«Gazeta.uz» o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 33 yilligi munosabati bilan oktabrni — «O‘zbek tili oyligi» deb e’lon qildi. O‘tgan davr mobaynida mazkur yo‘nalishda katta-kichik qadamlar tashlandi, biroq o‘zbek tili maqomini to‘la-to‘kis mustahkamlay olmadi. Til borasida yechimini kutayotgan muammolar hamon kamaymagan. Mazkur oylik davomida tahririyat jamoasi har kuni o‘tgan vaqt ichida turli nashrlarda chop etilgan, dolzarbligini hanuz yo‘qotmagan maqola, nutq, fiqralarni qayta berib boradi.

Chekinishga haqqimiz yo‘q

O‘zbekiston SSJning Davlat tili haqidagi qonunning 1-moddasi ikkinchi xatida: «O‘zbekiston SSR o‘zbek tilini butun choralar bilan rivojlantiradi va uning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy hayotning barcha sohalarida to‘liq amal qilinishini ta’minlaydi», deb qayd etilgan. Bu o‘rinda gapning ikkinchi qismiga e’tiborni qarataylik. Buning uchun o‘zbek tilining oliy o‘quv yurtlarida o‘qitilishini yo‘lga qo‘yish masalasini ko‘rib chiqish maqsadga muvofiqdir.

Yaqinginada o‘zbek tili o‘zbek filologiyasi fakultetlaridayu, qisqartirilgan soatlarda jurnalistika va maktabgacha tarbiya fakultetlarida, rus filologiyasi fakultetida imtihon bermaslik sharti bilan qisman o‘qitiladigan darajaga kelib qolgan edi. Davlat tili haqidagi qonun qabul qilingach, holat tamoman o‘zgardi. Rus tilida o‘qitiladigan barcha fakultetlarda o‘zbek tili fani kiritilishi amalga osha boshladi.

Chet tili fakultetlari va institutlarida, agar darslar o‘zbekcha olib borilayotgan bo‘lsa, o‘zbek tili fan sifatida qo‘yildi. Toshkent madaniyat institutida ham o‘zbek tili kafedrasi tiklandi. Bular hammasi yaxshi, ammo hali ish ko‘ngildagidek yo‘lga qo‘yildi, deb bo‘ladimi? Oliy o‘quv yurtlariga o‘zbek tilining kiritilishiga yuzaki qarab, masalaning yuzaki hal qilinayotganini va ayrimlar bu tadbirdan chekina boshlaganini ham kuzatish mumkin.

Shu kunlarda o‘zbek tilida o‘qitiladigan chet institutlari va fakultetlarida o‘zbek tili fan sifatida o‘qitilmaydi. Biroq shuni aytish kerakki, Toshkent davlat chet tillar pedagogika instituti, ToshDDning roman-german va sharq fakultetlari, shuningdek, jumhuriyatimizning boshqa dorilfununi va institutlari chet tili fakultetlarining ayrimlariga o‘zbek tili kiritib ko‘rildi. O‘zbek tili esa ikkinchi mutaxassislik uchun mo‘ljallangan edi. Bu kutilganidek natija bermagach, o‘quv planidan chiqarib tashlandi. Chunki chet tili fakultetlarida tor doiradagi o‘zbek tilini o‘qigan mutaxassisning bilimi filologiya fakultetlarini bitirib chiqayotgan mutaxassislarning bilimiga teng kela olmasdi.

Lekin uning boshqa tomoni — chet tilini o‘zlashtirishi uchun yordam berishi, chet tilini unga qiyosan o‘rganish manfaatliroq ekanligi hisobga olinmadi. Axir odamlar ona tili bazasida mushohada qiladi. Shuning uchun xalqning tafakkur teranligi va kengligi: dunyoqarash, madaniyati, san’ati, hatto ishlab chiqarish olamigacha shu xalq tilida o‘z aksini topadi. Har bir xalq vakili o‘z avlodidan meros bo‘lib qolgan urf-odati, dunyoqarashi bilan mushohada qilar ekan, uni ifodalashi uchun faqat ona tili qodir bo‘lib, u shu ona tili bazasidagina reallasha oladi. Mana shu mushohadani, kishi biror chet tilini juda yaxshi egallagan taqdirda ham unga ona tili bazasidan tarjima qilib o‘tkazadi.

