli ming yil oldin keltirgan noyob dalillarini inkor qilishga, shubhasiz, bugungi taxmin va mulohazalar ojizdir. Qachonlardir, hali Alp Er To‘nga shaxsiyati to‘g‘risidagi manbalar ilm ahliga yetarli darajada ma’lum bo‘lmagan vaqtlarda bu shaxs to‘g‘risida bildirilgan «ehtimol, u tarixiy siymo emas, afsonaviy bo‘lsa kerak» (bu gapni mashhur tarixchi V.Bartold mulohaza tariqasida yo‘l-yo‘lakay aytib o‘tgan edi), degan fikrni chin haqiqat deb qabul qilish to‘g‘ri emas. Binobarin, Bartold «Devonu lug‘otit-turk»dagi va Qutadg‘u bilig»dagi ma’lumotlardan xabardor bo‘lganida, bunday gapni aytmasligi aniq edi.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, Alp Er To‘nga shaxsiyati va u barpo qilgan davlat, bu davrdagi til bilan bog‘liq masalalar haligacha chuqur tadqiq etilgani yo‘q. Qolaversa, Alp Er To‘nga vafotidan keyin parchalanib ketgan davlatlar hududidagi tilning holati xususidagi tasavvur turkologiyada unchalik yorqin emas.

Turkiy tilning Alp Er To‘ngadan keyingi holatini aniqlash, belgilash ham benihoya muhim masala. Alp Er To‘nga davlati parchalanib ketgandan keyin davom etgan turkiy adabiy til taraqqiyoti qanday kechganini bilish uchun yana qo‘shimcha dalillarni puxtaroq, sinchiklab o‘rganishga to‘g‘ri keladi. Buning uchun manbalar yetarli: xitoy yilnomalari, yunon va rim muarrixlarining asarlari, goh «noma’lum» deb, goh o‘z nomi bilan atalayotgan yozuv yodgorliklari bu borada bebaho ma’lumot berishi mumkin. Bugungi kunda bunday yozuv yodgorliklarining aynan O‘zbekiston tuprog‘idan topilgan bir qancha namunalariga egamiz.

Turkiy tilning qadimgi turk davridagi shaklu shamoyili ravshan. O‘rxun-Enasoy yozuvi yodgorliklari V-IX asrdagi turkiy tilning alohida bosqichidir. Qadimgi turkiy til nafaqat Turonda, balki Shimoliy Mo‘g‘ulistondan to Shimoliy Afg‘onistongacha bo‘lgan hududda keng istifoda etilgan. Hatto Baqtriya hududida ham turkiy-run yozuvidan foydalanilgan va turkiy til bu davlat hududida rasmiy maqomga ega bo‘lgan. Ana shu davr tiliga xos so‘zlar hozirgi o‘zbek tilida ham mavjud (masalan: to‘qimoq, saqinmoq, qilmoq, o‘lurmoq, ya’ni o‘tirmoq). Bu dalillar qadimgi turkiy tilga bugungi o‘zbek xalqi boshqalardan ko‘ra da’vogar bo‘lishga haqliroq ekanini ko‘rsatadi. Qolaversa, qadimgi turkiy tildan hozirgi o‘zbek tiligacha bo‘lgan taraqqiyot bosqichini bosib o‘tgani tilimizning ildizi mustahkam, rivojlanish yo‘llari bag‘oyat uzun ekani isbotidir.

Chingizxon istilosi tufayli adabiyotda ham, adabiy til rivojida ham keskin o‘zgarishlar yuz berdi. Ammo chingiziylar davrida turkiy til taraqqiyoti to‘xtab qolgani yo‘q. Ayrim tarixchilar Chingiz avlodlari barpo qilgan Oltin O‘rda davlatini sun’iy deb atasa ham (balki siyosiy tuzilma sifatida sun’iydir, bunisi biz uchun muhim emas), bu davlatning o‘zbek adabiy tili va adabiyoti rivojidagi xizmatlarini e’tirof etmaslik mumkin emas. Binobarin, Misrdagi Mamluklar davlatida ham o‘zbek adabiyoti va adabiy tili rivojini Oltin O‘rda madaniy muhiti izga solgan. Oltin O‘rdadan ko‘chib borgan ijodkorlar o‘z yurtida qanday faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, buni Misrda ham davom ettirgan. Arab va fors tillaridagi badiiy asarlarni o‘zbekchaga tarjima qilish bu madaniy muhitda rivoj topdi. Birgina «Gulistoni bit-turkiy»ning tarjima qilingani buning dalilidir. XIV asrdan boshlab «Muhabbatnoma», «Qisasi Rabg‘uziy», «Nahj ul-farodis» kabi qator asarlarning yuzaga kelishini Oltin O‘rdada qaror topgan madaniy muhit mahsuli deb qarash maqsadga muvofiqdir.

