Samarqandning Gagarin ko‘chasidagi piyodalar o‘tish joyidan o‘tayotgan ayolni tezlikni me’yoridan oshirgan Volkswagen haydovchisi urib yubordi, deya xabar qilmoqda YHXX «Sevimli» telekanalidagi ko‘rsatuviga tayanib.

Tanishi bilan piyodalar yo‘lagidan o‘tayotgan 64 yoshli ayol olgan jarohatlari sabab voqea joyida vafot etgan. Voqea haqida gapirgan haydovchi tezligi katta bo‘lmagani va piyodani ko‘rmaganini aytdi.

«Ikki kishi edi, birinchisi turgan edi, ikkinchisini ko‘rganim yo‘q. Tezlik katta emasdi», — dedi haydovchi.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Transport vositalari harakati xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘limiga sabab bo‘lsa) bilan jinoiy ish qo‘zg‘atildi.