O‘zbekiston hukumati 2019 yilda fuqarolar budjet mablag‘larini sarflanishini aniqlash bo‘yicha qaror qabul qilishda ishtirok etishini ta’minlaydigan tashabbusli budjetlashtirishni (Participatory Budgeting) joriy qildi. Ovoz berishning navbatdagi davri nihoyasiga yetmoqda va natijalar aholi, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati institutlarida tashabbusli budjet amaliyotiga qiziqish ortib borayotganini ko‘rsatmoqda. Fuqarolarning budjet jarayonidagi ishtirokini ta’minlash tashabbusi joriy etilganidan buyon fuqarolar tomonidan davlat mablag‘laridan foydalanish bo‘yicha berilgan takliflar soni 2,5 barobar, fuqarolarning ovozlari esa qariyb 10 barobarga oshdi. BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska fuqarolarning budjet jarayoniga jalb etish loyihasi qanday yaratilgani va rivojlangani, uning afzalliklari hamda rivojlanish sohasida yaratilayotgan imkoniyatlar to‘g‘risidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

O‘zbekistonda fuqarolarning budjet jarayonidagi ishtirokini ta’minlash tashabbusining rivojlanishi

O‘zbekistonda fuqarolarning budjet jarayonidagi ishtirokini ta’minlash tashabbusi ilk bor 2018 yil avgust oyida qabul qilingan «budjet ma’lumotlarining ochiqligini va budjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qaroriga javoban ilgari surilgan. Aynan mana shu sa’y-harakatlar natijasida tumanlar budjetidagi qo‘shimcha daromadlarning kamida 10 foizini fuqarolar tomonidan taklif qilingan sohalarni (tadbirlarni) moliyalashtirishga yo‘naltirish uchun zamin yaratildi.

2021 yilga kelib fuqarolarning budjet jarayonidagi ishtirokini ta’minlashni siyosiy va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash darajasi oshdi. Prezidentning 2021 yil aprelda qabul qilingan «budjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida tumanlar (shaharlar) budjetlari tasdiqlangan umumiy xarajatlarining 5 foizini fuqarolar tomonidan kiritilgan takliflarni moliyalashtirishga yo‘naltirish belgilandi. Bundan tashqari, tuman va shaharlar budjeti qo‘shimcha daromadlarining kamida 30 foizi ham fuqarolar tashabbuslariga yo‘naltirilishi belgilandi.

2021 yilda Qoraqalpog‘iston, Toshkent shahri va viloyatlarda bittadan tuman/shaharda budjet mablag‘larini fuqarolar tashabbuslari uchun taqsimlashning yangi mexanizmi sinovdan o‘tkazildi. 2022 yildan boshlab fuqarolarning budjet jarayonidagi ishtirokini ta’minlash amaliyoti mamlakatning barcha tumanlarida joriy etildi. Har yili budjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish uchun fuqarolar takliflarini ilgari surish ikki mavsumda amalga oshiriladi. Joriy yil avgust oyida ikkinchi mavsum boshlanib bo‘lgan.

Fuqarolarning mazkur mexanizm va uning natijalari to‘g‘risidagi xabardorligi oshishi bilan ularning qiziqishi, ishonchi va daxldorlik hissi ham shunga yarasha ortib borishi lozim. Hozirgacha erishilgan natijalarning ko‘lami to‘g‘risida tasavvur hosil qilish uchun raqamlarga murojaat qilish kifoya. Fuqarolarning budjet jarayonidagi ishtirokini ta’minlash doirasida ajratilayotgan budjet mablag‘larining ortishi natijasida, fuqarolar tomonidan kiritilgan takliflar soni 2019 yildagi 28704 tadan 2022 yilda 69,7 mingtaga ko‘paydi. Bundan tashqari, turli tashabbuslar uchun ovoz berayotgan fuqarolar soni ham mos ravishda 87,7 mingdan 6,7 millionga ko‘paydi. Shu bilan birga, moliyalashtirish uchun tanlangan loyihalar soni 1102 tadan 2354 taga ko‘paydi.

