Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi 71 sessiyasida poytaxtning Kichik halqa avtomobil yo‘li ichida joylashgan barcha ko‘chalarda transport vositalarining harakat tezligini soatiga 60 km/soatgacha cheklash to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Sessiyada so‘zga chiqqan Toshkent shahar IIBB YHXB boshlig‘i Rafiq Jalilov, dastlab, poytaxtda 9 oy davomida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisalari haqida axborot berdi. Ushbu davrda 756 YTH sodir bo‘lgan, unda 905 nafar odam jabrlangan, 98 nafari vafot etgan. YTHlarning 46,2 foizi tezlikka amal qilmaslik, 21 foizi piyodlarning ehtiyotsizligi bilan, 14 foizi chorrahalarda qoidalarga amal qilmaslik, 12,5 foizi svetaforga amal qilmaslik, 5 foizi mastlik oqibatida sodir etilgan.


Toshkent shahar IIBB YHXB boshlig‘i Rafiq Jalilov. Foto:Toshkent shahar hokimligi.

Deputatlar ayrim ko‘chalarda trasport vositalarining harakat tezligini soatiga 50 km/soatgacha cheklanishini ma’qulladi. Bular jumlasiga Alisher Navoiy, Mahtumquli, Amir Temur, Kichik halqa avtomobil yo‘li, Islom Karimov, Taras Shevchenko, Bobur va Furqat ko‘chalarining bir qismi va Amir Temur xiyoboni aylanma yo‘li kiradi.


Ushbu chora o‘z samarasini bersa, kelajakda shahardagi barcha ko‘chalarda tezlik pasaytirilishi ma’lum qilindi.

Bundan avvalgi sessiyada bir qator deputatlar tezlikni pasaytirishga qarshi chiqqandi. Xususan, Deputat Muratxon Jo‘rayev 70 km/soat — shusiz ham past tezlik ekanini ta’kidlagandi.

«Avariyalarda 70 km/soat tezlik bo‘lmaydi. 70 km/soat — shusiz ham past tezlik. Bu avariyalar 100 km/soat, 150 km/soat tezlikda, yo‘l harakati qoidalarini buzgan holda sodir bo‘ladi. Hayot shiddat bilan rivojlanmoqda, biz esa tezlikni sekinlashtirmoqchimiz. Hozir mashinalarning sifati avvalgidek emas. «Jiguli», «Volga» va «Moskvich»lar zamoni o‘tdi. Hozirgi mashinalar zamonaviy va innovatsion [mexanizmlarga] ega», — degandi u.

Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktori o‘rinbosari Azamat Ziyo yomg‘ir paytida barcha harakat ishtirokchilari tezlikni pasaytirishi hamda tirbandlik yuzaga kelishini ta’kidladi. Shu bilan birga, Navoiy ko‘chasining rekonstruksiya qilinishi transport o‘tkazuvchanligini oshirishga xizmat qildi, deya e’tirof etgandi u.

«Demak, gap faqat tezlikni kamaytirish haqida emas. Eski shaharni olaylik… Menimcha, bu yerda piyodalarning ham hissasi katta. Tezlikni soatiga 60 km ga kamaytirish qanchalik yordam berishini bilmayman», — degandi u.

Deputatlardan biri kattalar 60 km/soat tezlik chegarasini saqlab qolishi mumkinligini aytdi, ammo «yoshlar katta tezlikda haydaydi, ularni 60 km/soat tezlik bilan tuzatib bo‘lmaydi».

«Ular shashka o‘ynashadi, bir qatordan ikkinchisiga sakrashadi. Hammamizning mashinalarimiz bor, biz buni ko‘rib turibmiz… Tezlikni 60 km/soatga kamaytirish bilan hech narsa o‘zgarmaydi», — degandi.

