Joriy yilning sentabr oyida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, pespondentlar tomonidan sezilgan inflyatsiya pasayuvchi dinamikani davom ettirib, 14,8 foizni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bank taqdim qilgan hisobotda ma’lum qilindi. Bunda, belgilangan javoblarning mediana qiymati 11,6 foiz atrofida shakllandi.


Shu bilan birga, so‘rov ishtirokchilari orasida inflyatsiyani 8 foizdan past darajada his qilganlar ulushi iyun oyidan boshlab muntazam ravishda oshib bormoqda (18 foizdan 31 foizgacha). Aksincha, 20 foizdan yuqori oshganini his qilganlar ulushi sezilarli qisqardi (37 foizdan 24 foizgacha).

Sentabr oyida ham avgust oyi kabi narxlari yuqori darajada oshgan deb go‘sht, sut, non, un, shakar va yog‘ mahsulotlari ko‘rsatilgan. Biroq, non, un, shakar, benzin va qurilish mollarining narxlari yuqori o‘sishini qayd etgan respondentlar ulushi o‘tgan oyga nisbatan kamaydi.

Mamlakatga turistlar oqimi ko‘payishining ijara narxlariga ta’siri sentabr oyidagi respondentlar javoblarida aks etdi. Shuningdek, tashish va aloqa xizmatlari, savdo, ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligida faoliyat yuritayotgan so‘rov ishtirokchilari inflyatsiyani yuqoriroq darajada sezdi.

Mamlakat hududlari kesimida sezilgan inflyatsiyaning nisbatan yuqori ko‘rsatkichlari Buxoro, Namangan viloyatlari va Toshkent shahrida kuzatilgan bo‘lsa, nisbatan past ko‘rsatkichlar Navoiy, Andijon hamda Surxondaryo viloyatlarida qayd etildi.

Hududlar va daromadlar kesimida yillik inflyatsiya darajasi 12,2 foizni, oziq-ovqat mahsulotlari inflyatsiyasi esa 16,6 foizni tashkil etdi.

Hududlar kesimida, 8 ta hududda inflyatsiya ko‘rsatkichlari respublika bo‘yicha o‘rtacha umumiy inflyatsiya darajasidan baland bo‘ldi. Bunda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy, Sirdaryo, Surhondaryo va Namangan viloyatlarida oziq-ovqat narxlari o‘sishi sur’atlari qolgan hududlarga nisbatan yuqoriroq ekanligini ko‘rish mumkin.

Xususan, aprel oyidan boshlab ichki narxlar o‘sishining tezlashgani aholining, ayniqsa, kam daromadli guruhlarning sezilgan inflyatsiyasi yuqori shakllanishiga sabab bo‘ldi. Bunda, iyun oyida daromadlari 2 mln. so‘mgacha bo‘lgan uy-xo‘jaliklari inflyatsiyasining umumiy inflyatsiyadan tafovuti 2,4 foiz bandgacha oshgan bo‘lsa, sentabr oyi yakunlari bo‘yicha ushbu ko‘rsatkich 2 foiz bandgacha pasaydi.

Bu, kam daromadli uy xo‘jaliklarining iste’mol savatida oziq-ovqat mahsulotlarining ulushi yuqoriligi sharoitida aprel-sentabr oylarida asosan oziq-ovqat mahsulotlari narxlarida yuqori o‘suvchi tendensiyalar kuzatilganligi bilan izohlash mumkin. Shu o‘rinda, ijtimoiy tovarlar narxlari o‘sishi sentabr oyida (yillik hisobda) 16,9 foizga teng bo‘lib, umumiy inflyatsiya bilan farqi 4,7 foiz bandni tashkil etdi.