«Gazeta.uz» o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 33 yilligi munosabati bilan oktabrni — «O‘zbek tili oyligi» deb e’lon qildi. O‘tgan davr mobaynida mazkur yo‘nalishda katta-kichik qadamlar tashlandi, biroq o‘zbek tili maqomini to‘la-to‘kis mustahkamlay olmadi. Til borasida yechimini kutayotgan muammolar hamon kamaymagan. Mazkur oylik davomida tahririyat jamoasi har kuni o‘tgan vaqt ichida turli nashrlarda chop etilgan, dolzarbligini hanuz yo‘qotmagan maqola, nutqlarni qayta berib boradi.

Buni qarangki, Erkin A’zamning 26 yil avval bildirgan xavotirlari hamon dolzarbligini yo‘qotmagan. Yillarga cho‘zilgan harakatsizlik, e’tiborsizlik sabab o‘zbek tiliga yot bo‘lgan ma’nosiz so‘zlar hamon «kuch»ini yo‘qotmagan, hali ham suhbat-muloqotlarimizda hukmron.

Bilib gapirganga ne yetsin

Chamasi, Lev Tolstoy aytgan: «Hukm qo‘limda bo‘lsa, ma’nosini yaxshi bilmagan so‘zini ishlatgan yozuvchiga ming darra buyurardim».

Davlat tili joriy etilgach, sarxushlikdanmi, yangi so‘z yasovchilar, uni tushunib-tushunmay qo‘llovchilar ham ko‘paydi. O‘ylaymizki, bu hol o‘tkinchi jarayon, daryo ko‘pira-ko‘pira tiniqadi. Lekin bozor iqtisodiyoti bahona tilimizga kirib o‘rnashayotgan ayrim atamalar haqida hozirdanoq qayg‘urmasak bo‘lmaydi, aks holda «g‘alati mashhur» iboralar urchib ketadi.

Bu mulohazalarni bilgich ustozlarimiz radio-televideniye orqali, matbuot orqali ko‘p aytishdi, biz ham takrorlasak ziyon qilmas. Masalan, «ustuvor» so‘zini biz ko‘pincha «prioritetniy» ma’nosida ishlatyapmiz, holbuki buni «birinchi galdagi», «asosiy», «ustun», «afzal» va hokazo shakllarda ifodalash mumkin, «ustuvor» esa — poydevori mahkam, mustahkam degani.

Yoki «boqimonda» iborasini olaylik. «Boqimonda» — qarzning yoki biron bir moliyaviy munosabatning qolgan qismi degani. Biz esa uni «ijdivens» ma’nosida ishlatyapmiz, vaholanki, ortiqcha so‘z qidirib yurmay, o‘zimiz bilgan «tekinxo‘r», «tekintomoq» so‘zlarini qo‘llayversak bo‘ladi.

Bu bari nusxa ko‘chirish illatining kasri. «Seminar o‘z ishini tugatdi», «Qurilish ishlari boshlanib ketdi» kabi jumlalarni har kuni o‘qiymiz, eshitamiz. Ruschadan so‘zma-so‘z tarjimaning o‘zginasi bu. «Seminar tugadi, poyoniga yetdi, yakunlandi» yoki «Qurilish boshlandi» deb qo‘yaqolsak bo‘lmaydimi?!

Yana g‘ashga tekkan bir olmosh bor — «o‘z». «Yozuvchi o‘z asarlarida qishloq hayotini aks ettirdi». Bu yerda «o‘z» olmoshi shartmi? Axir, birov maqsadini boshqa birovning asarida aks ettirolmaydi-ku!

«U o‘z xotiniga qaradi» (birovning xotiniga qarab ko‘ring-chi!), «U o‘z ishxonasiga yetib keldi», «O‘z ishiga mas’uliyat bilan qaraydi» va hokazo. Hammasi o‘sha «svoy»ning tarjimasi, vassalom!

«Muammo ko‘tarmoq», «Bozorga chiqdim», «lutfan», «qadamranjida», «tashrif buyurdi» kabi iboralarni gapirib o‘tirmasak ham bo‘ladi — ming marta aytildi, yozildi, ammo har gal to‘yga taklifnoma olsangiz, o‘sha gap — «lutfan taklif etamiz», «qadamranjida qilsangiz»!..

«Keyin biz dalaga tashrif buyurdik» deb yozadi muxbir. «Yozayotgan so‘zingizning asl ma’nosini bilmas ekansiz, qo‘ying, dalaga tashrif buyurmang, u sizga zor emas!» degingiz keladi.

«O‘ynab gapirsang ham o‘ylab gapir», deydi xalqimiz.

Bu o‘git biz qalamkashlarga, radio-televideniye va matbuot xodimlariga ham taalluqlidir.

Erkin A’zam, 1996 yil.

Ushbu fiqra adibning «Ertalabki xayollar» kitobidan olindi. Toshkent, «O‘zbekiston» nashriyoti, 2015 yil.