M-39 «Toshkent-Termiz» avtomobil yo‘lida Cobalt rusumli avtomashina haydovchisi yo‘l chetida to‘xtab turgan traktor tirkamasiga borib urilgan, deb xabar berdi YHXX matbuot xizmati «Milliy» telekanali dasturiga tayanib.

Mashinada hali maktabni tugatmagan, tug‘ilgan kunga ketayotgan to‘rt nafar o‘smir ham bo‘lgan. Hodisa oqibatida yo‘lovchilardan biri olgan tan jarohatlari tufayli voqea joyida vafot etgan, qolgan uch nafari va haydovchi kasalxonaga yotqizilgan. Jarohatlanganlardan biri og‘ir ahvolda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Jizzax filialiga yotqizilgan.

Haydovchi tirkamada yorug‘lik qaytaruvchi moslama yo‘qligi sababli tezlikni pasaytirishga ulgurmaganini ma’lum qildi. Jizzax viloyati IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi katta inspektori Erkin Ochilov, voqea joyi sun’iy yoritilganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, avtohalokat «haydovchining tajribasizligi va e’tiborsizligi hamda yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzgani uchun» sodir bo‘lgan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasining Amudaryo tumanida joylashgan A-380 G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu avtomobil yo‘lining 636−637-kilometrida sodir bo‘lgan navbatdagi YTHda Nexia-3 rusumli avtomashinaning voyaga yetmagan haydovchisi quvib o‘tish qoidasini buzgan holda boshqaruvni yo‘qotgan. Oqibatda mashina ag‘darililgan.


Qoraqalpog‘iston Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati xabariga berishicha, oqibatda haydovchi va yo‘lovchi (2004 va 2005 yillarda tug‘ilgan) og‘ir tan jarohatlari olib, viloyat shifoxonasiga yotqizilgan.