Bu raqamlar ortida o‘z tashabbuslari bilan o‘z hamjamiyatlaridagi infratuzilmaviy muammolarni hal etishga, o‘zi va qo‘shnilarining hayotini yanada qulay va yaxshiroq qilishga erishgan faol fuqarolar turibdi.

O‘zbekistonda tashabbusli budjetlashtirish mexanizmi davlat tomonidan muntazam rejalashtirish jarayonida o‘z navbatini uzoq kutishi mumkin bo‘lgan ayrim fuqarolar uchun zarur bo‘lgan tashabbuslarga ustuvorlik berish va tezlashtirish uchun fuqarolarga muhim bo‘la oladi. Shuningdek, fuqarolarning tanlov komissiyalariga taqdim etgan loyihalari boshqa investitsiya rejalarini bilan bir hil chiqsa, fuqarolar bundan xabardor qilinadi.

Barqaror Rivojlanish Maqsadlariga (BRM) erishishni fuqarolarning budjet jarayonidagi ishtiroki orqali tezlashtirish

Fuqarolarning budjet jarayonidagi ishtirokini ta’minlash amaliyotlarini joriy etish va kengaytirish hukumatga kambag‘allikni qisqartirishga yordam berish barobarida, ta’lim, sog‘liqni saqlash va sotuv bozorlariga kirish orqali kambag‘allikning barcha shakllariga barham berish nazarda tutilgan 1-son BRMga erishishga hissa qo‘shadi. Fuqarolarning budjet jarayonidagi ishtirokini ta’minlash ko‘p yo‘llar asfaltlanmagan va yog‘ingarchilik mavsumida foydalanish qiyin bo‘lib qoladigan, infratuzilma yetarli bo‘lmagan qishloq joylarida ayniqsa foydali va samarali bo‘lmoqda. Yil davomida yo‘llar holatining yomon bo‘lishi odamlarning ishga, bolalarning esa maktabga borishini qiyinlashtiradi. Bu odamlarning harakatlanish imkoniyatlari hamda transport vositalarining samarali faoliyatiga to‘sqinlik qilib, qishloq joylarda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning ichki va mintaqaviy bozorlarga olib borilishiga salbiy ta’sir qiladi, pirovardida, iqtisodiy qoloqlikni keltirib chiqaradi.

Masalan, Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanidagi «Yangihayot» mahalla fuqarolari elektr ta’minotining tez-tez uzilishi bilan bog‘liq qiyinchiliklarga duch kelishdi. Aytish joizki, internet yo‘qligi, yorug‘likning zaifligi, elektr jihozlaridan foydalana olmaslik ularning kundalik hayotida noqulayliklar tug‘dirgan.


Bu mahallada yashovchi arxitektura yo‘nalishi talabasi Oybek Usanov bu holatning o‘qishiga katta to‘siq bo‘layotganini ko‘rib, o‘z mahallasiga transformator o‘rnatish taklifini yubordi va u mahalliy budjetdan moliyalashtirilishi uchun yetarlicha ovoz oldi. Bugungi kunda «Yangihayot» mahallasidagi har bir xonadon barqaror va sifatli elektr energiyasi bilan ta’minlangan bo‘lsa, Oybek «Ochiq budjet» portali orqali mahallasida qo‘shimcha obodonlashtirish ishlarini boshlab yubordi.

Ko‘p yillardan buyon ana shunday qiyinchiliklar bilan yashab kelayotgan Toshkent viloyatidagi «Jumabozor» mahallasi aholisi bunga yaqqol misol bo‘lishi mumkin. Joriy yilda tumanda yashovchi faol fuqarolardan biri 1,5 km uzunlikdagi yo‘lni ta’mirlash taklifi bilan chiqdi. Taklif yetarlicha ovoz olib, qishloqqa kirish yo‘llarini ta’mirlash uchun davlat mablag‘laridan 650 million so‘m (taxminan 60 000 AQSh dollari) ajratildi. Bu faol fuqarolarning tashabbusli budjet platformasidan foydalanish orqali hal qilinishini tezlashtira olgan minglab muammolardan ikkitasi, xolos.

