DXX tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida istiqomat qiluvchi, 1976 yilda tug‘ilgan fuqaro o‘zining yashash xonadonida yashirin sex tashkil etib, xorijda ishlab chiqarilgan va yaroqlilik muddati o‘tgan dori vositalarini qayta qadoqlash orqali sotuvga chiqarish bilan shug‘ullangani aniqlandi. Bu haqda O‘zA xabar qildi.

Xususan, ushbu manzilda 34 turdagi 445 ming dona dori vositalari borligi aniqlandi. Ulardan 24 turdagi dori vositalari Fransiya, Germaniya, Belgiya, Vengriya, Turkiya, Rossiya, Hindiston, Ukraina davlatlarida ishlab chiqarilgan bo‘lib, yaroqlilik muddati 2007−2020 yillar oralig‘ida tugagan.

Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, dori vositalarining umumiy qiymati 3 mlrd 185 mln 250 ming so‘mni tashkil etadi.

Shuningdek, noqonuniy sexda qadoqlash va dori vositalarining muddatini o‘zgartirish uskunalari, qalbaki shtamp va muhrlar borligi ham ma’lum bo‘ldi.

Shuningdek, bu yo‘nalishda Toshkent shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda «Farg‘ona-Toshkent» yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanib, Yashnobod tumanidagi avtoturargohlarning birida to‘xtagan Isuzu yuk mashinasi ko‘zdan kechirilganda, unda xorijda ishlab chiqarilgan, lekin, tegishli hujjatlari bo‘lmagan va sifati kafolatlanmagan 4 turdagi jami 72 425 dona, umumiy qiymati 231 mln 760 ming so‘mlik tibbiyot buyumlari borligi aniqlandi.

Ma’lum bo‘lishicha, qo‘shni davlat hududidan aylanma yo‘llar orqali mamlakatga olib kirilgan ushbu tibbiyot buyumlari Farg‘ona shahrida yashovchi, 1976 yilda tug‘ilgan ayolga tegishli bo‘lgan.

Holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.