G‘afur G‘ulom bog‘i boshqaruvini qo‘lga kiritgan BMP Smart Decision Management vakili bog‘ 2022 yilning yoz oylarida ochlishini ma’lum qilgandi. 25 iyulda Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi a’zolari bog‘da amalga oshirilgan ishlarni ko‘zdan kechirib, u 1 sentabrda foydalanishga topshirilishini e’lon qilishdi.

Biroq okbyar oyining 10 sanasi kelgan bo‘lsada, bog‘ hanuz ishga tushgani yo‘q. Kompaniya vakillari hozir ochilishga tayyorgarlik ko‘rilayotgani, lekin aniq sanasi noma’lumligini qayd etishdi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, bog‘ni foydalanishga topshirish uchun yil oxirigacha muddat bor. “Gazeta.uz” muxbirlari Mirolim Isajonov va Madina A’zam ayni vaqtdagi G‘afur G‘ulom bog‘idan fotoreportaj tayyorladi.


Park nega 1 sentabrdan ishga tushmadi?

Uch yildan beri rekonstruksiyadan chiqmayotgan va turli muhokamalarga sabab bo‘layotgan G‘afur G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ini 49 yilga ijaraga olgan BMP Smart Decision Management qo‘shma kompaniya rahbari Otabek Mirzajonov bilan qisqa suhbat uyushtirildi.

“Men hozir bog‘ hududida emasman. Xorijdan kelayotgan yuklarimizni qabul qilib olish uchun bojxonaga ketyapman, [bog‘] ochilishiga tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Lekin aniq qaysi sanada ochilishini aytolmayman. oktabr oyida ochish rejamizda bor”, — dedi u.

“O‘zimiz ham shoshilmasdan chiroyli qilib ishga tushirmoqchimiz. 1 sentabr, 1 oktabr, 1 noyabr, deb shoshilganimiz bilan ish bo‘lmayapti. Dunyodagi [geosiyosiy] vaziyat tufayli chegaralarda muammolar kuzatilmoqda va buyurtma qilingan narsalarning chet eldan kelishi ham, bog‘ning ochilishi ham kechikmoqda”, — dedi Otabek Mirzajonov.


Shundan so‘ng, kompaniya rahbarining o‘rinbosari Zafar Mirzaulug‘ov bog‘ hududidagi ta’mirlash ishlarini ko‘rsatdi.

Uning ta’kidlashicha, bog‘ni mazkur kompaniyaga ijaraga berish bo‘yicha Toshkent shahar hokimining qarori 2019 yil 15 avgustda chiqqan bo‘lsa-da, ammo park hududini BMP Smart Decision Management 2020 yil 1 iyunda qabul qilib olgan.

“Chunki o‘sha paytda bu yerda 70−80 nafardan ortiq tadbirkorlar faoliyat yuritgan, ko‘plab do‘konlar bo‘lgan. Biz ularning har biriga tushuntirishimiz uchun ancha vaqt ketgan. Orada karantin bo‘ldi. Shu sababli bog‘ hududida ta’mirlash ishlarini boshlash ozgina cho‘zildi. Lekin Toshkent shahar hokimining investitsiya majburiyatiga ko‘ra, bog‘ni 2022 yilning dekabr oyi oxirigacha topshirish belgilangan”, — dedi u.

Zafar Mirzaulug‘ov.

Kompaniya vakili bog‘ faoliyati sentabrdan boshlanmaganiga Ukraina va Rossiyadan texnikalar kelishi kechikkanini sabab qilib keltirdi.

“Parkni 1 sentabrdan ishga tushirishni rejalashtirgandik. Ammo karantin paytida to‘rt, beshta davlatga texnikalar buyurtma qilganimiz uchun ularning ayrimlarini Toshkentga yetib kelishi kechikmoqda. Hozirgi kunda Ukraina va Rossiyadan bir qancha texnikalarning kelishini kutyapmiz. Bog‘ning 90 foiz qismi tayyor. O‘zimiz ham kutmagan har xil muammolar kelib chiqayotgani uchun aniq bir sanani ayta olmaymiz. Lekin sinov tariqasida oktabr oyida ochilishi rejalashtirilgan. To‘laqonli ochilish esa dekbar yakunigacha. Unga qadar aholidan kelib tushgan turli e’tiroz va fikrlarga asosan, kamchiliklarni bartaraf etib boramiz”, — dedi Zafar Mirzaulug‘ov.

Hozirga qadar bog‘ uchun 9,5 mln dollar sarflandi

Uning ta’kidlashicha, bog‘ hududi 14 gektardan iborat bo‘lib, 200 ta videokamera o‘rnatish ishlari olib borilmoqda.

Qolaversa, ekotizimga katta ahamiyat qaratilgan bo‘lib, 2 mingdan ziyod turli manazarali daraxtlar ekildi. 127 ming dollarlik har xil gullar xarid qilinib, o‘tqazilyapti. Ularning aksariyati chet eldan olib kelinmoqda.

“Ushbu bog‘da 11 yoshimdan beri ishlayman. 2016 yildan buyon rahbar o‘rinbosariman. Avval kanalizatsiya tizimi deyarli bo‘lmagan. Ikki tarafdagi kanalizatsiya ko‘chaga chiqib ketadigan edi. Hozir esa kanalizatsiya to‘liq mavjud. Sanitariya qoidalariga javob berdigan bog‘ga aylanyapti. Aholi kelib, maza qilib dam oladigan park bo‘lyapti. Oldingi holat bilan bugungini taqqoslaydigan bo‘lsak, hozir butunlay ochilib ketgan, avval har qadamda bino bor edi. Hozir ikki yuz metr narini ham bemalol ko‘rish mumkin”, — dedi Zafar Mirzaulug‘ov.

BMP vakilining qo‘shimcha qilishicha, investitsiya majburiyatida bog‘ hududida rekonstruksiya ishlarini bajarish, bino inshootlarini qurish va xorijdan olib kelingan attraksionlar hamda o‘yin qurilmalarini o‘rnatish ishlariga 72 milliard so‘m etib belgilangan. Ammo hozirgi kunga kelib kompaniya 9,5 million dollar mablag‘ sarfladi.

“Suv havzasi ikkita bo‘lib, jami 5 gektarni tashkil etadi. 18 ta qayiq olib kelingan. Havzaga suv quyilib, to‘ldirilganidan so‘ng qayiqlardan ham foydalanish boshlanadi”, — dedi u.

Zafar Mirzaulug‘ov parkka 215 nafar xodimlar ishga olinishi, ayni paytda suhbat va o‘qitish jarayonlari ketayotganini qayd etdi.

Avvalroq, Toshkent hokimi Jahonshir Ortiqxo‘jayev investitsiya majburiyatlarini bajarmagani uchun tanqid qilgandi.