2022 yilning III choragida norezidentlar tomonidan yashash joylariga bo‘lgan talabning ortishi, aholining ikkilamchi daromadlari o‘sishi hamda mavsumiy omillar hisobiga ko‘chmas mulk bozorida o‘suvchi dinamika saqlanib qoldi. Bu haqda Markaziy bank sharhida ma’lumot berildi.

Bozordagi faollik va oldi-sotdi shartnomalari respublikaning barcha hududlarida ko‘chmas mulk oldi-sotdisi bo‘yicha tuzilgan shartnomalar soni oshdi. Joriy yil iyul-sentabr oylarida 79,9 mingta shartnomalar rasmiylashtirilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 20%ga oshdi.

Ko‘rsatkichning baland bo‘lishi asosan avgust va sentabr oylarida tuzilgan shartnomalar bilan bog‘liq. Hududlar bo‘yicha taqsimlanganda eng yuqori o‘sish ko‘rsatkichlari Xorazm (41%), Navoiy (39%), Jizzax (32%) va Qashqadaryo (30%) viloyatlariga to‘g‘ri kelmoqda. Ushbu davrda Toshkent shahrida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 18%ga ko‘proq shartnomalar rasmiylashtirilgan.


Bundan tashqari, qidiruv tizimlarida eng ko‘p izlangan so‘rovlar natijalariga ko‘ra, ushbu davrda bozor faolligi sezilarli darajada oshgan. Shu bilan birga, mamlakatda ko‘chmas mulkni sotib olish va ijaraga olishga bo‘lgan qiziqish ma’lum mamlakatlardan, xususan, Rossiyadan norezidentlar tomonidan o‘tgan chorak boshidan sezilarli darajada oshgan, bu qo‘shimcha talab va narx muhitiga nafaqat joriy chorakda balki, kelgusi davr uchun ham bosim o‘tkazadi.

Taklif o‘rtacha barqaror darajada saqlanib qolib, bozorda hosil bo‘lgan yuqori talabni qisman muvozanatlashtirmoqda.

Ijara haqi

Avgust-sentabr oylarida turar joylar uchun ijara narxlarida o‘sish kuzatildi. Iyul oyida respublika bo‘yicha ijara narxlari vaqtinchalik pasayib (mehnat ta’tili davri va o‘quv yilining yakunlanishi), so‘m birgilida 2,5 foizga kamaydi (dollar ekvivalentda 2,2 foiz). Keyingi ikki oy ichida 17 foizlik sezilarli o‘sish kuzatildi (mos ravishda avgustda 8,6 foiz va sentabrda 7,7 foiz).

Toshkent shahar, Samarqand, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida 1 kv.m uchun ijara haqi sezilarli darajada oshgan. Hozirgi vaqtda aholi tomonidan sezilayotgan ijara haqining oshishi inflyatsion kutilmalarda o‘z aksini topmoqda.

Markaziy bank tomonidan o‘tkazilgan so‘rovlar natijalariga ko‘ra, joriy davrda va kelgusi 12 oy davomida narxlar o‘sishining asosiy omillaridan biri sifatida uy-joy va ijara haqi uchun to‘lovlarning o‘sishi saqlanib qolayotganligini ta’kidlagan respondentlar ulushi oshganini ko‘rish mumkin.

Ikkilamchi ko‘chmas-mulk bozori

III chorakda 5,2 foizga, yil boshidan buyon esa 18,1 foizga qimmatlashdi.

Surxondaryo, Andijon va Toshkent viloyatlarini hisobga olmaganda barcha hududlarda o‘sish kuzatilmoqda. Ushbu hududlardagi narxlarning pasayganligini qolgan viloyatlar bilan solishtirilganda, nisbatan pastroq faollik kuzatilganligi bilan izohlash mumkin.

Shu bilan birga, imzolangan shartnomalar sonining o‘tgan yilning III choragidagi ko‘rsatkichlar bilan solishtirilganda Toshkent viloyatida 6,2 foiz, Surxondaryo viloyatida -12 foiz va qolgan barcha hududlarda 15 foizdan yuqori o‘sish kuzatilgan. Bundan tashqari, Surxondaryo viloyatida oldingi chorak ko‘rsatkichlariga nisbatan 12 foizlik pasayish bo‘lgan. Shuningdek, Andijon va Surxondaryo viloyatlaridagi birlamchi ko‘chmas mulk bozor narxlarining ko‘tarilishi, xaridorlarni ikkilamchi ko‘chmas mulk bozoriga yo‘naltirilishidan dalolat berishi mumkin.

Yoz oylarida ikkilamchi ko‘chmas mulk bozoridagi narxlar o‘sishi sekinlashgan bo‘lsa-da, sentabr oyida sezilarli o‘sish kuzatildi. Xorijiy sayyohlarning kirib kelishi natijasida talabning oshishi, aholining ikkilamchi daromadlari, xususan, transchegaraviy pul o‘tkazmalarining ko‘payishi, shuningdek qishloq xo‘jaligi pul tushumlarining oshishi bilan bog‘liq mavsumiy omillar narxlarning oshishiga asos bo‘lmoqda.

III chorakdagi ikkilamchi ko‘chmas mulk bozori narxlarining o‘sishi eng ko‘p Toshkent shahri (5.0%), Navoiy (7.8%) va Buxoro (3.3%) viloyatlarida qayd etilgan.

Yuqorida keltirilgan omillar birlamchi bozorga ham ta’sir ko‘rsatib, sentabrda turar-joy narxlari umumiy hisobda 2,5 foizga o‘sdi.

sentabr oyida birlamchi bozorda Farg‘ona vodiysi, Toshkent, Sirdaryo va Navoiy viloyatlarida narxlar oshdi. Jizzax, Buxoro va Xorazm viloyatlarida esa narxlarning biroz pasayishi kuzatildi.

Umuman olganda, bozorda narxlarning o‘suvchi dinamikasi saqlanib qolmoqda. Davlat tomonidan aholining barcha qatlamlarini uy-joy bilan ta’minlanganlik darajasini oshirish maqsadida ko‘chmas mulkning birlamchi va ikkilamchi sektori uchun bir qator qo‘shimcha choralar ko‘rilmoqda, deyiladi Markaziy bank sharhida.