Deputat, «Xalqaro haydovchilik guvohnomalari departamenti» MCHJ o‘rinbosari, «Xalqaro haydovchilik guvohnomalari» bo‘limi boshlig‘i Lobar Qobuljonova ko‘plab ko‘chalarda piyodalar o‘tish joyi belgilari yo‘q yoki o‘chib ketgani, shu sababli haydovchilar to‘xtashga ulgurmay, piyodalarni urib yuborishi mumkinligini ta’kidladi. U YPX inspektorlari svetoforning qizil chirog‘ida yo‘lni kesib o‘tgan piyodalarga nisbatan chora ko‘rganini ko‘rmaganini qo‘shimcha qilgandi.

«Menimcha, birinchi navbatda agitatsiya bo‘lishi kerak. Ikkinchidan, yo‘l belgilarini tartibga solish», — degandi u.

Toshkent moliya instituti rektori, deputat To‘lqin Teshaboyev hamkasbining piyodalar belgilari va o‘tish joylari haqidagi fikrini qo‘llab-quvvatladi. U tezlikni 60 km/soatga kamaytirishga qarshi emas, lekin bu muammoni hal qilishiga ham ishonchi komil emasligini aytgan.

Nima uchun tezlikni pasaytirish muhim?

2021 yilda O‘zbekistonda rasman qayd etilgan yo‘l-transport hodisalari soni 10 001 tani tashkil etdi, bu 2020 yildagi 6882 taga nisbatan 43,24 foizga ko‘p. 2426 kishi (shundan 263 nafari bolalar) yoki o‘tgan yildagi 1962 taga nisbatan 23,65 foizga ko‘p kishi YTH qurboni bo‘lgan. 9230 kishi tan jarohati oldi. Bu o‘tgan yilgi 6591 talik ko‘rsatkichga nisbatan 40 foizga ko‘p. Yo‘l-transport hodisalarining asosiy sabablari tezlikni oshirish va harakatni noto‘g‘ri tashkil etishdir. Piyodalar o‘tish joylarida odamlarni urib ketish ko‘rsatkichi belgilanmagan joylardagi raqamlar bilan bir xil.

Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, tezlikning har 1 km/soatga oshishi halokatli baxtsiz hodisalarning 4−5 foizga oshishiga olib keladi. Avtotransport tezligi qanchalik past bo‘lsa, ular bilan to‘qnashuvda piyodalarning shikastlanishi va o‘limi xavfi shunchalik past bo‘ladi.

30 km/soat tezlikda avtomobil urib ketgan piyodaning omon qolish ehtimoli 99 foizni tashkil qiladi, lekin tezlik 50 km/soat bo‘lsa, omon qolish darajasi 80 foizga tushadi.

Mart oyida Toshkent hokimligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Transport vazirligi huzuridagi Loyiha boshqarmasi boshlig‘i Murod Obidov shahar uchun 50 km/soat tezlik eng optimal ekanini ta’kidlab, «bu ilmiy jihatdan tasdiqlangan haqiqatdir», — degan edi.

Ta’lim muassasalari yaqinida va turar-joylarda 30 km/soat va undan past tezlik chegarasi ko‘pchilik rivojlangan mamlakatlarda standart me’yor hisoblanadi. Biroq bu yagona shart emas. Ko‘chalarni harakatni sokinlashtiruvchi komponentlar (ko‘tarilgan piyodalar o‘tish joylari, majburiy xavfsizlik orollari, qatnov qismining torayishi va egilishi, chorrahalardagi aylanmalar va boshqalar), tezlikni cheklash mexanizmlari va boshqalarni qo‘shib qayta qurish zarur.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining qayd etishicha, bolalar juda zaif yo‘l foydalanuvchilari hisoblanadi, chunki ular jismoniy, aqliy va ijtimoiy rivojlanish bilan bog‘liq cheklovlarga ega. Bo‘yining pastligi bolalarning atrofdagi tirbandlikni ko‘rishini, shuningdek haydovchilar va boshqalarning ularni ko‘rishini qiyinlashtiradi. YTHlar sodir bo‘lgan taqdirda, bolalar bosh suyagining yumshoqligi ularning og‘ir bosh jarohatlari olish ehtimolini yanada oshiradi.