Kapitalbank Mirzo Ulug‘bek filiali rahbari 24 sentabr kuni Chirchiq shahar IIB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qildi, deya xabar berdi Bosh prokuratura matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga.

Arizada 15 sentabr kuni Kapitalbank`ga tegishli bo‘lgan Chirchiq shahar 9-kichik nohiya hududidagi hamda 20 sentabr kuni Chirchiq shahar Amir Temur shox ko‘chasidagi Havas savdo majmuasi oldiga o‘rnatilgan bankomatga noma’lum shaxslar tomonidan buzishga uringanligi aniqlanganligi bayon etilgan.

Olib borilgan tergov harakatlari davomida ushbu jinoyat shartnoma asosidagi 3 nafar harbiy xizmat oddiy askarlari tomonidan sodir etilganligi aniqlangan.

Chirchiq harbiy prokuraturasiga Chirchiq shahar IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan 26 sentabr kuni Jinoyat kodeksining 25-moddasi (Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish),169-moddasi (O‘g‘rilik) 2-qismi «v» bandi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi kelib tushgan va 27 sentabr kuni jinoyat ishi ish yurituviga qabul qilingan.

Jinoyat ishi tergovi davomida 3 nafar shaxs gumonlanuvchi tariqasida jalb qilinib, 1 nafariga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Chirchiq harbiy prokuraturasi tomonidan hozirda dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.