Hukumatning 7 oktabrdagi 582-sonli qarori bilan «Davlat organlari va tashkilotlarining jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ish olib boruvchi xodimlari malakasini oshirish tartibi to‘g‘risidagi» nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.

Qarorga ko‘ra, murojaatlar bilan ish olib boruvchi xodimlarning malakasini oshirish va o‘qitishning asosiy vazifalaridan biri, murojaatlar bilan ishlash sohasidagi vaziyatni tizimli nazorat qilish va monitoring olib borish ko‘nikmalarini o‘rgatish hisoblanadi.

Murojaatlar bilan ish olib boruvchi xodimlar malakasini oshirish har 3 yilda kamida bir marta amalga oshiriladi.

Xodimlar malakasini oshirish bilan bog‘liq xarajatlar ularni malaka oshirishga yuborgan tashkilotning hisobidan qoplanadi.

Malaka oshirish kursida o‘qitish vaqti 12 soatni tashkil etadi.

Malaka oshirish quyidagi shakllarda amalga oshirilishi mumkin:

  • ta’lim muassasasi va uning filiallarida o‘qitish;
  • xodimlarning ish joyida o‘qitish;
  • masofaviy ta’lim orqali o‘qitish.

Malaka oshirish kurslari o‘quv dasturiga muvofiq belgilangan mavzular (modullar) bo‘yicha sinov imtihonini topshirish bilan yakunlanadi.