Poytaxtlik deputatlar dushanba kuni shaharning Kichik halqa yo‘lidagi transport vositalari harakatlanish tezligini 60 km/soat, qolaversa, 10 ta markaziy ko‘chada tezlikni 50 km/soatgacha pasaytirish to‘g‘risidagi qarorni qabul qildi. Mazkur holatga munosabat bildirar ekan siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov tanganing ikkinchi tomoniga ham e’tibor qaratdi.

«Bu qarordan ba’zilar norozi bo‘lishi mumkin. Lekin, butun dunyoda, aholi punktlarida (shaharlar, qishloqlar va har qanday aholi yashaydigan punktlarda), transport harakatlanish tezligi — 50 km. soat. Bu — to‘g‘ri qaror. Lekin! O‘zbekiston ko‘chlarida, tezlik va boshqa qoidalarni eslatuvchi belgilar, mutlaq yetishmaydi. Dunyo davlatlarida, tezlik cheklovlarini eslatib turish uchun, juda ko‘p belgilar qo‘yiladi. Har qadamda belgilar bor», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, belgilar juda ko‘rinarli yerlarga, bir xil balandlikda qo‘yilishi lozim.

«Shaharlararo trassalarda aholi punktlari ko‘p. Bu — katta muammo. Katta trassalardagi qatnov tezligi, davlatning iqtisodiy dinamikasiga, turizm potensialiga, ijtimoiy kayfiyatga ham ta’sir qiladi. Eng rivojlangan davlatlarda, katta trassalardagi tezlik katta, va xavfsizlik — yuqori darajada ta’minlangan», — dedi u.

U misol tariqasida Germaniyada — tezlik cheklovi yo‘qligi, Fransiyada — 130 km, AQShda esa 120−130 km tavsiya qilinganini keltirdi.

«O‘zbekistonda esa, misol uchun, Toshkentdan Nukus yoki Xivaga borish uchun, yuzlab aholi punktlaridan 70 km/soatda o‘tishingiz kerak. Shuning uchun, odamlar qoidalarga bo‘ysunishni emas, ularni aldab o‘tishni o‘ylashadi. Hamma antiradar o‘rnatib olgan. Radar yo‘qligini bilishsa, aholi punktida ham 90−100 da yurarkan. Radarlarning ham vazifasi — qoidaga bo‘ysundirish emas, ko‘proq mablag‘ yig‘ishdek ko‘rinadi», — degan fikrda Kamoliddin Rabbimov.

«Chunki, ratsional davlatlarda, agar biron nuqtada odamlar ko‘p qoida buzayotgani aniqlansa, shu yerda yangi chora-tadbirlar qo‘llaniladi va qoida-buzarlikning oldi olinadi», — deya tushuntirdi u.

Lekin, O‘zbekistonda esa, qoida buzilib turadigan «nuqtalarda» yillar davomida hech narsa o‘zgarmaydi, faqat bu nuqtada turuvchi YPX xodimlari almashib, navbatda turishadi xolos.