«Gazeta.uz» o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 33 yilligi munosabati bilan oktabrni — «O‘zbek tili oyligi» deb e’lon qildi. O‘tgan davr mobaynida mazkur yo‘nalishda katta-kichik qadamlar tashlandi, biroq o‘zbek tili maqomini to‘la-to‘kis mustahkamlay olmadi. Til borasida yechimini kutayotgan muammolar hamon kamaymagan. Mazkur oylik davomida tahririyat jamoasi har kuni o‘tgan vaqt ichida turli nashrlarda chop etilgan, dolzarbligini hanuz yo‘qotmagan maqola, nutqlarni qayta berib boradi. Navbatdagi maqola professor Alibek Rustamov tomonidan 1990 yilda yozilgan.

O‘ynab gapirsang ham, o‘ylab gapir: «Shohmotchi bellashmaydi — dona suradi»

Muhtaram gazetxonlar, kishining ma’naviy taraqqiyoti uchun rasmiy maktab va darsxonalardan tashqari choyxona va xonadonlarda uyushtiriladigan mahfil, ya’ni diydoru suhbat davralarning ahamiyati ulug‘dir. Bunday mahfil jo‘ralari turli ilmu, hunar va kasbu korga mansub zakiy kishilardan iborat bo‘lsa, bularning har bir majlisi el fayziga fayz qo‘shadi. Mana shuni hisobga olib, biz ro‘znomamiz vositasida sizlar bilan bir mahfiya uyushtirishni ma’qul topdik. Ota-bobolarimizda mavjud bo‘lgan va ularning gap, gurung, to‘kma va bazmlarida ommaviylashadigan zakiylik o‘zimizdan va farzandlarimizdan zoyil bo‘lmasligi uchun mahfilimizga zakiylikni asosiy mavzu qilib oldik. Binobarin, bu majlisni «Zakiylik mahfili» deb atab, uni bayon etish tilshunos Alibek Rustamovga topshirdik.

Jo‘raboshi — Assalomu alaykum! Bugungi suhbatni «zakiy» so‘ziga oid ma’lumot bilan boshlaymiz.

Qani, domla, so‘z sizga!

Domla — «Zakiy» shakliga ega bo‘lgan ikkita so‘z bor. Eski yozuvimizda bularning birining «z»si ze harfi bilan, ikkinchisiniki zol bilan yoziladi. Bularnig ja’mi, ya’ni ko‘plik siyg‘asi «azkiyo» shaklida, masdari, ya’ni bosh siyg‘asi «zako» shaklidadir Ze bilan yoziladigan «zako» o‘sish, tuzalish va poklanish, musaffo bo‘lish, «zakiy» tuzuk, ezgu, gunohdan pok, «azkiyo» zakiylar degani. Mazkur «zako»ga aloqador o‘sish yaxshi, o‘suvchan degan ma’nodagi va ko‘pligi «zuko» bo‘lgan so‘z ham bor. Bugungi o‘zbekchada «zukko» shaklida ishlatilayotgan so‘z mana shu «zuko» so‘zining shaklan va ma’nan o‘zgargan shaklidir. Shakliy o‘zgarish «k» ning ikkilanganidir. Ma’nodagi o‘zgarish jismu, tan o‘sishini aqliy o‘sishga ham ko‘chirilganidir. O‘sishi yaxshi va durkun bolalarni nazarda tutib, «Bular bolalarimizning zukosi» desak, mazkur so‘zning asl shakli va birlamchi ma’nosida qo‘llagan bo‘lamiz. Agar zehni o‘tkir kishini «bu zukko chol» desak, unda zuko so‘zini ham tovush, ham siyg‘a, ham ma’no jihatdan o‘zgargan holda ishlatgan bo‘lamiz. So‘zni bunday qo‘llash ommalashgani uchun xato hisoblanmaydi. Ammo bu o‘rinda «zukko» o‘rnida «zakiy» so‘zidan foydalansa, quyidagi sabablarga ko‘ra jumla adabiyroq tusga ega bo‘ladi:

Zol harfi bilan yoziladigan «zako» ziyraklik, ya’ni zehn o‘tkirligi, «zakiy», ziyrak, zehni o‘tkir degani. «Zakovat» so‘zi ham ushbu «zako» va «zakiy» bilan o‘zakdosh bo‘lib, zakiylik degan ma’nodadir.