Fuqarolarning budjet jarayonidagi ishtirokini kengaytirish imkoniyatlari

Garchi bu sohada sezilarli yutuqlarga erishilgan bo‘lsa-da, natijalarni yanada rivojlantirish va jalb qilinayotgan fuqarolar sonini oshirish uchun imkoniyatlar talaygina. Birinchidan, fuqarolarning budjet qarorlarini qabul qilishda ishtirok etish to‘g‘risidagi xabardorligini oshirish ularning faol ishtirokini ta’minlash uchun muhim bo‘lib, busiz fuqarolarning budjet jarayonidagi ishtiroki rasmiyatchilik bo‘lib qolaveradi. Shuning uchun targ‘ibot-tashviqot tadbirlarini kengaytirish va fuqarolarning budjet jarayonidagi ishtirokini ta’minlash mexanizmlari, uning imkoniyatlari va afzalliklari to‘g‘risidagi xabardorlikni oshirish lozim. Bu — fuqarolarni budjetlashtirish jarayonida faol ishtirok etishga yanada rag‘batlantiradi.

Bundan tashqari, budjet savodxonligini oshirish va shu orqali fuqarolarga budjet jarayonining barcha bosqichlarida ishtirok etish imkoniyatini berish ham muhim ahamiyatga ega. Aholi vakillari nafaqat taklif berish, balki ularni muhokama qilish va jamoatchilik nazoratini talab qilish muhimligini tushungandagina tizim samaraliroq bo‘ladi.

Fuqarolarning budjet jarayonidagi ishtirokini ta’minlash asosida moliyalashtiriladigan loyihalarning amalga oshirilishini monitoring qilishda fuqarolik jamiyati tashkilotlarining ahamiyatini kuchaytirish hamda ularni yanada kengroq jalb qilish maqsadida, trening dasturlari ayollar, yoshlar, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari va boshqa yakkalangan guruhlarga qaratilgan ta’lim modullari bilan to‘ldirilishi mumkin. Jarayonning me’yoriy asosini yaratish uchun fuqarolarning budjet jarayonidagi ishtirokini ta’minlash bo‘yicha ilg‘or tajribalar, yo‘riqnoma va o‘quv kurslarini ishlab chiqish, hujjatlashtirish va tarqatish muhim ahamiyatga ega.

Fuqarolarni kengroq xabardor qilish hamda ularning budjetga oid savodxonligi va bilimdonligini oshirish yuzasidan taklif etilayotgan chora-tadbirlar budjet jarayoni imkoniyatlarini, fuqarolarning ushbu jarayondagi roli hamda mahalliy hamjamiyatlar uchun eng dolzarb muammolarni yechishga qaratilgan loyihalarni ilgari surishda ularning ovozi qadrini to‘g‘ri tushunish uchun juda muhimdir. Amaliyotdan ma’lumki, axborot tanqisligi budjet jarayoni ishtirokchilari, xususan o‘z loyihalarini ilgari surishdan manfaatdor bo‘lgan faol fuqarolar tomonidan to‘ldirilmoqda. Ovoz berish boshlanishi bilan turli hududlarda fuqarolarning o‘zi tomonidan targ‘ibot kampaniyasi o‘tkazilmoqda. Fuqarolar odamlar ko‘p to‘planadigan jamoat joylarida ma’lum loyihalar bo‘yicha targ‘ibot o‘tkazib, kichik mukofotlar evaziga ovoz to‘plamoqdalar. Bunday vaziyatda fuqarolar, hattoki loyihaning mohiyatini anglamagan holda, o‘z ovozlarini (SMS-xabar) yuborishlari ehtimoli katta, bu bilan ular loyihaning yutish imkoniyatlarini oshiradilar. Nodavlat notijorat tashkilotlari jalb yetgan holda keng ko‘lamli axborot kampaniyasini o‘tkazish, loyihalarni shakllantirishda fuqarolarga yordam berish bo‘yicha trenerlar tayyorlash, fuqarolar bilan uchrashuvlar tashkil etish hamda tashabbusli budjet imkoniyatlari va ularning ovoz berish muhimligi yuzasidan tushuncha berish fuqarolarning tashabbuslarni ilgari surish hamda ovoz berish bo‘yicha mas’uliyatini oshirishga yordam beradi.

