Prezident Shavkat Mirziyoyev mahallalarni obod qilish va «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida «Tashabbusli budjet» loyihasini yanada kengaytirish va ommalashtirish zarurligini ta’kidladi.

Davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadovning ma’lum qilishicha, prezident bir hafta muddatda har biri 2 mingdan ortiq aholi ovozini to‘plagan, lekin g‘olib bo‘lmagan 364 ta loyiha uchun qo‘shimcha 335 mlrd so‘m ajratishga ko‘rsatma berdi.

2022 yilning ikkinchi yarmida «Tashabbusli budjet» loyihasi doirasida 9 201 ta mahalla ishtirok etib, 38 mingta loyihaga 8 million aholi ovoz berdi (birinchi yarim yillikda 4 mingta mahalla qatnashgan).

Bu borada, Farg‘ona, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlari aholisi faol bo‘ldi. Ovoz berish yakunlariga ko‘ra, 1 418 ta loyiha g‘olib deb topilib, ular uchun jami 1 trln so‘m mablag‘ o‘tkazib berildi.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, mahallalarni obod qilish va ularga infratuzilma olib borish dasturlarini ishlab chiqishda aholi ko‘targan 12 mingta masalani ham hal qilishni o‘z ichiga oladigan yangi tizim yaratiladi.

Eng avvalo, 4 979 ta mahalladagi ichki yo‘llar, ichimlik suvi va oqova tizimi, elektr energiyasi va gaz ta’minoti, bog‘cha, maktab va sport obyektlari, obodonlashtirish, sug‘orish, ko‘chalarni yoritish va boshqa masalalarni hal qilishga bir oy muddatda «Obod qishloq» va «Obod mahalla» jamg‘armalariga 1,7 trln so‘m yo‘naltirish topshirildi. Ehtiyojga qarab, yil yakuniga qadar yana 1 trln so‘m ajratilishi ta’kidlandi.

«200 dan ortiq aholi qo‘llab-quvvatlagan mahalla shifokorlik punktlari, oilaviy poliklinikalarni jihozlashga kelgusi yilda qo‘shimcha 200 mlrd so‘m ajratiladi. Bu orqali 195 ta loyiha doirasida 600 ta mahalla aholisi qamrab olinadi», — dedi prezident.