8 oktabr kuni ertalab Qrim ko‘prigining avtomobil qismida yuk mashinasi portlab ketishi natijasida ikki qatorli bo‘lagi qulab tushdi. Portlash, shuningdek, o‘sha paytda Qrim yarim oroli yo‘nalishida harakatlanayotgan poyezdning yettita yonilg‘i bakining alangalanishiga ham olib keldi, deb xabar qilmoqda «RIA Novosti» Rossiya milliy aksilterror qo‘mitasiga tayanib.

Qayd etilishicha, qurbonlar yo‘q. Ko‘prikda harakat to‘xtatildi, Kerch bo‘g‘ozida kemalar qatnovi davom etmoqda.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin favqulodda hodisa sabablarini aniqlash va oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha hukumat komissiyasini tuzishni buyurdi. Voqea joyiga Rossiya Federatsiyasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Transport vazirligi rahbarlari jo‘nab ketishdi.

Qrim ko‘prigining uzunligi 19 km. Uning qurilishi 2014 yilda Rossiya Qrimni anneksiya qilganidan keyin boshlangan. Ko‘prikning avtomobil qismi 2018 yilning may oyida foydalanishga topshirilgan. Temir yo‘l uchastkasi bo‘ylab esa 2019 yil dekabr oyida birinchi poyezdlar harakatlanishni boshladi.