Chet tili shu vaqtgacha rus tili orqali, tarjima qilish bilan o‘rgatilyapti. Bunda talabaning chet tilini egallash darajasi rus tilini qay darajada bilishi bilan bog‘liq bo‘lib qoladi. Agar talaba rus tilini yaxshi bilmaydigan bo‘lsa-chi?..

Hozir Toshkent davlat chet tillar pedagogika institutida o‘zbek tili o‘qitiladi. Biroq hammasi bo‘lib unga ajratilgan vaqt 80 soatdan oshmaydi. ToshDDning roman-german fakultetiga esa 60 soat atrofida dars qo‘yildi. Bu, albatta, daryodan gap, xolos.

ToshDDning huquq fakultetida ham o‘zbek tili o‘qitilmaydi. Bu fakultetga kiruvchilar qabulda dastlabki yozma imtihondayoq zo‘rg‘a 30 foiz qoladilar, qolganlarining aksariyati «3» baholilardir. Ular mutaxassis sifatida tergov va sud idoralariga ijtimoiy ta’minot, fuqarolik holati dalolatini qayd etish (FHDK) bo‘limlariga, huquq kengashiga ishga boradilar. Ularning hammasida ham inson taqdiri haqida hujjatlar tuziladi. Afsuski, o‘sha savod bilan ular tuzgan hujjatlardan ham bir qanchasini ko‘zdan kechirishga to‘g‘ri keldi. Afsus…

Ma’lumki, madaniyat va san’atni tildan ajratilgan holda tasavvur qilib bo‘lmaydi. Shuning uchun ham 1974 yil Toshkent Madaniyat instituti tashkil qilinganda bu fanga katta e’tibor berilgan edi. Biroq saksoninchi yillarda o‘zbek tili fani va shu fan kafedrasi yo‘qotildi.

Endi o‘zbek xalqi uchun xizmat qiluvchi va o‘zbek adabiy tilidan bexabar kutubxonachi, rejissyor, tashkilotchi, konferanse, xonanda, aktyor kabilarni bir tasavvur qilib ko‘ring. To‘g‘ri, o‘tgan o‘quv yilidan yana institutda o‘zbek tili darsi tiklandi, ammo avvalgidek hajmda dars soati va professorlari yo‘q. Qayta tiklangan kafedra asosan adabiyotchilardan iborat bo‘lib qolgan. Iymonim komilki, ular tilshunoslik mohiyatiga uncha yeta bilmaydilar. Teatr va rassomlik institutida esa umuman o‘zbek tilini fan sifatida o‘qitish o‘ylab ham ko‘rilmagan. Ularda sahna nutqi degan fan o‘qitiladi. Ammo adabiy til o‘rgatilmasdan bu fanni o‘rgatish qanchalik manfaat keltira olarkan?!

O‘zbek tiliga filologiya jurnalistika fakultetlarida e’tibor qilingan. Biroq bu yerda ham muammoli o‘rinlar bor. ToshDDning jurnalistika fakultetida «Hozirgi o‘zbek adabiy tili» ikki yil — 4 semestrda 234 soat o‘qitiladi. Bu o‘zbek filologiyasi fakultetlaridagiga nisbatan ikki barobar kam. Vaholanki, jurnalistlar til madaniyatini hammadan ko‘ra ko‘p tashviqot qiluvchilardir.

Dorilfununlarning filologiya fakultetlarida talabalarning mustaqil tayyorgarliklarini ta’minlash bahonasi bilan «Hozirgi o‘zbek adabiy tili» kurslaridan taxminan uchdan bir hisobida leksiyalar qisqartirildi. Ammo dorilfununlarning filologiya fakultetlari uchun «Hozirgi o‘zbek adabiy tili»ning fonetika, leksikologiya, morfologiya kurslaridan darslik va qo‘llanmalar mutlaqo yaratilmagan. Sintaksis bo‘yicha yagona darslik ham hozirgi davr talabiga javob berolmaydi. Shunday bo‘lgach, talabalar nimadan foydalanib, mustaqil tayyorgarlik ko‘rishadi?! Har qanday binoni qurishdan oldin poydevor qurish zarur emasmi?! Natijada shu fan bo‘yicha nazariy bilimlar berish uchun leksiya soati pedagogika institutlarinikidan ikki baravariga kamayib qolgan.

