Toshkent viloyatida uch nafar poytaxtlik shaxs 1,4 mln AQSh dollari evaziga 16 gektar yer olib bermoqchi bo‘lgani aytilmoqda. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Gumonlanuvchilar DXXning Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi, viloyat prokuraturasi va departament xodimlarining Ohangaronda tezkor tadbir o‘tkazayotgan vaqtida qo‘lga olindi.

Aniqlanishicha, Toshkent shahrida yashovchi 1955, 1976 va 1979 yillarda tug‘ilgan 3 nafar shaxs tadbirkorni ishontirib, Ohangaron tumanidagi «Angren» erkin iqtisodiy zonasi hududidan 16 gektar yerni mansabdor tanishlari orqali u rahbarlik qilayotgan MCHJ nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilgan.

Buning evaziga ular 1 mln 400 ming AQSh dollari talab qilgan va undan 300 ming AQSh dollarini oldindan berishi kerakligini aytgan. 3 shaxs mahalliy tadbirkorning 300 ming AQSh dollarini olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Hozirda ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28 (jinoyat ishtirokchilarining turlari), 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.