Iqlim ma’lumotlari tahlili va yetakchi jahon markazlari tomonidan 2022−2023 yillarning qish mavsumi uchun tuzilgan dastlabki hisoblariga ko‘ra, qish mavsumi o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlari atrofida va undan biroz ko‘p hamda yog‘ingarchilik taqchilligi bo‘lishi kutilmoqda, deya xabar berdi O‘zgidromet markazi.

«Qish mavsumi davomida sovuq ob-havo davrlarida harorat −5…−10 darajagacha sovuq, shimolda esa −15…−20 darajagacha sovuqning pasayishi ehtimoldan holi emas, bu qish oylari uchun iqlim me’yoridan −5…−8 darajaga pastdir», — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, prognozlar taxminiy xususiyatga ega va faqat butun mavsumning umumiy xususiyatlari uchun foydalaniladi. Mavsumning o‘rtacha harorati me’yordan yuqori yoki past, yog‘ingarchilik mavsum davomida me’yordan ko‘p yoki kam yog‘ishi mumkin. Hatto bunday umumiy baholash aniqligi ham katta emas va 50−60 foizdan oshmaydi.

Ma’lumot o‘rnida, so‘nggi 20 yil ichida 2007−2008, 2011−2012 yillardagi qish sovuq va uzoq davom etdi, bu o‘rtacha iqlim qiymatlaridan −3…−4 darajaga past bo‘ldi. Ushbu qishlarning ayrim kunlarida havo harorati Toshkentda kechalari −15…−17 darajagacha, kunduz kunlari esa −8…−13 darajagacha pasaydi.

Bunday ob-havo sharoiti odatda Rossiyaning Yevropa hududidan, Uraldan, ba’zan, hatto G‘arbiy Sibirdan sovuq havoning kirib kelishi hisobiga vujudga keladi.

Eng iliq qish oylari esa 2003−2004, 2008−2009, 2009−2010, 2021−2022 yillarga to‘g‘ri keladi, Toshkentda o‘rtacha mavsumiy harorat me’yordan −3…−5 darajaga yuqori bo‘lgan. Umuman 2015−2016 yillarning qish mavsumi eng iliq qish mavsumi bo‘lib, qishning o‘rtacha harorati me’yordan −5…−6 darajaga yuqori bo‘lgan.

Eng iliq qish davrlarida kunduzgi havo harorati +20…+23 darajagacha iliq, ayrim kunlarda esa +25…+27 darajagacha iliq ko‘tarilishi mumkin.