Shavkat Mirziyoyev Ostona shahrida Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning oltinchi sammitida nutq so‘zladi, deya xabar qilmoqda Prezident matbuot kotibi.

So‘zining avvalida davlat rahbari o‘tgan davr davomida ushbu tuzilma xavfsizlikni ta’minlash, Osiyoda o‘zaro ishonch va barqaror taraqqiyotni mustahkamlash masalalari bo‘yicha keng va ochiq muloqot uchun muhim maydon sifatida o‘zining g‘oyatda zarur ekanligini ko‘rsatganini ta’kidladi. O‘zbekiston forumni transformatsiya qilish masalasi bo‘yicha qo‘shma faoliyatda ishtirok etishga tayyorligini bildirdi.

«Bugun biz xalqaro munosabatlarda noaniqlik tobora o‘sib, muloqot va ishonchning misli ko‘rilmagan darajada taqchil bo‘lib borayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Bularning barchasi ko‘p tomonlama hamkorlik asoslariga putur yetkazmoqda, mojarolarning avj olishiga sabab bo‘lib, global iqtisodiyotda tizimli uzilishlarga olib kelmoqda. Yuzaga kelgan yangi geosiyosiy voqelik butun Osiyo qit’asi barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Inqirozli holatlar Markaziy Osiyo davlatlariga ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri daxl qilmoqda, iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirish bo‘yicha bizning sa’y-harakatlarimizni sekinlashtirmoqda», — dedi prezident.

Ushbu omillarning umumiy xavfsizlik manfaatlari, taraqqiyot va farovonligimizga ta’siridan kelib chiqib, prezident quyidagi ustuvor yo‘nalishlarga diqqat qaratishga chaqirdi. Afg‘onistondagi vaziyat alohida e’tiborni talab qilmoqda.

«Afsuski, boshqa o‘tkir xalqaro muammolar qalqib chiqishi natijasida Afg‘oniston masalasi ikkinchi darajaga tushib qolmoqda. O‘ttiz yil muqaddam ushbu davlat amalda xalqaro terrorchilik makoniga aylanib qolgani bilan bog‘liq achchiq tajriba qayta takrorlanishiga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Afg‘oniston muvaqqat hukumati bilan o‘zaro hamkorlik bo‘yicha umumiy va muvofiqlashtirilgan yondashuvlarni ishlab chiqishimiz zarur» — dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston rahbari afg‘on muammosi yuzasidan keng konsensusga erishish va global darajada amaliy chora-tadbirlarni qabul qilish maqsadida Afg‘oniston hukumati bilan tomonlar majburiyatlarini bosqichma-bosqich bajarish algoritmini tayyorlash va kelishish lozimligini ta’kidladi.

«Buning uchun yuqori darajadagi xalqaro muzokara olib boruvchi guruhni shakllantirish haqidagi tashabbus ifoda etilgan Osiyo mamlakatlarining Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasiga qo‘shma murojaati imkoniyatlarini ko‘rib chiqishni taklif etamiz» — dedi Shavkat Mirziyoyev.