Andijonda tashlandiq holdagi Nodirabegim bog‘ini rekonstruksiya qilish va «Komsomol ko‘li» nomi bilan mashhur qurib qolgan ko‘lni tiklash ishlari boshlandi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Andijon viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Manba: Andijon viloyati hokimligi.

Bog‘ning umumiy maydoni 16 gektar bo‘lib, shundan 6 gektarini ko‘l egallaydi. Ammo 1955 yilda Andijon shahar xalq deputatlari Kengashi tomonidan ko‘l uchun 14,5 gektar maydon ajratilgan.

Viloyat hokimligidan ma’lum qilinishicha, bog‘ uzoq muddatga yopilgan. sentabr oyida Twitter foydalanuvchisi hududning o‘tmishi va hozirgi holati aks etgan qiyosiy suratlarni joylashtirgan edi.

Jamoatchilik tanqididan so‘ng, dam olish maskanini tiklash, jumladan, ko‘lni suv bilan to‘ldirishga qaror qilindi. Ish 1 oktabrda boshlangan.

«Viloyat hokimi [Shuhrat Abdurahmonov] tashabbusi bilan hudud avvalgi holatiga qaytariladi. Bog‘ fuqarolarning madaniy hordiq chiqarishi uchun qulay maskanga aylanadi», — deyiladi hokimlik xabarida.

Andijon hokimi G‘ofurjon Abdurahmonov «Gazeta.uz» bilan suhbatda ikki oy avval Hindistondan investorlar Nodirabegim bog‘iga tashrif buyurib, bu yerda tibbiy klaster tashkil etishni taklif qilganini aytdi.

«Bu haqda viloyat hokimiga xabar berganimizda, qarorni xalq qabul qilishi kerakligini aytdi. 10 kun avval hokim tashabbusi bilan bog‘ni obodonlashtirish ishlari boshlandi. Aholining taklifi va iltimosiga ko‘ra ko‘l qayta tiklanmoqda. Ko‘l uchun suv ochildi, bir necha kundan keyin u butunlay to‘ldiriladi. Ayni kunga qadar bu yerda baydarka sporti bilan shug‘ullanayotgan sportchilar mashg‘ulotlar o‘tkazmoqda. Qayiqlar va attratsionlar keltirildi. Ignabargli va boshqa manzarali daraxtlar o‘tqazilmoqda», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bir hafta ichida obodonlashtirish ishlari yakunlanib, bog‘ oilaviy dam olish maskaniga aylanadi.

Nima uchun bog‘ bunday holga tushib qoldi?

Andijon shahrining sobiq hokimi Dilmurod Rahmatullayev 2016 yil 7 dekabrdagi qarori bilan bog‘ni uzaytirish imkoniyati va rekonstruksiya ishlarini olib borish majburiyati bilan 10 yil muddatga Toshkentning Green Land Invest kompaniyasiga ajratib bergan edi.

Ammo oradan bir yil o‘tib, 2017 yil 30 yanvar kuni Rahmatullayev avvalgi qarorini bekor qilib, «Nodirabegim» bog‘ini 10 yil muddatga uzaytirish imkoniyati va rekonstruksiya qilish majburiyati bilan Qurilish-Lizing Servis ixtiyoriga o‘tkazdi. Buning uchun korxona O‘zmilliybankning Toshkent shahridagi Shayxontohur filialidan 14,5 milliard so‘m miqdorida kredit oldi. Shu bilan birga, bog‘ hududidagi bino va inshootlar garov sifatida shartnomaga kiritilgan.

Biroq tadbirkor o‘z majburiyatini bajarmagani, Qurilish-Lizing Servis ta’sischilari attraksion va jihozlarni talab ketishgani aytilmoqda.

Mazkur holat yuzasidan jamiyat ta’sischilari va boshqa shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 167-modda 3-qismi «a» bandi (ko‘p miqdorda o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 181−1-modda 1-qismi (qasddan bankrotlik), 192−11-moddasi 2-qismi «a» bandi (Nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish, o‘ta ko‘p miqdorda zarar yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Tergov davom etmoqda, bog‘ning kadastr hujjatlari prokuratura tomonidan olib qo‘yilgan. Hozirda hokimlik bog‘ni shahar hokimligi balansiga o‘tkazish ustida ishlamoqda.

Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov 2019 yil iyun oyida tarqatilgan audioyozuvda Andijon hokimi Dilmurod Rahmatullayevni behayo so‘zlar bilan tanqid qilgan edi.

«O‘tgan yili Nodirabegim bog‘i uchun prezidentdan pul so‘ragandim. Kecha qarasak: pul ham yo‘q, quruvchilar ham. Hammasini yeb, Turkiyaga qochib ketdi. Hozir biz uni ushlab, qaytarib olib keldik», — degan edi u.

Rekonstruksiya fotosurati

Foto: Andijon viloyati hokimligi matbuot xizmati.