Humo Arena`da o‘tayotgan dzyudo bo‘yicha Jahon chempionatining finalni tomosha qilishga prezident Shavkat Mirziyoyev bordi. -90 kg vazn toifasida bellashgan O‘zbekiston vakili Davlat Bobonovning italiyalik Kristian Parlati ustidan g‘alaba qozonib, jahon chempioniga aylandi. Unga oltin medalni prezidentning shaxsan o‘zi taqib qo‘ydi. «Gazeta.uz» final uchrashuvidan reportaj tayyorladi.

Bellashuv davomida raqiblar ball qo‘lga kiritmadi. Italiyalik dzyudochining xatolari sabab unga 3 ta ogohlantirish berildi.

Dzyudo qoidasiga ko‘ra, 3 ta shido olgan sportchi mag‘lub bo‘lgan hisoblanadi. Shu tariqa O‘zbekistonda o‘tayotgan jahon chempionatining beshinchi kunida birinchi bor o‘zbekiston sportchi medalni qo‘lga kiritdi.

Bellashuvdan so‘ng Davlat Bobonov jurnalistlarga intervyu berdi.

«Men yarim finalda yutganimda bosh vazir Abdulla Aripov kelib shaxsan prezidentning o‘zi final bahsini kuzatishini aytdi. Bu sportchi uchun juda ham katta motivatsiya. Finalga shu gapni eshitib chiqdim. Prezident tomosha qilib o‘tirganidan keyin yutqazishga haqqim yo‘q edi. Umuman olganda jahon chempionatida ikkinchi marta kurashishim. O‘tgan yili Vengriyada o‘tgan chempionatda finalda yutqazgandim. Joriy yilda shu 100 foiz bosim bo‘lib turgan bo‘lsa, bu [prezidentning kuzatishi] yana ham bosim bo‘ldi. Allohga shukur, uddaladik», — dedi u.

Shuningdek, jahon chempioni musobaqa davomida finalgacha kurashgan eng kuchli raqibidan revansh olgani haqida gapirib o‘tdi:

«Finalgacha kurashgan raqiblarim orasida eng kuchlisi bu Tokio olimpiadasida omadni boy berib qo‘ygan raqibim gruziyalik Bekauri bo‘ldi. Uni yarim finalda yengdim. U bilan hisobimiz biru bir edi. Mana bugun shu olimpiadaning revanshi olindi. Hamma bilan kurash bir xil kechdi. Unga [Bekauriga] nisbatan sal ko‘proq ter to‘kkan bo‘lishim mumkin. Chunki, alamim bor edi. Sababi, Hansukiga olimpiadada yutqizgan edim. U meni yiqitmagan bo‘lsa ham. Ichimda alamim va agressiya bor edi. Hozir esa hech nimani his qilmayapman (kuladi)».