6 oktabr kuni hukumatning [577-sonli] «Qurilish sohasiga oid talablarni soddalashtirish hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni tizimlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi, deb xabar bermoqda Adliya vazirligi.

Unga ko‘ra, qurilish sohasiga oid talablarni soddalashtirishning asosiy maqsadlaridan biri etib — eskirgan va o‘z ahamiyatini yo‘qotgan shaharsozlik normalari va qoidalarini qayta ko‘rib chiqish belgilandi.

Shundan kelib chiqib, 1 yanvardan «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonun doirasida amalga oshiriladigan qurilish-montaj, rekonstruksiya va mukammal ta’mirlash ishlarining loyiha-smeta hujjatlaridagi qiymati smeta-resurs normalari asosida shakllantiriladi.

Shuningdek, qurilish-montaj, rekonstruksiya va mukammal ta’mirlash ishlarini o‘z mablag‘lari hisobidan moliyalashtirayotgan tadbirkorlik subyektlari uchun smeta-resurs normalari tavsiyaviy xususiyatga ega bo‘ladi.

Qurilish reglamentlari hamda smeta-resurs normalari texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar jumlasiga kirmaydi hamda ularni huquqiy ekspertizadan o‘tkazish talab etilmaydi.

Bundan tashqari, shaharsozlik normalari va qoidalari kamida har 3−4 yilda qayta ko‘rib chiqiladi va zaruratga ko‘ra yangilab boriladi. Qurilish materiallari va jihozlariga oid standartlar faqat Qurilish vazirligi tomonidan qabul qilinadi.

Shaharsozlik faoliyati sohasiga doir milliy normativ hujjatlar bilan bir vaqtda ruxsat etiladigan xorijiy normativ hujjatlar asosida ishlab chiqilgan hamda xorijiy davlatlarda ekspertizadan o‘tkazilgan loyihalarning tegishli qismlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olinadi.