Samarqand shahrida ikki avtobus haydovchi janjali oqibatida ularning biri vafot etdi, deya xabar qilmoqda YHXX.

13 oktabr soat 08:10 larda Samarqand shahar Mirzo Ulug‘bek ko‘chasida harakatlanib ketayotgan ikki Isuzu avtobus haydovchilari o‘rtasida janjal kelib chiqqan. Janjal oqibatida ikkala haydovchilar ommani o‘ziga qaratib, har xil nojo‘ya so‘zlar bilan bir-birini haqorat qilgan.

Shundan so‘ng birinchi Isuzu haydovchisi avtobusga o‘tirib, harakatni boshlagan, ikkinchi haydovchi esa avtobus yon oynasiga osilib qolgan. Harakat davomida osilib qolgan haydovchi yerga yiqilgan va avtobus tagida qolib, vafot etgan.

Birinchi haydovchi voqea tafsilotlarini quyidagicha bayon qildi.

«Bekatga kelib to‘xtaganimdan keyin 35-yo‘nalish oldimga kelib, yo‘limni yopdi. Shu vaqt haydovchi tomon yon oynamga tegib sindirdi. Oynamni qilib ber, desam, men sindirmadim, dedi. Keyin men ham uni oynasini sindirdim. Avtobusga o‘tirib harakatlanib ketayotganimda u kelib yon oynaga osilib oldi. Men to‘xtamay haydab ketaverdim. Shu vaqt oyna joyidan chiqib ketdi va u yerga yiqilib tushdi. Yerga yiqilgandan keyin uni bosganimni ham, urganimni ham sezmadim. Aybimni bo‘ynimga olaman», — dedi u.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.