Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 11 oktabr kuni mahallalarni obod qilish va aholini o‘ylantirayotgan masalalarni hal etish bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida hududlarni ko‘kalamzorlashtirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi, deya xabar bermoqda uning matbuot xizmati.

Davlat rahbari «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida bu yil yakunigacha 75 million dona, kelgusi yil bahor oylarida yana 125 million dona mevali va manzarali ko‘chatlar ekish vazifasini qo‘ydi. O‘tgan yilgi tajribadan kelib chiqib, 20 oktabrdan 1 dekabrgacha ko‘chat ekish bo‘yicha «dolzarb 40 kunlik»ni e’lon qildi.

«Daraxt havas bilan ekilishi, xalqimiz, mahallalarimizning madaniyatiga aylanishi lozim», — dedi prezident.

Viloyat hokimlariga kuz mavsumida kam ta’minlangan 500 ming xonadonga 10 tupdan mevali daraxtlar ko‘chatini bepul tarqatish topshirildi.

Aprel oyida Shavkat Mirziyoyev «Yashil makon» dasturi ijrosi ahvoli qoniqtirmasligini aytib, «ayrim hududlarda ishlar nomigagina tashkil etilayotgani, ko‘zbo‘yamachilik davom etayotganidan» xabari borligini ma’lum qilgandi. Ta’kidlanishicha, ekilmagan 5 mln tup ko‘chatni hisobotda qo‘shib yozish holatlari ham uchrayapti. Qolaversa, terakning allergiya chaqirmaydigan navlarini ekishga ham ko‘rsatma berilgandi.

BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska sentabr oyida «Yashil Makon» nafaqat millionlab ko‘chatlar ekish, balki millionlab ko‘chatlarni kerakli joyga ekib, ularga to‘g‘ri g‘amxo‘rlik qilish ekanini ta’kidlagandi. U, shuningdek, daraxtlarni parvarish qilishda faqat ehtiyotkorlik bilan rejalashtirish, o‘ylangan va muvofiqlashtirilgan harakatlar hamda barqaror yondashuvlar ijobiy natijaga olib kelishi mumkinligini aytgandi.