10 oktabr kuni prezident «Kimyo va gaz-kimyo sanoatini strategik rivojlantirishning maqsadli dasturini tasdiqlash to‘g‘risida»gi [PQ-388-son] qarorga imzo chekdi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Unda mahalliy mineral xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash orqali yangi turdagi kimyo va gaz-kimyo mahsulotlarini ishlab chiqarish, sohaga mahalliy va xorijiy to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etish maqsad qilingan.

Kimyoviy texnologik ilmiy-ishlab chiqarish klasterlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun quyidagi texnologik klasterlar tashkil etiladi:

  • «Navoiy kimyo texnoparki»;
  • «Farg‘ona kimyo texnoparki»;
  • «Qoraqalpog‘iston kimyo texnoparki».

1 aprelga qadar Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan xorijiy konsultantlarni jalb qilgan holda «Navoiyazot» AJda texnik kompleks o‘rganish ishlari bo‘ladi. 1 avgustga qadar birlamchi bozor holatini o‘rganish yakunlanadi.

1 sentabrga qadar «Navoiyazot» AJda o‘tkazilgan texnik kompleks o‘rganish va birlamchi bozor holatini o‘rganish natijalari asosida jamiyatni rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqiladi.

Shuningdek, 30 iyunga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va Navoiy viloyati hokimligi mazkur qaror bilan toifasi o‘zgartirilayotgan sug‘oriladigan yer uchastkalari maydoniga teng miqdorda yangi yerlarni o‘zlashtiradi.