Toshkent ramzlariga chizgilar: Chorsudagi «ovqat bozori»
«Chorsu» milliy taomlar bozori — Toshkent haqidagi hikoyalarning eng asosiy syujetlaridan biri. Bu yerdagi eski shahar muhiti mahalliy oshpazlar bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, ularning aksariyati bir necha o‘n yillardan buyon, hatto bir necha sulola vakillari shu joyda mehnat qilmoqda. «Gazeta.uz» oshpazlar qanday qilib Toshkentning asosiy ramzlaridan birini shakllantirganlari haqida hikoya qiladi.
«Chorsu» milliy taomlar bozori — Toshkent haqidagi hikoyalarning eng asosiy syujetlaridan biri. Bu yerdagi eski shahar muhiti mahalliy oshpazlar bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, ularning aksariyati bir necha o‘n yillardan buyon, hatto bir necha sulola vakillari shu joyda mehnat qilmoqda. «Gazeta.uz» oshpazlar qanday qilib Toshkentning asosiy ramzlaridan birini shakllantirganlari haqida hikoya qiladi.
Toshkentliklar va sayyohlar orasida «Ovqat bozori» nomi bilan mashhur bo‘lgan bu joyning kirish qismi kaboblardan ko‘tarilgan tutun va par bilan qoplangan. Bozordagi hayot qozondek qaynaydi: oshpazlar o‘z taomlaridan tatib ko‘rishga chorlaydi, tilanchi ovqatlanayotganlardan sadaqa so‘raydi.

Bu joyni hashamatli deb aytib bo‘lmaydi. Ovqat bozorining ikki tomonida janub quyoshida rangi uniqqan banner tortilgan. Moviy osmonda suzayotgan bulutlar fonida archalar tasvirlangan ushbu banner bozor hayoti haqidagi fotosuratlarda shunchalik tez-tez charaqlab turadiki, u Chorsuning moviy gumbazlari kabi tanilib ulgurdi ham.

Ovqat qatorlarida xo‘randalar sobiq Ittifoq zamonlari, qayta qurish yillarini eslatadigan uzun umumiy stol-stullarda o‘tirishadi. O‘rindiqlar ustiga eskirgan kurpachalar to‘shalgan.

«Ovqat bozori»ning ko‘rimsizligi — tashqi qiyofa va taomlar mazasi oldida ahamiyatsiz bo‘lib qoladi. Bu muhitning posbonlarini har qadamda uchratish mumkin. Ular peshtaxtalar orqasida, qozonlar boshida turishadi.
Maʼmura Ergasheva
«Eski shaharga nima bo‘libdi, o‘g‘lim? – deb so‘raydi ayol. – Bu yerdagi odamlar ham, bir-biriga munosabati ham boshqacha, samimiy».
Maʼmura Ergasheva 60 yoshda. «Ovqat bozori»da u yagona ayol-oshpazga o‘xshaydi — anʼanaga ko‘ra O‘zbekistonda palovni asosan erkaklar tayyorlashadi. Maʼmura opa pazandachilikni otasidan o‘rgangan. Qizaloq olti yoshlarda edi. O‘shandan beri u yordamchilikdan oilaviy biznesning to‘laqonli aʼzosiga aylandi. Ayolning uchta farzandi: ikki o‘g‘il va bir qizi bor, nevaralari soni o‘n nafarga yetgan. Hammasi bo‘lib
17 kishi bir tom ostida yashaydi.
Maʼmura opa oilasi bilan ertalab soat yettida bozorga keladi, kechki sakkizgacha qoladi. Uydan chiqishga uzoq vaqt tayyorlanish kerak. Turmush o‘rtog‘i tungi 2 larda turib, zirvak tayyorlaydi. U ertalab soat 6:30 da tayyor bo‘lishi kerak.

Maʼmura opaning oshi o‘rtacha yog‘li. Yaxshi dimlangan guruch, og‘izda eriydigan go‘sht bo‘laklari va no‘xat – “Chorsu”da 45 yil mehnat qilgan ayol oshni maromiga yetkazib tayyorlashning hadisini olgan.

