2022 yilgi tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti Rossiyaning «Memorial» va Ukrainaning «Sentr grajdanskix svobod» kabi huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlariga, shuningdek, belaruslik huquq himoyachisi Ales Belyatskiyga topshirildi, deya xabar berdi qo‘mita o‘zining rasmiy saytida.

«Tinchlik laureatlari o‘z mamlakatlaridagi fuqarolik jamiyatini ifoda etadi. Ular ko‘p yillar davomida hokimiyatni tanqid qilish va fuqarolarning asosiy huquqlarini himoya qilish bilan shug‘ullanib kelgan. Ular urush jinoyatlari, inson huquqlarining buzilishi va hokimiyatni suiiste’mol qilish holatlarini hujjatlashtirish bo‘yicha ulkan sa’y-harakatlarni amalga oshirdi. Ular birgalikda tinchlik va demokratiya uchun fuqarolik jamiyatining qanchalik muhimligini namoyish etadi», — deyiladi qo‘mita xabarida.

Ma’lumot uchun, 2021 yilgi tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti jurnalistlar Mariya Ressa (Filippin) va Dmitriy Muratovga (Rossiya) topshirilgandi.

Nobel qo‘mitasining ta’kidlashicha, mukofot ularning «demokratiya va davomiy tinchlikning asosiy sharti bo‘lgan so‘z erkinligini himoya qilishdagi sa’y-harakatlari uchun» berilgan.