Toshkent shahridagi jamoat transportlarida yo‘lkira uchun to‘lovda Humo kartasidan foydalanilganda, yo‘lovchilarning bank kartasidan bir necha soat oralig‘ida ketma-ket pul yechib olinayotgani kuzatilmoqda.

Mazkur holat yuzasidan «Gazeta.uz» muxbiri «Avtomatlashtirilgan transport to‘lov tizimi operatori» MCHJ (ATTO markazi egasi) bosh rahbari Davron Shoyakubovdan izoh oldi.

«Gazeta.uz» o‘quvchilaridan biri yo‘lovchi jamoat transportidan soat 18:06 da foydalanganini ma’lum qildi. Yuqoridagi suratdan ko‘rish mumkinki, tizim soat 18:45, 21:22 va 21:29 larda ham pul yechib olgan.

Yana bir holatda soat 15:00 da va keyinchalik 21:59 da pul yechib olinganini ko‘rish mumkin.


Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilaridan biri esa metroda faqat kun davomida bir martagina yurgan bo‘lsada, buning uchun 3 karra haq to‘laganini yozgan. Uning ta’kidlashicha, avvaliga balansida pul bo‘lmagan, biroq o‘sha vaqtda metroda pul to‘lashga uringan vaziyat, undan keyingi holat uchun ham pul yechib olingan. E’tiborlisi shundan so‘ng yana ikki marta pul yechilgan.

Twitter foydalanuvchilari ham mazkur holatga duch kelganini aytmoqda.



HUMO kartasidan amalga oshirilgan yana bir to‘lovda ham bir vaqtning o‘zida 2 martadan pul yechib olingani qayd etilgan.

Shu kabi holat Humans Visa kartalari orqali to‘lov qilinganda ham yuz bergan.

E’tiborlisi, avvaliga ko‘plab yo‘lovchilar bunga e’tibor qaratishmagan va ortiqcha pul yechib olishlarni kuzatishmagan. Tarmoqlardagi muhokamalardan so‘ngina kartasidagi balansni tekshirish jarayonida bunga guvoh bo‘lishgan.

Kompaniya rahbari Humo va ATTO tizimlaridagi muammolarni bartaraf etish maqsadida xodimlar birgalikda faoliyat olib borayotganini ma’lum qildi.

«12 sentabr kuni kechasi soat 02:00 va 03:00 atrofida Humo o‘zida ma’lumotlarni yangilab qo‘ydi. Shu sananing o‘zida bu muammo hal qilinadi. Hozir Humo to‘lov tizimining „Support“ guruhi bilan ishlayapmiz. Ular hozir tizimda nechta kartadan ortiqcha mablag‘ yechib olinayotganini hisoblab chiqishyapti. Hisoblab bo‘lingach fuqarolarning kartasidan yechilgan ortiqcha pullar ularning hisob raqamiga qaytadi. Buni sezmaganlar hatto ulardan pul qachon ketib, qachon qaytganini ham bilmay qolishadi», — dedi Davron Shoyakubov.

Undirilgan ortiqcha to‘lovlar 48 soat davomida qaytariladi. Humo va ATTO tizimlari keltirilgan noqulayliklar uchun fuqarolardan uzr so‘radi.

Kompaniya rahbari ATTO kartalaridan foydalanganda, bunday holat kuzatilmayotganini qo‘shimcha qildi.