Til an’anasini ma’lum bir me’yorga solishda ham Oltin O‘rdadagi o‘zbek adabiyoti va adabiy tilining muayyan o‘rni bor. Ba’zan olimlar an’ana va me’yorni unutib, tilning uzluksiz taraqqiyotini "tarixiylashtirish»ga intiladi. Jumladan, XIII-XIV asr o‘zbek adabiyoti va tiliga nisbatan «qipchoq» yoki «qipchoq-o‘g‘uz» (dunyo turkologlari orasida bu davrdagi adabiy tilga nisbatan muqim qarash yo‘q) va «Chig‘atoy adabiyoti» atamalari qo‘llanib kelinadi. Afsuski, bu salbiy jarayon hanuz davom etmoqda. Ayrim oliy o‘quv yurtlari adabiyotshunoslik dasturida «Chingizxon istilosi davri adabiyoti» degan maxsus bir bo‘lim aks etgani ham buning isbotidir. Aslida, bu «Chig‘atoy adabiyoti» degan atamaning boshqacha ko‘rinishi, xolos.

XIII-XIV asrlardagi til taraqqiyoti masalasi ham alohida ilmiy muammo. Mashhur turkolog Emir Najib bu borada jiddiy tadqiqotlar olib bordi. Ammo bu masalada baribir biryoqlamalik hukm surib kelmoqda. Ta’kidlash joizki, Oltin O‘rda o‘zbek adabiyoti va adabiy tiliga katta ulush qo‘shdi, uning rivoji uchun imkoniyat yaratdi. Ammo «Chig‘atoy tili — eski o‘zbek adabiy tili, chig‘atoy adabiyoti o‘zbek mumtoz adabiyotini bildiradi», degan yengil-yelpi, asossiz fikrlar hanuz aytilayotgani achinarlidir. Chig‘atoy tarixda, xususan, O‘rta Osiyo tarixida sezilarli iz qoldirgan emas. Uning hukmdorlik davrida til va adabiyot sohasiga e’tibor qaratgani haqida manbalarda hech qanday ma’lumot uchramaydi. Chig‘atoy asosan Eronda hukmronlik qilib, faqat Jaloliddin Manguberdiga qarshi kurashda aka-ukalariga yordam bergan, xolos. Bu ma’lumotlar Rashididdin Fazlulloh Hamadoniyning (XIII asr) «Jome’ ut-tavorix» asarida batafsil bayon qilingan. Aslida til va adabiyot tarixini davrlashtirishda ijtimoiy-siyosiy jarayonga emas, adabiy voqelikka asoslanish kerak.

Ma’lum bo‘ladiki, XIII-XIV asr o‘zbek adabiyoti va adabiy tili yangicha ko‘zqarash asosida qayta tadqiq etilishi zarur. Binobarin, bu davrdagi adabiy til, qaysi hududda amal qilgan bo‘lmasin, bugungi o‘zbek adabiy tiliga juda yaqin. Masalan, Qutbning shu davrda yozilgan «Xusrav va Shirin» dostonidagi deyarli barcha so‘zlar hozirgi o‘zbek tilida ham mavjud. Bu esa kelgusida O‘rta Osiyo, Oltin O‘rda, Mamluklar davlati hududidagi o‘zbek adabiyoti va adabiy tili yaxlit holda o‘rganilishi kerakligini ko‘rsatadi.

E’tirof etilgan haqiqat: o‘zbek adabiy tili rivojini hazrat Navoiyning boy adabiy merosidan ayri tasavvur etib bo‘lmaydi. Zero, asrlar davomida to‘plangan til boyliklari Alisher Navoiy ijodida umumlashtirilib, yaxlitlik kasb etgan. Navoiy davri Navoiyning tilga bunchalik katta e’tibori bejiz emas edi. U buyuk tilshunos sifatida faqat «Muhokamat ul-lug‘atayn» asarini yozish bilangina cheklanmadi. Boshqa asarlarida ham tilshunoslikning ko‘plab nazariy va amaliy muammolari xususida qimmatli fikrlarni ifodaladi. Jumladan, Navoiy so‘zga ta’rif berish, so‘zning qudratini ko‘rsatish orqali til nazariyasiga oid muhim qarashlarini ilgari surdiki, bugungi tilshunoslikda Navoiyning bu nazariy qarashlari alohida tadqiq etishga loyiqdir. Jumladan, ulug‘ shoir «Layli va Majnun» dostonida so‘zga ta’rif berib, bunday yozadi:

Bas avvalg‘i sado so‘z o‘lg‘ay, Har savtqa ibtido so‘z o‘lg‘ay.

Ya’ni, eng birinchi ovoz so‘z bo‘lgan edi, har bir ovozning boshlanishi ham so‘zdir.

Navoiyning bu misralaridan so‘z — gap nazariyasini anglash mumkin. Bu esa galdagi vazifa sifatida ulug‘ mutafakkirning umumiy tilshunoslikka oid qarashlarini ilmiy o‘rganishni taqozo etadi.

Ko‘rinib turibdiki, ona tilimiz tarixining yechimini kutayotgan nazariy va amaliy muammolari talaygina. Ularni ilmiy asosda hal etish o‘zbek adabiy tili rivojida yangi bosqichni boshlab beradi.

Umarali Normatov, Nasimxon Rahmon

Ushbu maqola «Tafakkur» jurnalining 2007 yil 1 sonidan olindi.

«O‘zbek tili oyligi» doirasida hozirga qadar e’lon qilingan maqolalar quyida keltirilgan: