10 oktabr kuni E-auksion savdo maydonchasida sobiq «Buxoroteks» yigiruv-to‘quv kombinatiga qarashli 1- va 2-sonli mulk majmualari uchun autsion savdolari yakunlandi.

115 ming kvadrat metr maydonga ega binolar va inshootlar 90,66 mlrd so‘mga, 17,59 gektar yer uchastkalari esa 13,8 mlrd so‘mga baholandi. Natijada lot 104,4 mlrd so‘m boshlang‘ich bahosi bilan kim oshdi savdosiga qo‘yildi.

Sobiq fabrikaning sun’iy yo‘ldoshdan ko‘rinishi. Google Maps.

Savdoning 13,5 daqiqasida faqat bitta narx taklifi kelib tushdi — Bukhara Next Generation Product 109,96 mlrd so‘m taklif qildi. Natijada kompaniya kim oshdi savdosi g‘olibi deb topildi.

Shartnoma tuzilgan kundan boshlab bir oy ichida summa to‘liq to‘langanidan keyin xaridorga Markaziy bankning asosiy stavkasiga teng chegirma taqdim etiladi (hozir — 15%).

Foto: Davlat aktivlarini boshqarish agentligi.

Bungacha zavodning mulkiy majmualari avgust oyi boshidan buyon olti marta sotuvga qo‘yilgan bo‘lsa-da, reglament talablariga javob bermagani uchun ularning barchasi yaroqsiz deb topilgan.

Spot xabariga ko‘ra, «Buxoroteks» o‘tgan davrdagi eng yirik yengil sanoat korxonalaridan biri hisoblanadi. 2006 yilda zavod Sanko holding kompaniyasiga 1 mln dollarga sotilgan, u to‘rt yil ichida 61 mln dollardan ortiq sarmoya kiritishni va yirik to‘qimachilik majmuasini yaratishni rejalashtirgan edi. Ammo 2007 yilda kompaniya bankrot deb e’lon qilingan, 2014 yilda esa u o‘z muhr va shtampidan mahrum bo‘lgan.

Foto: Davlat aktivlarini boshqarish agentligi.

E-auksion ma’lumotlariga ko‘ra, bankrot deb e’lon qilingan korxona 10 yildan beri bo‘sh turibdi. 2015 yilda 30 dan ortiq tadbirkorga investitsiya majburiyatlari bo‘yicha nol qiymatda o‘tkazildi. Ammo 2021 yilda ushbu majburiyatlar bajarilmagani uchun shartnoma bekor qilindi, deyiladi xabarda. Garchi avvalroq sobiq zavod asosidagi muvaffaqiyatli loyihalar haqida xabar berilgan edi.

Xaridor haqida ma’lumot

Bukhara Next Generation Product 2022 yil 4 oktabrda — kim oshdi savdosidan 6 kun oldin ro‘yxatga olingan. Asosiy faoliyat turi elektr maishiy texnika ishlab chiqarishdir. Muassislar Shoxrux Toxirovich Ro‘ziqulov (10%) va Next Generation Product (90%). O‘z navbatida, ikkinchi hammuassis kompaniyaning asoschisi Artel Electronics hisoblanadi.

Shohrux Ro‘ziqulov Artel Electronics kompaniyasi boshqaruvi raisi ham hisoblanadi.

Artel Artel savdo belgisi Artel Electronics kompaniyasiga tegishli, biroq uning uchun ariza Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev tomonidan tashkil etilgan J-United Group kompaniyasi tomonidan berilgan (ilgari brend uning kompaniyasiga tegishli edi).