Menyu faqat palov bilan cheklanib qolmaydi. Maʼmura opaning qo‘lidan lag‘mon, sho‘rva, manpar, norin va no‘xatli taomlardan ham tatib ko‘rish mumkin.
Oshpazning aytishicha, xaridorlar ovqat taʼmi o‘zgargan bo‘lsa, darhol payqashadi va unga aytishadi. Shuning uchun u ovqat qilishga masʼuliyat bilan yondashadi: salat uchun eng yaxshi pomidorni tanlaydi, ishonchli odamdan yangi go‘sht sotib oladi, o‘z farzandlari uchun tayyorlayotgandek pishiradi.
«Ovqat alohida mazali chiqishiga uchun bir chimdim mehr ham qo‘shib yuborish kerak», — deydi Maʼmura opa.
Oila General Uzoqov ko‘chasida o‘zbek taomlari restorani ochishni rejalashtirmoqda. U ovqatlarni olib ketish formatida ishlashi ko‘zda tutilgan. Maskan 22:00 dan ish boshlaydi. Maʼmura opa butun jarayonni shaxsan o‘zi boshqarish niyatida. Ammo oila Chorsudagi nuqtani ham tashlab qo‘ymoqchi emas.

Maʼmura opaning tan olishicha, ish kuni tugashi bilan charchab qoladi, lekin Xudo unga yana bir bor umr bersa ham, oshpazlik kasbini tanlardi.

«Qancha yashasam, shuncha ovqat pishiraman. Bu mening sanʼatim», — deydi u.
реклама
реклама
Abdulaziz Qodirov
Somsa sotuvchilarining xilma xil ovozlari orasida bir kishiniki alohida ajralib turadi. Bu ovoz xaridorlarga «Aziza opaning somsasi»ni taklif etayotgan yigitga tegishli. Bu jumla Chorsudan tashqarida ham keng tanilgan brenddir.

Somsani Aziza opa Qodirovaning nabirasi Abdulaziz hamda amakivachchasi Davron Usmonov sotadi. Abdulazizning aytishicha, aslida brend amakisi Nurilla Qodirov tufayli paydo bo‘lgan. Bunga 30 yillar bo‘lgan.
«Amakisi somsa pishirish sanʼatini o‘rganishga qaror qiladi. O‘ziga ustoz topib, uning qo‘lida to‘rt yil ishlagan, – deydi Abdulaziz. – Zarur bilimlarni o‘zlashtirib, ustoz duosini olib, somsaxona ochishga ruxsat olgan».

Bu paytda Abdulazizning otasi Xayrulla aka harbiy xizmatdan qaytgan edi. Akasi Nurilla va onasi Aziza opa bilan birgalikda novvoyxonani rivojlantirishga kirishdilar. Nurilla somsa pishirgan, Aziza opa esa «ovqat bozori»da sotgan.

Kuniga 1,5 ming donadan sotildi – ovqat odamlarga shunchalar yoqdi. Mijozlar keyingi safar somsapazni qanday topa olish mumkinligini so‘rashganida, Aziza opa: «Aziza opaning somsasini surishtiring», deb javob beradi. Chorsuning asosiy brendlaridan biri shu tariqa dunyoga keladi. Abdulazizning fikricha, Qodirovlar oilaviy biznesining muvaffaqiyat qozonishida amakisining ustozi roziligi katta rol o‘ynagan.
Aziza opaning somsasi dumaloq, kaftdek keladi. O‘zining gijirlagan, bir oz sho‘rroq xamiri bilan ajralib turadi. Somsaga to‘g‘ralgan yangi go‘sht va uni suvligina qilib turadigan bir bo‘lak dumba yog‘i solingan.

Bugungi kunda oilaviy biznesni Abdulaziz boshqaradi. Aytish mumkinki, bu ish unga meros qolgan: amakisi Nurilla aka 2014-yilda olamdan o‘tgan, otasi Xayrulla aka esa nafaqaga chiqishga qaror qilgan.

Abdulaziz biznes yuritish va kelajak uchun rejalar tuzish uchun yetarli tajribaga ega. Bozorda 10 yil ishlab, arava tortishga ham, piyox archishga ham, tandir ustida turishga ham ulgurdi.

Vaqti-vaqti bilan yigit «ovqat bozor»ga ham chiqib, peshtaxta ortida turadi. Oilaviy biznes qanday ishlashini yaxshiroq tushunmoqchi, chunki amakisining biznesi uchun masʼuliyatni his qilishini aytadi.
реклама
реклама
«Barcha yaxshi va yomon gaplar unga qaratiladi», — deb tushuntiradi jiyani.

