Buyuk Britaniyaning Brekon shahrida razvedka va maxsus bo‘linmalar o‘rtasida o‘tkazilgan «Kembriya patruli» xalqaro tanlovida O‘zbekiston harbiylari ikkinchi o‘rinni egalladi, deb xabar berdi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga.

Musobaqada g‘alaba Britaniya jamoasiga nasib etdi, Pokiston terma jamoasi kuchli uchlikni yakunladi.

Musobaqa konkurslaridagi yo‘nalish 90 km masofadagi turli darajadagi murakkab shartlardan iborat bo‘lib, har 8−10 kmda bir nechta jangovar topshiriqlar bajarildi.

Shuningdek, ommaviy qirg‘in qurollaridan himoyalanish vositalaridan foydalangan holda 3 km masofadagi zararlangan hududdan o‘tish, joyni razvedka qilish va tog‘ daryosini kesib o‘tish, yaradorlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, jarohatlanganlarni turli yo‘llar bilan evakuatsiya qilish, mina to‘sig‘idan yakka va guruh tarkibida o‘tish, dushman obektiga bosqin uyushtirish, garovga olinganlarni ozod qilish va harbiy asirlarni so‘roq qilish kabi shartlarda harbiy xizmatchilar o‘z mahoratlarini sinovdan o‘tkazishdi.


Bundan tashqari, jamoalarga 8 ta kutilmagan «test syurpriz» topshiriqlari ham berildi. Unga ko‘ra, xorijiy davlatlar qurollari va harbiy texnikasi turlarini aniqlash, simulyatsiya va aloqa uskunalari yordamida artilleriya olovini yo‘naltirish, harbiy topografiya me’yorlarni bajarish, Jeneva konvensiyasi bo‘yicha test topshirish, razvedka bo‘yicha hisobotlarni tayyorlash va tuzish, aloqa tayyorgarligi bo‘yicha me’yorlarni bajarish, bajarilgan tadbirlar bo‘yicha va keyingi topshiriqlarni bajarishga shayligi bo‘yicha bildiruv berish jarayonlari o‘tkazildi.

«Kembriya patruli» xalqaro musobaqasida dunyoning jami 24 ta davlatidan 144 ta jamoalar ishtirok etdi. Jumladan, unda mezbon Buyuk Britaniya, O‘zbekiston, Kosovo, Gretsiya, Irlandiya, Germaniya, Latviya, Fransiya, Gana, Italiya, Hindiston, Polsha, AQSh, Shveysariya, Litva, Niderlandiya, Uels, Nepal, Shotlandiya, Avstraliya, Pokiston, Meksika, Albaniya, Chili, Qozog‘iston, Yangi Zelandiya Qurolli Kuchlari razvedka va maxsus bo‘linmalari harbiy xizmatchilaridan iborat jamoalar o‘zaro bahs olib bordi.

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi mazkur musobaqaning 2019 yilgi bahslarida 1-o‘rinni, 2020−2021 yillarda esa 2-o‘rinni band qilgan.