Xalqaro qishloq ayollari kuni munosabati bilan 13 oktabr kuni o‘tkazilgan forumda Senat raisi Tanzila Norboyeva ayollarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari va unga qarshi kurashish chora-tadbirlari haqida fikr bildirdi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar berdi.

Uning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda xotin-qizlar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari to‘xtayotgani yo‘q.

«Zo‘ravonlikka qarshi kurash masalasi haqida ham to‘xtalib o‘tmoqchiman. Hozirgi paytda ommaviy axborot vositalarida „[mas’ul] tashkilotlar qayerga qarayapti?“, deya ko‘p chiqishlar bo‘lyapti. Haqiqatan tashkilotlar bunga e’tibor qaratishi kerak. Oilada, jamoada, ko‘cha-ko‘yda ayollar, qizlar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari hali ham davom etmoqda. Buni batamom yo‘q qilishimiz kerak», — dedi u.

Bir guruh senatorlar iyun oyida zo‘ravonlikka oid barcha qonunlarni o‘zgartirish bo‘yicha hujjatlar paketini tayyorlashga kirishgan va bu jarayon hozirda yakuniga yetgan.

«Ko‘p qonunlarimizda hozirgacha bo‘shliqlar mavjud. Biz ularga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni muhokama qilib, qonunlar paketini tayyorladik. Jazoni kuchaytirish, zo‘ravonlik holatlariga ta’rif berish kabi masalalarga yechim topish ko‘zda tutilgan. Bu haqda bir necha kun ichida davlat rahbariga axborot bermoqchimiz. Shuning uchun jamoatchilik vakillari, jurnalistlar „Hamma [mas’ullar] jim o‘tiribdi“, degan fikrda bo‘lmasligi kerak. Bu bo‘yicha qonunchilik nuqtai nazaridan juda katta ishlar olib borilyapti», — dedi Tanzila Norboyeva.

Yuqori palata raisining qayd etishicha, hozirgi qonunlarda ham zo‘ravonlik holatlari uchun yaxshigina jazo choralari bor. Ammo odamlarning dunyoqarashi, stereotiplar sabab amalda qo‘llanilmaydi.

«Ayolni eri bir shapaloq ursa, ertaga hech narsa qilmaydi, yarashib olasan, degan qarashlar ham bor, — dedi u. — O‘zbekistonga to‘g‘ri kelmaydigan bu kabi holatlarni hayotimizdan batamom chiqarib yuborishimiz kerak. Hammaga qarashimiz, e’tibor berishimiz lozim. Bunday masalalarga qishloqlarda yashayotgan faollar opa-singillarimiz ham e’tiborli bo‘ladi, degan umiddaman».