Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumanidagi mahallalarning birida yashovchi «mulla» ayol mijoziga nisbatan tajovuzda ayblanib, sudlandi. Bu haqda Sevimli telekanalining Zamon dasturida xabar berildi.

Sud hujjatlarida ko‘rsatilishicha, kelinining sog‘lig‘i yomonlashgani uchun qaynotaci uyga «mulla» chaqirgan. Shundan so‘ng, kelinni «o‘qib qo‘yishini» aytgan shaxs xonadagilarning barchasini tashqariga chiqarib yuborgan. Ayol bilan yolg‘iz qolgan erkak unga qo‘l tekkizib, quchoqlab, o‘pgan va turli so‘zlar bilan shilqimlik qilgan.

Shuningdek, u kelinni arab tili maktabiga kiritib qo‘yishini, har kuni kechqurun uyidagilarga bildirmasdan uning uyiga borishi kerakligini aytgan.

Keyinchalik kelin bu shaxs ustidan ichki ishlar organlariga shikoyat qilgan. Biroq sudlanuvchi inspektorning talabiga bo‘ysunmay, tergovga kelishdan bosh tortgan.

Sud jarayonida esa 47 yoshli erkak aybiga iqror bo‘ldi. Unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (Mayda bezorilik) va 194-moddasi (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybli deb topildi. Unga 10 sutka ma’muriy qamoq va 600 ming so‘m jarima jazosi tayinlandi.

Xabarda aytilishicha, bu shaxs avval ham ichkilik ichib, jamoat joyida tartib buzgani uchun jarimaga tortilgan.