«Sovet O‘zbekistoni» gazetasi 1990 yil 14 iyun 135-son.

Jo‘raboshi — Bizning mahfilimizning nomida «zukkolar» so‘zi ishlatilmay, «zakiylar» so‘zining qo‘llanganining ham boisi shunda.

Domla — «Z» harfi bilan yoziladigan «zako»ga aloqador «tazkiya» degan so‘z ham bor. Buning bitta «y»si ko‘pincha tushib qolib, «tazkiya» shaklida ishlatiladi. Shoirlar vazn talabiga qarab, har ikki shakldan ham foydalanadilar. Lug‘aviy ma’nosi ortiqchasidan orig‘, ya’ni pok qilish bo‘lganda bu so‘z istilohiy ma’noda qo‘llanganda shariatda zakot berishni, qazovatda guvohning guvohligini qabul qilishni, axloqda xulqni tuzatishni, tasavvufda ko‘nguldan ma’shuq ishqidan o‘zga narsalarning hammasini chiqarib tashlashni bildiradi.

Savol — Ba’zan varzish, ya’ni sport sharhlovchilarining og‘zidan «qilichbozlar bahsi» yoki «bellashuvi», «parashyutchilar bahsi» yoki «avtomodelchilar bellashuvi» kabi iboralarni eshitish mumkin. Shu to‘g‘rimi?

Javob — «Bellashuv»ni ko‘chma ma’noda ishlab chiqarishda musobaqalashayotgan ikki shaxsga nisbatan ishlatish mumkin. Agar ularning ishi jismoniy kuch talab qiladigan kasb bo‘lsa, juda o‘rinli bo‘ladi. Ammo «shohmotchilar bellashdilar» deyish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Chunki shohmotga bel kuchi kerak emas. Binobarin, «shohmotchilar bellashdilar» degan gapdan ular shohmotni qo‘yib, Farg‘onacha, ya’ni bel ushlashib ko‘rishdilar, degan mazmun chiqadi. Agar ular «shohmotda bellashdilar» deyilsa, shohmotbozlik anglashiladi, lekin jumla aybli bo‘ladi. Bahs esa og‘zaki tortishuvdir. O‘zbekchada «qilichbozlar bahsida falonchi g‘alaba qozondi» deyilsa, bundan o‘sha falonchi qilichbozlikda emas, og‘zaki olishuvda g‘alaba qozonibdi, degan ma’no chiqadi. Xuddi shuningdek, «parashyutchilar bahsi» deyilsa, bundan parashyutchilar bir yerda yig‘ilib, biror masala yuzasidan munozara qilibdi, degan fikr tug‘iladi.

«Shohmot musobaqasi» degan iborani «shohmot o‘yini», «shatranj o‘yini», «shohmotbozlik», «shohmot surishish», «shatranj tortishuvi», «shohmot olishuvi» va hokazo so‘zu, iboralar bilan almashlab ishlatish mumkin. Shuncha so‘z bo‘lgani holda «bahs» yoki «bellashmak» so‘zidan suiiste’mol qilishga hojat yo‘q, albatta. Agar adabiy tilga va lahjalarga murojaat qilsak, kerakli ma’nodosh so‘zlarni ko‘plab topishimiz va ulardan nutqimizda samarali foydalanishimiz mumkin. Masalan, o‘zbek adabiy tilida va ba’zi shevalarda «musobaqa qilmoq» fe’lining «yorishmoq» va «o‘zishmoq» degan ma’nodoshlari bor. «Yorishmoq» aslida ruschadagi «sostyazatsya» fe’lining muodilidir.

Bu sohada tilimizning imkoniyati katta. Chunki o‘zbek tilida musobaqa ma’nosini anglatuvchi maxsus qo‘shimcha ham bor. Bu «-sh», «-ish» qo‘shimchasi bo‘lib, uni istagan fe’lga qo‘shib, musobaqa ma’nosida ifoda qilish mumkin. Masalan, «yugurishish» yugurish musobaqasi, «otishish» otish musobaqasi, «suzishish» suzish musobaqasi, «ot chopishish» ot poygasi degani. Avtomobil musobaqasi ma’nosida «avtomusobaqa», «avtoo‘zish», «avtopoyga», «avtoyorish» so‘zlarini almashlab ishlatish mumkin. Albatta, «avtomobil musobaqasi», avotomobil poygasi", «avtomobil yorishuvi», «avtomobil haydash» tarzidagi iboralardan tashqari. Shu yerda yana bir nasani ta’kidlab o‘tish kerak. Bu o‘zbek tili nuqtai nazaridan mazkur turdagi iboralarda «bo‘yicha» degan so‘zning, masalan, «avtomobil musobaqasi bo‘yicha» yoki «shohmot birinchiligi bo‘yicha», yoki «yugurish bo‘yicha» deb ishlatishda o‘rinsizdir.

