13 oktabrdan O‘zbekiston va Eron hukumatlari o‘rtasidagi ishbilarmon va ilmiy doiralar vakillari hamda sayyohlik guruhlar uchun viza jarayonlarini soddalashtirish to‘g‘risidagi bitim kuchga kirdi, deya yozmoqda O‘zA.

Mazkur bitim Eron prezidentining 14−16 sentabr kunlari O‘zbekistonga rasmiy tashrifi doirasida imzolangan.

Tashqi ishlar vazirligi Shartnoma-huquq departamenti ma’lumotiga ko‘ra, mazkur hujjat 11 moddadan iborat bo‘lib, uning kuchga kirishi «ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, turizm, fan va ilmiy faoliyat sohalaridagi aloqalarni rivojlantirish»ga xizmat qiladi.

Hujjatga ko‘ra, tomonlar paritet asosda va milliy qonunchiligimiz qoidalariga muvofiq tomonlar davlatlarining ishbilarmon va ilmiy doiralari vakillari, shuningdek, turistik guruhlari uchun viza berishning soddalashtirilgan tartibini joriy qiladi.

Bunda «ishbilarmon doiralar vakillari» deganda bir tomon davlatining boshqa tomon hududida investitsiya va tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolari tushuniladi.

«Ilmiy doiralar vakillari» — bir tomon davlatining boshqa tomon hududida fan va ilmiy faoliyatni amalga oshiruvchi fuqarolari.

«Turistik guruh» — bir tomon davlatining bir vaqtning o‘zida boshqa tomon hududiga turistik maqsadlarda kiruvchi 5 (besh) dan 20 (yigirma) kishigacha bo‘lgan fuqarolari.

Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari ishtirokchi davlatlarning qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tegishli hujjatlarni olgandan so‘ng, ularni 3 (uch) ish kuni ichida (hujjat olingan kundan tashqari) ko‘rib chiqadi va hujjatlar ma’qullangan taqdirda viza berish uchun tasdiqnoma rasmiylashtiradi.

Tomonlar davlatlarining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari quyidagi vizalarni taqdim etadi:

  • bir tomon davlatining tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish maqsadida boshqa tomon davlatiga tashrif buyuruvchi ishbilarmon doiralari vakillari uchun amal qilish muddati 6 (olti) oygacha bo‘lgan ko‘p martalik kirish vizasi;
  • bir tomon davlatining fan va ilmiy faoliyatni amalga oshirish maqsadida boshqa tomon davlatiga tashrif buyuruvchi ilmiy doiralar vakillari uchun 1 (bir) oygacha amal qiladigan viza;
  • bir tomon davlatining turist sifatida, turistlar guruhlari tarkibida boshqa tomon davlatiga tashrif buyuruvchi fuqarolari uchun 30 (o‘ttiz) kungacha bo‘lgan turistik viza.

Alohida hollarda, agar qo‘shimcha ko‘rib chiqish talab etilsa, viza berish muddati 10 (o‘n) kundan ortiq bo‘lmagan muddatga uzaytirilishi mumkin.