«Eski o‘zbek tili» kursi esa faqat o‘zbek tili filologiyasi fakultetlari dars planida bor. Yana tarix va arxitektura fakultetlari ham borki, ularga bu kurs filologlardan ko‘ra zarurroq. Chunki tarixchilar arxiv bilan ish ko‘rishadi. Arxiv materiallari esa asosan arab yozuvida. Vengriya, Chexoslovakiya, GFR, AQSh dorilfununlarining geografiya, biologiya, tarix kabi fanlar bo‘yicha mutaxassis bo‘lib yetishadigan studentlari (agar O‘rta Osiyo bilan bog‘liq ish ko‘radigan bo‘lsalar) bizda (ToshDD) besh-olti oy davomida o‘zbek tili va eski o‘zbek yozuvlarini o‘rganib qaytishadi. Bizdagi tiklovchi me’morlar esa yodgorliklar peshtoqidagi, qurilmalardagi eski yozuvlarga e’tibor bermaydilar va qayta tiklashda tushirib qoldiradilar. Ular eski yozuvni bilmaganliklari uchun uning mohiyatiga ham, tarixiy ahamiyatiga ham, estetik tomoniga ham tushunmaydilar. Ko‘rinadiki, tarixchilar va tiklovchi me’morlar eski o‘zbek tilidan tashqari xatti nasx, xatti nasta’liq, xatti shikasta, xatti kufiy, xatti boburiy kabi bir qator eski yozuvlarni ham o‘qiy bilishi va xattotlik qila olishi shart.

Eski o‘zbek tili va yozuvini fizika, matematika, kimyo, biologiya, mexanika, geologiya va minerologiya, geografiya, qurilish, tibbiyot, dorishunoslik, pazandalik, iqtisod, falsafa bilan bog‘liq fakultetlar o‘rganishi zarurligi ham ravshan bo‘lib qoldi.

Eski o‘zbek tili va yozuvini, shuningdek, xattotlikni o‘rgatish uchun mutaxassislar ham tayyorlash zaruriyati kelib chiqadi. Buning uchun ToshDPI alohida kafedra tashkil qilib, ishga kirishdi. Programmalar ishlab chiqildi. Unga FarDPI va BuxDPIlar ham qo‘shilishdi. Ammo bu institutlar shu soha bo‘yicha maktablarga o‘qituvchi tayyorlaydi. Oliy o‘quv yurtlariga shu sohaning ilmiy mutaxassislarini tayyorlash universitetlarning, asosan, ToshDDning vazifasidir. Ammo oliy dargohlar bu haqda hali o‘ylab ko‘rganicha yo‘q. Shu yo‘sinda «Davlat tili haqidagi qonun»ning 16-moddasi bajarilmayotir.

Rus tilida o‘qiydigan fakultet va kurs guruhlariga o‘zbek tilining qo‘yilishi ham ko‘ngildagidek bo‘lmayapti. Ayrim oliy o‘quv yurtlarida endi mo‘ljal qilinayotgan bo‘lsa, ayrimlarida qarordagi 240 soat o‘rniga 180 soat va undan kam belgilangan.

Ma’lum fakultetlarga o‘zbek tili, ma’lum fakultetlarga o‘zbek tili tarixi kursining kiritilishi faqat milliy g‘urur uchun emas, zotan, u shu fakultetlardagi asosiy fanlarning rivoji, tarixi, o‘zlashtirilishi uchun xizmat qiladi.

Filologiya fanlari nomzodi M. Mirtojiyev.

Ushbu maqola «Sovet O‘zbekistoni» gazetasining 1990 yil 29 noyabr 273 sonidan olindi.