Mototsikl musobaqasi mazmunida shu ma’nodagi iboralardan tashqari «motomusobaqa», «motoo‘zish», «motopoyga», «motoyorish» so‘zlaridan foydalansa bo‘ladi. Xuddi shuningdek, velosiped musobaqasini «velomusobaqa», «veloo‘zish», «velopoyga» va «veloyorish» so‘zlari bilan ifodalash mumkin. Yugurish musobaqasini xalq tilida «piyodapoyga» yoki «piyopoyga», «kimo‘zdi» va «o‘zish» ham deyiladi.

Oddiy xalq tilida boks «mushakbozlik», bokschi «mushtboz» deyiladi. Boks so‘zining ma’nodoshi sifatida «mushtbozlik» so‘zini «bokschi»ning ma’nodoshi sifatida mushtbozni bemalol ishlatish mumkin. Bu so‘z «charm qo‘lqop sohibi» yoki «ustasi» degan iboraga nisbatan ko‘p jihatdan ma’qulroq.

«Konkida yugurish» degan va shunga o‘xshash iboralar ham g‘ayritabiiydir. Buning o‘rnida «konkipoyga», «yaxmalakpoyga», «konkio‘zish» deyish mumkin. Undan tashqari xalq qilida «yaxmalak otish», «konki otish», «yaxmalak uchish» va «konki uchish» degan iboralar ham bor. «Figurali uchish» ham ma’qul iboralardan emas. Buni «yaxmalako‘yin» yoki «konkio‘yin» deyilsa, til qoidalariga mosroq bo‘ladi. Demak, boshqa tillarda bo‘lganidek, o‘zbek tilida ham ma’nodosh so‘zlar ko‘p ekan, lekin so‘zlovchidan ularni yaxshilab bilib olish va o‘z o‘rnida ishlatish talab qilinadi. Agar so‘z odatdagi ma’nosiga xilof ravishda qo‘llansa, bu ayb hisoblanadi. Shuni ham esdan chiqarmaslik kerakki, maxsus ilmiy asarlarda bir atamani uning ma’nodoshlari bilan almashlab, qo‘llashdan qochiladi. Chunki ilmiy asarlarda aniqlik birinchi o‘rinda turadi. Masalan, biror varzishshunoslikka oid ilmiy asarlarda boks tushunchasi doim, necha marta takrorlanishidan qat’i nazar «boks» so‘zi bilan ifodalanaveradi. Ammo ommaviy, xususan, badiiy nutqda ma’nodosh so‘zlardan to‘liq foydalanilsa, bu ayb emas, san’at hisoblanadi.

G‘ayriilmiy nutqda, masalan, bir gapda «qilichbozlik qildilar», ikkinchisida «qilich solishdilar», uchinchisida «qilichlashdilar» deyish mumkin. Ammo ilmiy matnda, masalan, «qilichbozlik» so‘zi varzish turiga nisbatan, «qilichlashmoq» so‘zi musobaqadagi muayyan harakatiga nisbatan, «qilich solmoq» va «sanchmoq» fe’llari aniq zarba va uning turlariga nisbatan qo‘llanilishi mumkin. Unda bu so‘zlarning birini ikkinchisi bilan almashtirib bo‘lmaydi. Bu holda so‘zlarni uning ma’nodoshlari bilan almashtirish ilmiy xatoga sabab bo‘lishi mumkin. To‘g‘riroq qilib aytganda, oddiy yoki badiiy nutqda ma’nodosh bo‘lgan so‘zlar ilmiy matnda ma’nodoshlik xususiyatini yo‘qotadi.

Jo‘raboshi — bugungi suhbatni shu yerda kesamiz. Vassalom.

Professor Alibek Rustamov.

Ushbu maqola «Sovet O‘zbekistoni» gazetasining 1990 yil 14 iyun 135-sonidan olindi.