Shavkat Mirziyoyevning joriy haftadagi ish jadvalidan ham ichki, ham tashqi siyosiy masalalarda qator tadbir, uchrashuv va tashriflar o‘rin olgan. Bu haqda dushanba kuni prezidentning matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

11 oktabr kuni Shavkat Mirziyoyev tashrif bilan Toshkentga kelgan Tatarston Respublikasi rahbari Rustam Minnixanovni qabul qiladi. Unda hududlararo hamkorlikni yangi mazmun va aniq loyihalar bilan yanada rivojlantirish hamda amalga oshirilayotgan hamkorlikdagi qo‘shma dasturlarni yanada jadallashtirish masalalarining muhokamasi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, 12−14 oktabr kunlari prezident Osiyoda hamkorlik va o‘zaro ishonch choralari bo‘yicha kengash yig‘ilishi, MDH rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi hamda “Markaziy Osiyo — Rossiya” sammitida ishtirok etish uchun Qozog‘istonga tashrif buyuradi.

Tashrif kun tartibida xorijiy davlatlar, shu jumladan, Vetnam Sotsialistik Respublikasi vitse-prezidenti Vo Txi An Suan, Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif va bir qator xalqaro tashkilotlar rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazish ham ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari hafta davomida prezidentning mamlakatimiz iqtisodiy va ijtimoiy rivojiga bag‘ishlanagan qator muhokamalarni o‘tkazishlari rejalashtirilgan.