Shu kunlarda Toshkent Yashnobod tumanidagi Maxtumquli ko‘chasida ikki kishi o‘limiga sababchi bo‘lgan BMW haydovchisi uning mashinasi qatnov qismlarini ajratuvchi bordyurdan qanday qilib qarama-qarshi tomonga o‘tib ketganini so‘zlab berdi.

«Yo‘lning uchinchi bo‘lagida ketayotgandim (Maxtumquli ko‘chasida bir tomonlama qatnov qismi to‘rtta bo‘lakdan iborat — tahr.). O‘rtada ketayotgan Gentra yo‘limga chiqdi. Men o‘rta bo‘lakka qochdim, u keyin yana joyiga qaytgisi kelib qoldi. Joyiga qaytayotganda meni siqib qo‘ydi, men tormoz bosdim, u yog‘ini bilmayman… Mashina suzub ketib qoldi, keyin tepaga chiqib ketib qoldi. O‘zimga kelganimda mashinani o‘chirdim», — dedi u Toshkent IIBB namoyish qilgan intervyuda.

U suhbat vaqtida aynan qanday tezlikda harakatlangani, xavfli «manyov»rlarni bajargani yoki yo‘qligi haqida og‘iz ochmagan. Internetda tarqalgan videoda esa BMW boshqa avtomobillarga qaraganda tezroq harakatlangani, dastlab o‘ng tomonga, keyin esa keskin chap tomonga rulni burib yuborganini, so‘nga qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketganini ko‘rish mumkin.

«Ayblanuvchi halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlaridan uzr so‘radi. «Men uydan shu odamga shunaqa qilaman deb chiqmaganman. Endi shu bilan yashashni ayting… Hammalaridan kechirishlarini so‘rayman», — dedi u.

BMW haydovchisiga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi «a» bandi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odamlar o‘limiga sabab bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Sevimli telekanali reportajidan lavha.

Ijtimoiy tarmoqlar va blogerlar orasida sodir bo‘lgan hodisaga izohlar orasida eng ko‘pi haydovchining juda tez harakatlangani yoki xavfli «manyovr»lar qilgani emas, balki mashina uchun «tramplin» vazifasini bajargan qatnov qismini ajratib turuvchi bordyurni noto‘g‘ri qurgan shahar hokimiyatini ayblashdan iborat bo‘lib qoldi.

Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati rahbari Nilufar Isaxonova Sevimli telekanaliga tergov oldi surishtiruv hamda tergov vaqtida avariyaga sabab bo‘lgan omillar o‘rganib chiqilishini ma’lum qildi.

«Agarda haqiqatdan yo‘l transport hodisasi sodir etilishiga aynan shu beton to‘siq sababchi, to‘siqning tuzilishi ham omil bo‘lgan bo‘lsa, tergovchi tomonidan tegishli idoralarga taqdimnoma kiritiladi. Shu kabi jinoyat sodir etilishiga sabab bo‘lgan omillar va sharoitlarni bartaraf etish yuzasidan kiritiladi. Taqdimnoma ko‘rib chiqilgach, tegishli tashkilotlar tomonidan xulosa qilinadi, ya’ni chora-tadbirlar amalga oshiriladi», — dedi u.

Avariya 9 oktabr kuni soat 20:30 larda Yashnobod tumani Maxtumquli ko‘chasida sodir bo‘lgani haqida yozgandik. Katta tezlikda harakatlangan BMW (davlat raqami — 10 M 666 PA) yo‘lni ajratuvchi to‘siqdan oshib o‘tib, qarama-qarshi yo‘ldan kelayotgan Nexia-3 ustiga qulab tushib, uni salonini tekislab qo‘ygandi. Oqibatda Nexia-3 haydovchisi va yo‘lovchisi vafot etdi. Bundan tashqari, BMW yana bir Nexia-3 va Lacetti mashinalariga ham zarar yetkazgan.