Abdulazizning tan olishicha, mijoz kutganiga mos kelmaydigan somsaga duch kelgan paytlar ham bo‘ladi.
«Bu ovqat. U mashinada tayyorlangan emas», — deya izoh beradi u.
Somsapazning qo‘shimcha qilishicha, olov, un, go‘sht sifati, hatto ob-havo sharoiti ham taʼmga taʼsir qilishi mumkin, chunki ular somsani ochiq havoda ko‘rpachaga o‘ralgan ulkan savatlarda sotishadi. Biroq biror narsa noto‘g‘ri bo‘lsa, xatolarni tuzatishga harakat qilishadi.

Abdulaziz brendni kengaytirishni rejalashtirmoqda. Bugun ular kuniga 200 dan 400 tagacha somsa sotishadi. Kelajakda yigit faqat somsa tayyorlaydigan restoran ochishni rejalashtirgan.
Rustam Shermatov
Aziza opaning nuqtasidan besh qadamcha narida, tutun ortida kabobchining sharpasi ko‘rinadi. U qo‘ra ustida kartonni silkitadi. Bu kishining ismi Rustam Shermatov. Bu kamgap odam o‘z ishini 40 yil avval topgan.

80-yillarda oshpazlar sulolasi bo‘lgan Shermatovlarning oilaviy nuqtasi sobiq «Moskva» mehmonxonasi (hozirgi «Chorsu» mehmonxonasi – tahr.) ostida joylashgan bo‘lib, O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, biznes «Ovqat bozori»ga ko‘chdi.
«Menga shunisi ko‘proq yoqadi. O‘zimga o‘zim xo‘jayinman», — deydi u jazillab turgan kabob sixlarini ofitsiantga uzatar ekan.

Gijirlagan qobiqli go‘shtning o‘zi suvli, yumshoq bo‘ladi. Qiymali yoki jaz kabob to‘g‘ralgan piyoz va ko‘katlar bilan tortiq qilinadi. Bir sixining narxi – 14 ming so‘m.
Shermatovning menyusi kaboblar bilan cheklanmaydi. Ro‘yxatda norin, no‘xat sho‘rak va boshqa taomlar ham bor. Oshpazning aytishicha, uning xaridorlari yetarli. Kimdir tushlik qilish uchun, kimdir esa buyurtma berishga keladi. Mijozlarning orasida ko‘pchiligi sayyohlar, ayniqsa rossiyaliklardan iborat.
Maʼmura Mametova
Xonim sotuvchisi Maʼmura Mametova bilan gaplashishning deyarli imkoni yo‘q – uning taomiga navbat bor.

«Olti dona – shu yerda», «To‘rttasi – olib ketishga», «Yana ikkita bering», — deya xaridorlarning keti uzilmaydi.

Maʼmura opa qaynonasining ishini davom ettiradi. U ham bu ishni o‘ziga meros qilib olgan.
реклама
реклама
Mametovlar oilasining ish kuni ertalab to‘rt-beshda boshlanadi. Ishda uchta bola ishtirok etadi: kimdir xamir qoradi, kimdir kartoshkani tozalaydi, kimdir qayla tayyorlaydi.

Oila xonimdan tashqari, buyurtma asosida norin, somsa, kabob pishiriladi. Ertalab soat 10 ga yaqin asosiy taom tayyor bo‘lishi kerak - bu vaqtda Maʼmura opa bozorga boradi.
Maʼmura opa xonim sotgan yillar davomida bu ishning mashaqqatlarini payqamay ham qo‘ygan.

«Bu allaqachon reflekslar darajasida», — deydi ayol.

Uning tan olishicha, o‘zi va bolalari xonimni tatib ko‘rmagan bir kun ham bo‘lmagan.

«Jonimga tegmagan», — deydi u.
Mant va fotosuratlar muallifi — Jahongir Azimov / «Gazeta.uz».

Matn va barcha grafik materiallarga bo‘lgan huquqlar «Gazeta.uz» nashriga tegishli. «Gazeta.uz» internet-nashrida eʼlon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan quyidagi havolada tanishishingiz mumkin.

Siz biror qiziqarli voqeani bilasiz va uni butun dunyo bilan baham ko‘rmoqchimiz? Unday bo‘lsa, hikoyalaringizni photo@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting