Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi 5,4 gektar maydonda joylashgan «Sijjak» dam olish maskanini yana sotuvga qo‘ydi.

Davlat aktivlari bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotilganda dastlabki to‘lov summasi 35 foizdan kam bo‘lgan holatlarda, qolgan summaga Markaziy bankning asosiy stavkasi miqdorida yillik foizlar hisoblanadi.

VMning 1 avgustdagi [420-son] qaroriga asosan bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotilgan davlat aktivlari bo‘yicha kamida 35 foiz miqdoridagi dastlabki to‘lovni bir yo‘la amalga oshirgan xaridorlarga mazkur davlat aktivlarini kredit ta’minoti sifatida garovga qo‘yish huquqi beriladi.

Lotning boshlang‘ich narxi 71 mlrd so‘mni tashkil etadi. Aktiv yagona mulkiy majmua sifatida sotilishi ko‘zda tutilgan.

Dam olish maskani o‘zida mehmonxona, bir qancha basseynlar, amfiteatr, kottej va boshqa binolarni mujassam etgan.

Savdoning birinchi bosqichida ishtirok etish uchun talabgorlar arizasi 17 noyabr kuni soat 09:00 ga qadar o‘zbek yoki rus yoxud ingliz tillarida qabul qilinadi.

2021 yilning aprelida ushbu obyekt bir necha marta sotuvga qo‘yilgandi. O‘shanda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi maskanning suratlarini ham e’lon qilgandi.

Avvalroq, dam olish maskani O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning qizi Gulnora Karimovaga tegishli bo‘lgan. 2017 yilning 10 fevralida oromgoh Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudi ajrimi bilan musodara etilgandi.

Keyinchalik ushbu qarorgoh ichidagi barcha jihozlari bilan Triatlon federatsiyasiga vaqtincha tekin foydalanishga berildi. Keyinroq maskanni ommaviy savdolar orqali shaffoflik prinsipi asosida sotuvga qo‘yishga qaror qilindi.