Fuqarolarning budjet jarayonidagi ishtirokini ta’minlashning ilg‘or amaliyotlarini kengaytirish, ko‘p jihatdan, moliyalashtirish imkoniyatlari mavjudligiga bog‘liq. Fuqarolar tashabbuslarini birgalikda moliyalashtirish uchun ko‘plab qo‘shimcha moliyaviy manbalardan, jumladan, kraudfanding (jamoaviy moliyalashtirish), diaspora tomonidan moliyalashtirish, korporativ xayriya va boshqalardan foydalanish mumkin. Shunday qilib, davlat loyihalarini amalga oshirish uchun nafaqat davlat resurslari, balki xususiy va budjet jarayonida qatnashayotgan ishtirokchilarning mablag‘lari ham safarbar etilishi, bu orqali esa ularning hal qilinayotgan muammolardagi ishtiroki va amalga oshirilayotgan tashabbuslarning qiymatini oshirish imkoniyati yaratiladi. Mazkur imkoniyatlarning barchasi faqatgina amalga oshirish mumkin bo‘lgan va jamoatchilik tomonidan qabul qilingan taqdirdagina joriy etilishi lozimligini ortiqcha ta’kidlashning hojati yo‘q.

Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlashni istardimki, BMTTD mahalliy darajadagi rivojlanish loyihalarini aniqlash va ustuvorliklarni belgilashda, ularga ovoz berishda va bajarilishini nazorat qilishda fuqarolarning to‘liq va faol ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlaydi. BMTTD fuqarolarning budjet jarayonidagi ishtirokini ta’minlash tashabbusi fuqarolarning daxldorlik hissini sezilarli darajada oshirishi va hayot sifatini yaxshilashi mumkinligiga ishonadi.

Ushbu sohadagi ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganish va tahlil qilish asosida mutaxassislarimiz O‘zbekiston hukumatiga fuqarolarning budjet jarayonidagi ishtirokini ta’minlash uslubiyotini ishlab chiqish va modelini tanlashda ko‘maklashdi. Biz Moliya vazirligi bilan «Ochiq budjet» portalini takomillashtirish bo‘yicha hamkorlik qildik va hozir fuqarolar o‘z takliflarini osonlik bilan ilgari surishi, muhokamalarda ishtirok etishi va eng yaxshi loyihalarga ovoz berishi mumkin. Fuqarolarning mahalliy darajadagi faol ishtirokini ta’minlash maqsadida, BMTTD vazirlikka targ‘ibot-tashviqot tadbirlarini amalga oshirish hamda vazirlik hududiy boshqarmalari mutaxassislari uchun turkum treninglar o‘tkazishda ko‘maklashdi.

Garchi O‘zbekistonda tashabbusli budjetlashtirishni joriy etish bo‘yicha dastlabki qadamlar ijobiy natijalarni ko‘rsatgan bo‘lsa-da, hali oldinda budjet jarayoniga fuqarolarni keng jalb etish bo‘yicha amalga oshirilishi kerak bo‘lgan bir qancha ishlar turibdi. BMTTD va O‘zbekiston Moliya vazirligi bu yo‘nalishda hamkorlikni davom ettiradi.